Bola yuzidan uning ota-onasi urishgani, janjallashgani va o’rtalarida kelishmovchilik bo’lganini osongina aniqlash mumkin, bunda uning yuz ifodasi tushkun va xavotirli bo’ladi. Siz e’tiroz bildirib: “Bu arzimas narsa va yangi tug’ilgan chaqaloq ota-ona o’rtasida bo’layotgan o’zaro munosabatlarning nozik tomonlarni anglay olmaydi”, – deb o’ylarsiz. Bola shunday sezgir aqlga egaki, u har bir tashqi o’zgarishdan ta’sirlanadi.
O’zingiz o’ylab ko’ring, har kuni ota-onasining xunuk janjalini kuzatuvchi bolaga nima bo’ladi? Albatta, u kelishmovchiliklar sababini tushunmaydi, ammo jahl va haqoratlar uning hissiyotlarida, ehtimol, butun vujudida aks etadi. Ajablanarli joyi yo’qki, kelishmovchiliklar qurshovida o’sgan bolaning yuzi g’amgin va ma’yus bo’ladi.
Ko’zlar yoki burun farzandingizga nasldan o’tadi, uning yuz ifodasi esa oiladagi munosabatlar ko’zgusidir. Begonasirash va sovuqchilik sharoitida ulg’aygan bola qalbida bog’cha yoki maktabga borguniga qadar baxtsizlik va zaiflik nihollari una boshlaydi.
O’smirlar tomonidan sodir etilgan ko’pgina tartibbuzarliklar ularning go’daklik davrlarini baxtsiz oilalarda o’tkazganligini ko’rsatadi.
Shifokor Shinichi Suzuki aytgan ediki: “Uyga kelganingizda farzandlaringizni oldingizga olib, yuzlariga sinchiklab qarang. Shunda siz o’z oilaviy munosabatlaringiz tarixini o’qib olasiz”. Men bu so’zlarni hech qachon unutmayman.
Bolaning erta rivojlanishi uchun biror narsa qilish shart emas. Boshlanishi uchun, avvalo, er va xotin orasida o’zaro mehrli munosabat va uyda yoqimli ruhiy muhit yaratish zarur.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti
Portalda eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.