Agar katta odam ayni bir hikoyani bir necha marotaba tinglashga majburlansa, unga bu juda zerikarli tuyuladi. Men o’zim sabrsiz odamman va bir narsani ikki marotaba tinglashga toqat qila olmayman. Ammo yoshligimda ota-onamdan ertaklarni ko’p marta takrorlab o’qishlarini so’rardim va tinglashdan hech charchamas edim. Takrorlash bola miyasida shakllanadigan aloqalar uchun juda muhim. Uning tavsiya qilinishiga sabab shundaki, u bolani zeriktirmaydi, chunki go’daklikda u zerikishni bilmaydi. Bu davr bola miyasida to’g’ri shakllar hosil bolishini, kelajakda uning aqliy va ma’naviy hayotini belgilaydigan eng yaxshi fursatdir. Uch oylik bolaga murakkab musiqa asari bir necha marotaba takroran qo’yib berilsa, eslab qolishi mumkin. Bolaning ma’lumotni qabul qilish qobiliyati g’oyatda ulkandir.
Bu davrdagi takrorlash yana bir muhim vazifaga ega. Ertak va qo’shiqlarni ko’p takrorlash orqali bola uni yod olib, biror-bir hikoya yoki qo’shiqni yanada kuchliroq yoqtira boshlaydi va u haqda o’zining cheksiz savollarini berishda davom etadi. U yoqtirgan ertagini yodlab oladi va uning asosida dunyo haqidagi qiziqishini ma’lum vaqtga qadar qondiradi. Qiziquvchanlik inson taraqqiyoti uchun juda muhim orzu-istaklarni uyg’otadi. Biror narsa qilish istagi oppoq qog’oz holatida paydo bo’lmaydi. Qiziqish xohish-istaklarni uyg’otadi, keyin istakning o’zi insonni yuksaltiradi. Ertaklarni takroran eshitib tarbiyalangan go’dak bir-ikki yoshidan ulg’ayguniga qadar rasmlarga qiziqish namoyon qiladi, keyin esa harflarni taniydi va oxiri o’qishni o’rganishni istaydi.
Men o’z farzandini ko’p ishlagani tufayli bir yil-u ikki oyga internatga topshirgan ota-onani bilar edim. Bola uyiga qaytib kelganida rivojlanish darajasi ancha orqada edi. Ammo to’rt yoki besh yoshlarida unda birdan musiqaga, ayniqsa, skripka va pianino mashg’ulotlariga qiziqish uyg’ondi.
Ota-onasi taajjubda qolib, birdan uyg’ongan qiziqish qanday paydo bo’lganini tushunmadilar. Internatda bola yetarli darajada intellektual rag’batlanitirish olmaganligi, ammo uxlashdan avval bolalarga Motsart va Shubertning kuylari plastinkada qo’yib berilishidan xabardor edilar. Bir tomondan, yetarli darajada intellektual rag’batlantirish bo’lmaganligi, boshqa tarafdan, bir xil musiqa kuylari takrorlanishi uning aqliy qobiliyatini sekinlashtirdi, ammo musiqaga sezuvchanlikni oshirdi. Bu hikoya ibratli bo’lib, go’daklikda bola rivojlanishi uchun turli ta’sirlar haqida jiddiy fikrlarni uyg’otadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti
Portalda eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.