Ikki va uch yoshli bolalarni ko’pincha ularning ixtiyoriga qarshi har kuni doktor Suzukining skripka darslariga qo’llaridan ushlab olib kelishadi. Ular qiziqish bilan atrofga qaraydilar, sakraydilar, yo’lakda о’ynaydilar, ammo skripka chalishga umuman qiziqmaydilar. Agar ota-onalar ularni musiqa o’rganishga majbur qilsalar, butun harakatlari bola yig’lashi va asabiylashishi bilan tugaydi. Bolalar skripkadan nafratlana boshlaydilar. Ularning keskin munosabati bolaning uch yoshlarida uyg’onadigan o’zlikni anglash va shaxsiy “men”i bilan bog’liq bo’lib, bunday hissiyotlar hech qanday zo’ravonlikka toqat qilmaydi.
Shuning uchun boshida doktor Suzuki bolalarga istagan ishlarini qilish imkoniyatini yaratadi, biroq skripkaga yaqin yo’latmaydi. Tez orada kichik o’quvchi tinchlanadi va zavq bilan boshqa bolalar o’ynashini tomosha qiladi. Ikki-uch oy davomida bola uning do’sti o’ynayotgan butun pyesani eslab qoladi va unda ham harakat qilib ko’rish istagi paydo boladi. O’qituvchi esa bolaning ishtiyoqi avjiga chiqishini kutadi, shundan keyingina unga birinchi darsni o’tadi. Hamma bolalarda tayyorlanish davri turlicha bo’ladi. Eng uzog’i olti oydir.
Doktor Suzuki usulining asosiy qoidasi qiziqish uyg’otishdir, bu esa eng yaxshi undashdir. Uning fikricha, majburlash – o’qitishning eng yomon yo’li. Agar bolada skripkaga qiziqish uyg’onsa, u qisqa vaqt ichida katta natijalarga, ba’zida o’qituvchining kutganidan ham ortiq yutuqlarga erishadi. “Yaxshi ko’rsagina ishining ustasi boladi. O’rganilayotgan fanga bolada qiziqish uyg’otish – bu eng yaxshi pedagogik usuldir. Shuning uchun ota-onalarning asosiy vazifasi bolaga o’rgatishni istagan narsaga uni qiziqtirishdir. Masalan, bolaga hisoblashni o’rgatishning o’rniga uni raqamlarga, qiziqtirish yaxshiroq. Unga yozishni o’rgatishdan ko’ra yozuv jarayoniga qiziqtiring. Boshqacha qilib aytganda, ota-onaning vazifasi bolani o’qishga tayyorlashdir.
Bunday qiziqishni uyg’otish uchun zarur shart-sharoitlarni ham yaratmoq kerak. Masalan, bolada chizishga istakni hosil qilmoq uchun uning atrofida yetarlicha qalam va qog’ozlar bo’lishi kerak. Bolaga zarur sharoitlar yaratmay biror narsaga nisbatan xohish paydo qilish kuchukka ovqat bermasdan uni o’tirishga o’rgatishdek gap. Ota-onalardagi musiqa yoki rassomlikka beparvolik sababi yoshliklarida majburlash yoki qiziqtirish uyg’otish uchun zarur sharoitning yaratilmaganidadir.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti
Portalda eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.