Zamonaviy bola uchun televizorsiz hayotni tasavvur qilish qiyin. Shuning uchun ota-onalar o’z farzandlari bilan aloqani yo’qotmaslik uchun ular ko’rayotgan teledasturlarni tomosha qilmoqdalar.
Televizor go’dak hayotida soat vazifasini bajarmoqda, chunki unda hali vaqt tushunchasi mavjud emas. Har bir dastur biror-bir hodisaga bog’langan: ota ishga ketadi, ota ishdan keladi, uxlash vaqti va boshqalar.
Televizion dasturlar muntazamligi bolada vaqt tushunchasini shakllantiradi. Odatda, go’dak faqat bugun bilan yashaydi, uning uchun “o’tmish” va “kelajak” tushunchalari mavjud emas. Taxminan ikki yarim yoshida, aniqrog’i, gapirishni boshlaganida bola “avval”, “keyin”, “kecha” va “ertaga” nima ekanligini tushuna boshlaydi. Boshqacha qilib aytganda, bola nutqni tushuna boshlaganida va gapirishni o’rganganida unda vaqt tushunchasi paydo bo’ladi.
Ammo tajriba shuni ko’rsatadiki, go’dak hozir, kelajak va o’tmish tushunchalarini televizion dasturlar yordamida anglay boshlagan. Televizion dasturlarning muntazamligi nonushta, tushlik, otaning ishdan kelishi kabi oilaviy hayotdagi hodisalardan aniqroqdir. Televizor bola kunini tartibga solishda yaxshi xizmat qilishi mumkin. Muntazam tartibga rioya qilish nafaqat bolaga yaxshi odatlarni o’rgatishda, balki unga vaqt tushunchasini shakllantirishda ham zarur. Ba’zi onalar bolalariga ular sanashni o’rganishidan avval soat bo’yicha vaqtni o’rgatadilar. Go’dak soat millari (strelkalari) ma’nosini tushunmaydi va unga: “Soat sakkiz, uxlash vaqti bo’ldi”, – deb tushuntirish foydasiz. Bola soat sakkiz bo’lgani uchun emas, balki qorong’i tushgani va uyqusi kelayotgani uchun uxlashga yotadi. Muntazam kun tartibi bolada vaqtning taxminiy tushunchasini ishlab chiqadi. Bu tartib bola uchun soat vazifasini o’taydi.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti
Portalda eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.