Biz, odatda, go’daklikni hayotdagi eng baxtli davr va unda atrof-muhit qo’rqinchlari hamda tashvishlariga o’rin yo’q deb o’ylaymiz. Biroq haqiqatda go’daklik vaqtimizda biz doim ham baxtli bo’lavermaganmiz. Oltmish yoshli keksa odamning ayni yoshiga mos qo’rquvi bo’lganidek, bir-ikki yoshli bolaning ham o’ziga yarasha xavotiri bo’ladi va ko’pincha sabablari biz o’ylamagan narsalardan kelib chiqadi. “Erta rivojlanish” jurnalining 1961-yil 4-sonida Kioto universiteti observatoriyasi rahbari janob Shotaro Miyamoto bilan sodir bo’lgan voqea haqida maqola chop etilgan edi. “Mening otam buddaviylar qo’shig’i “No”ni juda yaxshi ko’rgan bo’lsa kerak. Uning do’stlari biznikiga tez-tez kelishar va birga shu qo’shiqni kuylashardi. Meni esa qo’shni xonada uxlatishardi. Eslayman, bunday g’amgin va og’ir tovushlarni eshitishdan juda qo’rqib qattiq yig’lar edim. Ammo onam mehmonlarga choy, shirinliklar olib kirib, ular haqida ko’proq qayg’urar va meni tezroq uxlatishga harakat qilar edi. Hattoki hozir ham bunday uzundan uzoq buddaviycha kuylarni eshitsam, ular qalbimda xotirjamlikni emas, balki qo’rquvni uyg’otadi”.
Janob Miyamotoning ota-onasi bu kuylar bola qalbida yillar o’tib ham shunchalik o’chmas iz qoldirishini hech qachon o’ylamagan bo’lsa kerak. Ammo nafaqat bu dahshatli qo’shiq, balki boshqa voqealar ham uning xotirasida saqlanib qoldi. Janob Miyamoto buvisi uxlashidan avval unga o’qib bergan ertaklarni, “Karmen”, “Oy sonatasi” operalaridagi musiqani zavq bilan eshitganini eslaydi. Nima uchun aynan “No” qo’shig’i janob Miyamotoni shunchalik qo’rqitdi? Bu bizga mulohaza uchun manbadir. Ehtimol, kuyning g’amgin ohanglari barobarida uni yolg’iz va qorong’i xonada qoldirishgani ham qo’rqinchga sabab bo’lgandir. Men bunday holatlarda qanday yo’l tutish bo’yicha tavsiya bermoqchi emasman. Faqat shuni ta’kidlamoqchimanki, kattalar uchun arzimasdek tuyulgan narsa bola qalbida chuqur iz qoldirishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti
Portalda eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.