Skripka chalish yetakchilik fe’l-atvorini rivojlantiradi Erta ta’limning antiqa dalillaridan biri sanalgan skripka ta’limi, oldingi bandda aytib o’tganimdek, diqqatni jamlovchi kuchni rivojlantirish bilan birga yana bir ajoyib, foydali jihatni namoyon etadi. Bu ko’p odamlarni yig’a oladigan kuch, ya’ni yetakchilik qiladigan insonni tarbiyalashidir.
“Boshqa insonlarni boshqarish qobiliyati faqatgina katta odamlarga xos va bu sifat kattaroq yoshda tarbiyalanadi” degan tushuncha mavjud. Aslida, yetakchilik xususiyatlari ko’pchilik o’ylaganidan ertaroq rivojlana boshlaydi. Наr bir bolalar guruhida kimdir, albatta, yetakchi rolini o’ynay boshlaydi.
Doktor Yamashita o’zining “Bola psixologiyasi” kitobida ta’kidlashicha, yetakchilik qobiliyatiga ega bola, uning atrofida boshqa ko’pgina bolalar bo’lsa ham, doimo o’z fikrlari va qilayotgan ishlarini aniq maqsadga yo’naltirgan bo’ladi. O’yin yoki boshqa mashg’ulotlarida u doim biror yangi narsa ixtiro qilishga intiladi va o’z fikrlarini tatbiq etish uchun birinchi bo’lib harakat qiladi.
Bu sifatlar skripka (yoki boshqa cholg’u asbobi) mashg’ulotlarida ham shakllanadi. Hech qanday ajablanarli tomoni yo’qki, doktor Suzukining o’quvchilari rangi siniqqan daholar emas, balki yetakchilik qobiliyatiga moyil quvnoq va shijoatli bolalardir. Bu bolalar o’z vaqti-soati bilan har bir jamiyatga zarur yo’lboshchilar bo’lib ulg’ayadilar.
Bunga yaqqol misol doktor Suzukining sevimli o’quvchisi bo’lgan Toyota Koji janoblaridir. Toyota janoblari dunyodagi eng mashhur orkestrlardan biri bo’lgan Berlin radioeshittirish orkestrining konsertmeysteri bo’lgan. Konsertmeyster barcha orkestr a’zolarining vakili bo’lib, a’lo darajadagi yetakchilikni talab qiladigan lavozimdir.
Janob Toyotodan tashqari doktor Suzukining skripka chalish darsidan dunyoning eng mashhur orkestrlari yetakchilari yetishib chiqqan. Ularning barchasi o’ttiz yoshlardagi o’spirinlar bo’lib, tili ham, odatlari ham, ruhiyati ham bir-biridan farq qiluvchi Germaniya, Amerika kabi davlatlarning musiqachilariga qo’shilganlar. Shunday qilib doktor Suzukining ko’plab talabalari dunyoning eng mashxur orkestrlari safida peshqadamlik qilganlar.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti
Portalda eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.