“Mening farzandim musiqiy ohanglarni ajrata olmaydi, nima qilishni bilmayman. Bu uning otasi sabablidir, oilasidagi hech kim musiqa eshitish qobiliyatiga ega emas. Bu naslga bog’liq”. Men onalardan shu kabi shikoyatlarni ko’p eshitaman. Ha, haqiqatan ham, musiqiy qobiliyati sust bolalar bor. Ammo bu musiqiy ohangni ajrata olmaslik garchi ota-onadan farzandga o’tishi mumkin bo’lsa-da, irsiy ekanini anglatmaydi.
Tasavvur qilaylik, onada musiqiy eshitish qobiliyati yo’q va bola har kuni allani butunlay noto’g’ri ohangda tinglaydi. Bola bu ohangni namuna sifatida eslab qolib, u ham shu tarzda noto’g’ri kuylaydi. Buni eshitgan ona bolada musiqiy qobiliyat yo’qligidan nolib, bu ilohiy ne’mat ekaniga ishonadi. Agar Motsart va Betxovenni ham shunday onalar tarbiya qilganida edi, ularda ham musiqiy qobiliyat bolmasligi aniq edi.
Mening nazariyamga ko’ra, musiqiy qobiliyatsiz bolalar xuddi shu kamchilikka ega onalardan tug’ilgan bo’lsalar-da, maxsus tinglash qobiliyati sohibidirlar, chunki ular noto’g’ri ohangni eslab qolib, uni qaytarish mahoratiga ega ekanliklarini ko’rsatadilar.
Endi esa musiqiy qobiliyatsizlik nasldan o’tmasligini isbotlash maqsadida sizga bir voqeani aytib beraman. Doktor Shinichi Suzuki olti yoshlik bolani o’qitishga oldi va musiqiy qobiliyatini qayta tikladi. Bu bolaning onasida musiqa eshitish qobiliyati yo’q edi. Doktor Suzukining tezisida shunday xulosa yozilgandi: “Bolada musiqa qobiliyat yo’q, chunki u uning onasida yo’q”. U bolaga onasi doimo noto’g’ri aytib bergan kuyning to’g’ri ohangda aytilganini tinglatdi. Asta-sekin noto’g’ri eslab qolingan kuy o’rnini to’g’ri aytilgan kuy ohangi egalladi. Keyinchalik bu bola musiqiy ta’limni davom ettirdi, Brams va Betxoven ijodiga bag’ishlangan skripka konsertlarida ularning kuylarini xatosiz chaldi, hatto Kanadada bir nechta yakkaxon konsertlar berdi.
Shunday qilib, musiqiy idrok, fe’l-atvor va boshqa qobiliyatlarning rivojlanishi, aslida, ota-onalarning odatlari ta’sirida shakllanadi. Hatto ota-onalarning xatti-harakatidagi biz uchun ahamiyatsiz tuyulgan biror narsa ham bolaga chuqur ta’sir ko’rsatishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti
Portalda eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.