Ko’pincha yosh oila o’z ota-onasidan alohida yashaganda buvi va buvalar bolalar tarbiyasi, umuman, yosh oila hayotidan chetlatiladilar va biror-bir aralashuv to’siq kabi qabul qilinadi. Afsuski, zamonaviy jamiyatda bu oddiy holat. Ba’zida: “Qariyalar bolani shunday erkalatib yuboradilarki, natijada bolada xudbinlik shakllanib, ota-onalar farzandini qanday jilovlashni bilmay qoladilar”, – deyishadi.
Ayniqsa, o’zlarini zamonaviy va ilg’or hisoblovchi onalar shunday fikr yuritadilar. Men bir xonali kichkina xonadonda yashovchi oilani bilaman. Ularning ota-ona uyidan chiqib ketishlariga sabab o’z farzandlarini buvi va buva yonida to’g’ri tarbiya qila olmaymiz degan fikrda bo’lganliklari edi.
To’laqonli oilani shakllantirish uchun shunday qilish shartmi? Bolalar tarbiyasiga kelsak, bu katta savol ostidadir. Albatta, Yaponiyada hozirda ham shunday oilalar borki, qaynonalar kelinlariga haddan ziyod ko’p maslahat beradilar va birinchi farzandni dahodek ko’rib, boshqa oila a’zolarini ahamiyatsiz hisoblaydilar. Bunday feodalizm sarqitlari hali ham bor. Ammo, haqiqatda, bir necha avlod yashaydigan oilaning o’z afzalliklari mavjud. Qariyalardan madaniyatni, donolikni meros qilib olish mumkin va bu avlodlar o’rtasidagi o’zaro munosabatlarni mustahkamlaydi. Farzandni ortiqcha erkalatishlariga qaramay, ular bolaga mehr-muhabbat, ertaklar va xotiralar beradilar hamda rivojlantirishning boshqa usullari orqali uning hayotini boyitadilar. Bola xudbinlikni singdirmasligi uchun ota-ona unga doim hurmat bilan munosabatda bo’lishi kerak. Shuningdek, keksalarning har bir gapi va harakati bolalarga ota-onada bo’lmagan yangi qiziqarli jihatlarni beradi. Mashhur yapon olimi Seydji Kayaning aytishicha, uning go’dakligida eng kuchli ta’sir ko’rsatgan insonlari buvisi bilan buvasidir. Qishloq oqsoqoli sanalmish buvasi shu qadar qattiqqo’l bo’lganki, u yo’talishi zahotiyoq bola yig’lashdan to’xtagan. Buva qattiqqo’1, ammo adolatli edi. Doktor Kaya irodasi mustahkam bo’lib, jismonan chiniqib ulg’aydi. Uning buvisi esa juda vazmin edi. Uning butun hayoti qo’l bilan harakatlantiriladigan g’ildirakli tikuv mashinasida ishlash bilan o’tdi. Ehtimol, buvisidan sabr-toqatni o’rgangandir: agar bog’ni chopish lozim bo’lsa, birorta o’t qolmaguncha ko’ngli joyiga tushmas edi. Psixolog Akiro Tago fikricha, aynan diqqatini jamlay olish qobiliyati va maqsadga erishishdagi qat’iyat doctor Kayaning shunday fe’l-atvorga ega bo’lishi hamda dunyoga mashhur inson sifatida kamol topishiga sababchi bo’lgan.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti
Portalda eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.