Men ko’pgina onalarning: “O’g’limda otasiga o’xshab musiqa ohanglarini ajratish qobiliyati umuman yo’q” yoki “Turmush o’rtog’im yozuvchi, shuning uchun farzandimiz yaxshi insho yozadi”, – deganlarini eshitaman. Albatta, maqollarda aytilganidek, “Olma o’z daraxtidan uzoqqa tushmaydi” yoki, Yaponiyada aytishganidek, “Piyozdan atirgul chiqmaydi”.
Biroq olim odamning bolasi olim, sozandaning bolasi sozanda bo’lganiga ham misollar ko’p. Ammo bunday holatlar ham bolalardagi yuksak qobiliyatlar genlar orqali o’tganini anglatmaydi. Ehtimol, ular tug’ilishidan boshlab otalari kasbini davom ettirishi zarurligi uqtirilib tarbiya qilingandir. Ota-onalar tomonidan yaratilgan tashqi muhit bolaning muhitiga aylanadi. Bu muhit bolada qiziqish uyg’otib, ota kasbiga zarur bo’lgan qobiliyatlarni rivojlantiradi. Agar qobiliyatlar rivojlanishida nasl hal qiluvchi omil bo’lganida, bolalar nasldan naslga o’z otalari kasblarini meros qilib olgan bo’lar edilar. Ammo hayot ancha qiziqarliroq, olimning o’g’li skripkachi, shifokorning o’g’li yozuvchi bo’lgan holatlar kam emas. Doktor Suzukining sevimli shogirdlaridan bo’lgan Berlin radio-orkestr konsertmeysteri janob Toyotakoji va Amerika Oklahoma simfoniyasi konsertmeyssteri janob Kobayashi yoshligida yaratilgan musiqaviy muhit sababli hozirgi kunda mashhur skripkachiga aylanganlar.
Atrofingizda yashayotgan odamlarga nazar solsangiz, iste’dodli ota-onalarning farzandi doim ham ulardek qobiliyatli bo’lmasligini ko’rishingiz mumkin. Jamiyatda bunday bolalar “noqobil farzand” deyiladi. Bunga sabab bolaning yomon bo’lganligi emas, yoshlikdagi muhit uni shunday noqobil farzand qilib qo’yganidir. Aksincha, ishyoqmas va aroqxo’r otadan tug’ilgan bola ajoyib muhandis yoki rassom bo’lishi mumkin. “Qora kalxatdan lochin tug’ildi” deyilganidek, inson qobiliyati tug’ma, orttirilgan bo’lmaydi, uni voyaga yetkazgan muhit yaratadi. Aslida, qora kalxatdan lochin tug’ilgan emas, qora kalxatga lochin bo’lib etishadigan muhit yaratilgan.
Aynan tashqi muhit ta’siri va hayot tajribasi natijasida tug’ilganida bir xil bo’lgan bolalar turli qobiliyat va fe’l-atvor bilan ulg’ayadilar. Boshqacha qilib aytganda, ota-onaning kasbi va qobiliyatlari farzandning qobiliyatlari va fe’l-atvori shakllanishiga bevosita ta’sir ko’rsatmaydi. Faqat, aytish mumkinki, shifokorning o’g’li shifokor bo’lishiga sabab bola dorilar hidi, oq kiyimdagi odamlar va bemorlar bor muhitda tarbiya topishidadir.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti
Portalda eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.