Butunlay tashqi tovushdan ihota (izolyatsiya) qilingan oppoq shift va devorlari bo’lgan bo’m-bo’sh xonani tasavvur qiling. Ba’zi onalar o’ylaydiki, bu yangi tug’ilgan chaqaloq uchun mukammal shart-sharoitdir. Haqiqatda esa hech qanday jihozlarsiz bu xona unga nafaqat befoyda, balki zararli hamdir.
Amerikalik professor Brunerning tadqiqotlari natijalariga ko’ra, yosh bola joylashgan muhitning, ya’ni tashqi ta’sirning darajasi uning ongi rivojlanishida sezilarli ahamiyat kasb etadi. U o’z tadqiqotlarini quyidagi dalillar bilan isbotladi. Avval yangi tug’ilgan chaqaloqlarni ikki guruhga ajratdi, birinchi guruhni biror jihoz bo’lmagan xonaga, ikkinchi guruhni rang-barang gulqog’ozli, rangli shift, xilma-xil ko’rpalari bor, oynadan shifokor va hamshiralar ishlayotgani ko’rinib turadigan xonaga joylashtirdi. Bu yerda hatto musiqa ham ijro etilardi.
Ikki guruh ham bir necha oy mobaynida turli sharoitda tarbiya qilindi, so’ngra aqliy rivojlanishni aniqlash testlari o’tkazildi. Har bir bolaga yaltiroq narsa ko’rsatildi va unga yetishish uchun ketgan vaqt orqali uning rivojlanish darajasi aniqlandi. Natijalar aniq farqlarni ko’rsatdi: bo’sh va qup-quruq xonada bo’lgan bolalarning aqliy qobiliyati [ona jihozlari ko’p xonadagi bolalarga nisbatan uch oy orqada qolayotgan edi.
Ushbu bosqichdagi uch oylik qoloqlik juda ahamiyatlidir. Chunki bolaning tug’ilishidan uch yoshgacha bo’lgan aqliy rivojlanishi to’rt yoshdan o’n yetti yoshgacha bo’lgan davriga mos keladi. Olimlar: “Bu qoloqlikni to’g’ri tarbiya berilsa juda tez yengish mumkin”, – deydilar, biroq bu bolaga nisbatan bosim va katta harakatni talab etadi.
Shu kabi tadqiqotlar faqatgina professor Bruner tomonidan emas, balki boshqa ko’pgina psixologlar tomonidan ham o’tkazilgan. Natijalar tashqi ta’sirning mavjud yoki yo’qligi qobiliyatlar rivojlanishiga jiddiy salbiy ta’sir etishini ko’rsatdi.
Aqliy rivojlanishga ta’sir etuvchi ko’pgina xususiyat turlari (stimullar) ham batafsil о’rganildi va sinovdan o’tkazildi. Bular: tebranadigan belanchak, chizma uchun cho’tkalar, yorqin burmalar, yonadigan koptokchalar, rangli qog’ozlar va boshqalar.
Garvard universiteti psixologi, erta rivojlanish sohasida tadqiqotlar o’tkazuvchi mutaxassis, professor Uaytning tasdiqlashicha, chaqaloq tug’ilishidan uning o’sishi uchun turli shart-sharoitlar yaratilishi aqliy qobiliyat rivojlanishiga sezilarli ta’sir etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti
Portalda eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.