Aytishlaricha, inson miyasi taxminan 1,4 milliard hujayradan iborat, biroq yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda ularning aksariyati hali shakllanib ulgurmagan bo‘ladi. Yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning miyasi go‘yoki oppoq qog‘ozdek.
Miya hujayralari alohida-alohida, tarqoq holda ishlamaydi. Miyaning mikrosuratiga qarasangiz, tug‘ilgandan keyin vaqt o‘tib ongi rivojlangan sari uning hujayralari orasida maxsus ko‘prikcha-shoxchalarning shakllanishini ko‘rishingiz mumkin.
Yangi tug‘ilgan chaqaloq va voyaga yetgan inson miya hujayralarini taqqoslash shuni ko‘rsatmoqdaki, miya rivojlanishi davomida uning hujayralarini bir-biri bilan bog‘lovchi ko‘prikshoxlar paydo bo‘ladi. Bosh miya hujayralari sezgi a’zolaridan olgan ma’lumotlarini bir-biriga uzatish uchun go‘yoki bir-biriga qo‘lini cho‘zadi.
Bu jarayon elektron kompyuterlardagi tranzistor va mikrosxemalarning ishini eslatadi. Alohida olingan tranzistorning bir o‘zi ishlay olmaydi, faqatgina yagona tizimga bog‘langandan so‘ggina kompyuter kabi ishlay boshlaydi.
Hujayralararo aloqalar eng faol shakllanadigan davr – bu bolaning tug‘ilishidan uch yoshgacha bo‘lgan davridir. Shu vaqt davomida bunday birikmalarning taxminan 70 – 80 foizi paydo bo‘ladi. Ular rivojlangani sari miyaning imkoniyatlari kengayib boradi. Tug‘ilgandan keyingi birinchi olti oy davomida miyaning salohiyati 50 foizga, uch yoshgacha esa 80 foizga yetadi. Albatta, bu go‘daklikdan keyin bola miyasi butkul rivojlanishdan to‘xtaydi degani emas. To‘rt yoshdan boshlab miyaning boshqa bir qismidagi hujayraviy aloqalar ishga tushadi. Uch yoshgacha asosan miyaning orqa qismi shakllanadi, to‘rt yoshdan esa bu murakkab jarayonga “peshona bo‘limlari” deb ataluvchi qism qo‘shiladi. Uch yoshgacha va undan keyingi hujayraviy aloqalar shakllanishidagi farq shundaki, uch yoshgacha shakllangan hujayra ko‘priklarini kompyuterdagi “texnik ta’minot” desak, uch yoshdan keyingisi esa kompyuterdagi “dastur bilan ta’minlash”ga mos keladi.
Miyaning tashqi signalni qabul qilishi, uning tasvirini yaratishi va uni xotirada saqlab qolish sifati asosiy qobiliyat hisoblanib, bu bosh o‘zak aynan biz nazarda tutgan kompyuterdirki, bolaning kelajakdagi intellektual rivojlanishiga fundamental asos bo‘ladi. Fikrlash, ehtiyojlar, ijodkorlik, his-tuyg‘ular kabi yetuk qobiliyatlar uch yoshdan keyin rivojlanadi, ammo ular bu yoshgacha shakllangan bazadan foydalanadilar.
Shunday qilib, agar dastlabki uch yilda mustahkam baza (fundament) shakllanmagan bo‘lsa, undan foydalanishni o‘rgatish behuda. Bu xuddi buzilayozgan kompyuterda ishlab yaxshi natijalarga erishishga urinish kabidir.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti
Portalda eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.