Ma’lumki, muvaffaqiyatli karyeraga ega bo’lgan odamlarning ko’pchiligi shaxsiy hayotlarida muvaffaqiyat qozona olmaydilar. O’quvchilarga maktabda ta`lim berilgani singari, oila juftliklaridan ham shaxsiy va oilaviy hayotni qurish uchun ma’lum bilimlar talab qilinadi. Aslini olganda, karyera va oila bir-birini istisno qilmasligi kerak, ammo bu hodisa hayotda sodir bo’lmoqda. Karyera va oila muvozanatini doimo birdek ushlash juda qiyin jarayon bo`lib, bunda murosaga kelish holatlari zarur hisoblanadi. Ish jarayonida yuzaga keladigan shoshilinch vazifa va topshiriqlar tufayli uyda tez-tez bo`lmaslik holatlari oilaning buzilishiga sabab bo’ladi. So’nggi paytlarda, yoshlar oila qurishdan ko’ra muvaffaqiyatli karyeraga erishishni o`zlarining asosiy maqsadi deb qarashmoqda. Ularning fikricha, karyerani erta boshlash kelajakda baxtli oila qurishning samarali, moliyaviy asosi bo`lib xizmat qiladi. Karyeraga erishish va kasbiy rivojlanish oila juftliklaridan ko’p kuch va vaqt talab etadi, bu esa, o`z navbatida oilaga yetarlicha vaqt ajrata olmaslikka sabab bo`ladi. Bir tomondan, muvaffaqiyatli karyera – bu yaxshi daromad olish uchun dastlabki, zaruriy poydevor hisoblanadi, bu esa oilani yanada farovon hayot bilan ta’minlaydi, lekin masalaning ikkinchi tomoni ham bor: muvaffaqiyatimizni bo’lishadigan oilamiz bo’lmasa, bunda nima mantiq bor!
Ko’pchilikning qarashlaridan farqli o’laroq, oila karyeraga erishishga to`sqinlik qilmaydi, balki uni rivojlantirishga ko`maklashadi. Ba`zida maqsad qilib qo`ygan bir nechta orzularingizni amalga oshirsangiz nima bo’lishini tasavvur qilish qiyin tuyiladi, masalan, sevimli turmush o`rtoq, bolalar va biz yoqtirgan karyera. Javob shuki, maqsad qilgan barcha orzularimizni birgalikda amalga oshirishimiz kerak. Ilojsiz tuyulyaptimi? Unday emas! Umuman olganda, oila qurish uchun ikkala juftlik ham bir-birini qo’llab-quvvatlashi lozim, ushbu yo`lda bolalar bahona bo`la olmaydi. Agar siz karyerangizda muvaffaqiyatga erishish uchun astoydil harakat qilsangiz, hamma narsaga vaqt topa olasiz. Tagliklarni almashtirish, ota-onalar majlislari, barchasiga ulgurishga imkoniyat topish mumkin. Yashash uchun kurash va hayotda uchraydigan qiyinchiliklarga qaramay, ko`plab yaxshi narsalar singari, oiladagi muhabbatning qiymati pul bilan o`lchanmasligini unutmaslik kerak. Muhimi, qanday xatolarga yo’l qo’yishimizdan qat’iiy nazar, doimo birga bo’lish, biror-bir ishda muvaffaqiyatsizlikka uchrasak, har doim bizni qo’llab-quvvatlaydigan insonimiz borligidan mamnun bo’lishimiz kerak. Farzandlarimiz bo’lganida karyeraga erishish, ayniqsa, qiyin bo’lganligini hech kim inkor eta olmaydi, ammo oilaning bo’lmasligi ushbu jarayonni osonlashtiradi degani emas. Haqiqat shuki, umrining 10-20 yilini yolg’izlikda o’tkazgan hech bir inson, yolg`iz o`zi bir tongni qarshi olishni xohlamaydi, garchi 45 yillik muvaffaqiyatga boy bo`lgan karyeraga ega bo`lsa ham. Yevropa davlatlaridan biri bo`lgan Fransiyada oilalarga bo`lgan munosabatning o`ziga xos siyosati mavjud. Hukumat, oiladagi er yoki rafiqaga turmush sharoitida bolalarga ko’proq g`amxo`rlik qilishi uchun uy ishlarida yordam berishga harakat qilib kelmoqda, ayniqsa, oila farovonligini mustahkamlash yoki o`z karyerasini yo`lga qo`yish kerakmi degan muammoga duch kelayotgan ayollarga alohida e`tibor qaratilgan. Shunday ekan, ikkala tarafni ham muvaffaqiyatli olib borish mumkin, buning uchun ma’lum vaqt talab etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti
Portalda eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.