Islom ayol kishiga ta’lim olish va madaniy saviyasini oshirish haqqini berdi va erkaklarni bu ishga mas’ul qildi. Ilm talabi erkak-ayolga barobar farzligini, qizlariga va singillariga ta’lim-tarbiya bergan kishi jannatga haqli bo‘lishini yaxshi bilamiz.
Avvalgi avlod musulmon ayollari erlaridan, boshqa ustozlaridan, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning ommaviy dars va xutbalaridan olayotgan ilm-ma’rifatga qanoat hosil qilmay, Payg‘ambar alayhissalomdan ayollar uchun alohida ilm-ma’rifat majlislari qilishni talab etganlar. Ularning bu talablari Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam tomonlaridan darhol qondirilgan.
Ayol kishi faqat ta’lim olish, dars, xutba va va’z eshitishgagina haqli emas, balki ta’lim berish, dars aytish va boshqa ilmiy ishlar bilan mashg‘ul bo‘lish majburiyatida hamdir.
Muslima ayollar ilm-fan va madaniyat sohasida ulkan yutuqlarga erishganliklari hammaga ma’lum. Gapimiz quruq bo‘lmasligi uchun misol ham keltiraylik.
Shifo bint Abdulloh roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Hafsaning oldida o‘tirgan edim, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kirib qolib, menga: «Bunga yozishni o‘rgatganingdek, namila ruqyasini ham o‘rgatmaysanmi?» dedilar».
Abu Dovud, Nasoiy va Ahmad rivoyat qilishgan. Olima ayollar vakilasi Oisha onamiz hadis rivoyat qilish bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadilar. Ulkan sahobiylar o‘zlari bilmagan narsalarini, hal qila olmay qolgan masalalarini Oisha onamizdan so‘rar edilar. O‘sha vaqtning sharoitida bu narsalar dunyo miqyosida katta o‘zgarishlar edi.
“Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida”gi Konvensiyada ishtirokchi davlatlar xotin-qizlarning kamsitilishini bartaraf etish, ayollarning erkaklar va ayollar tengligi asosida ta’lim olish sohasida erkaklar bilan teng huquqlarini ta’minlash uchun barcha zarur choralarni ko‘radilar. Jumladan, quyidagilarni ta’minlaydilar:
a) shaharlardagi singari qishloq joylarida ham barcha toifadagi o‘quv yurtlarida bilimdan baxramand bo‘lish va diplom olish, kasb-kor yoki mutaxassislikni tanlashda bir xil sharoitlarni yaratish, bunday tenglik maktabgacha tarbiya, umumta’lim, o‘rta maxsus va oliy texnik ma’lumot olishda, shuningdek, kasbga tayyorlashning barcha turlarida taminlanadi;
b) bir xil o‘quv dasturlariga, bir xil imtihonlarga, bir xil malakali o‘qituvchilar tarkibiga, teng sifatli maktab xonalari va jihozlariga ega bo‘lish;
v) barcha ta’lim olish bosqichlari va shakllarida erkak va xotin-qizlar rolining birgalikda va boshqa xildagi ta’lim olish yo‘li orkali har kanday bir qolipdagi konsenpsiyasini bartaraf etish va shu asosda, jumladan, o‘quv ko‘llanmalari va maktab dasturlarini qayta ko‘rib chiqish xamda o‘qitish uslublarini moslashtirish yo‘li bilan shu maqsadga erishish;
g) ta’lim uchun stipendiya va boshqa nafaqalar olish imkoniyatlarining bir xilligi;
d) erkaklar va ayollar bilimdagi har qanday uzilishni mumkin qadar tezlik bilan qisqartirishga yo‘naltirilgan funksional savodxonlik dasturi va katta yoshdagilar orasidagi savodxonlikni ommalashtirish dasturlarini nazarda tutib, ta’lim olishni davom ettirish dasturidan foydalanish imkonnyatlarining bir xilligi;
y) maktabni tugatmayotgan qizlar sonini kamaytirish va maktabni barvaqt tark etgan ayollar va qizlar uchun alohida dasturlarni ishlab chiqish;
j) jismoniy tayyorgarlik va sport mashg‘ulotlarida faol qatnashish uchun bir xil imkoniyatlar yaratish;
z) oilalar sog‘ligi va farovonligini ta’minlashga ko‘maklashish maqsadida ta’lim sohasiga bag‘ishlangan maxsus axborotlarga, shu jumladan oilaning katta-kichikligini rejalashtirish to‘g‘risidagi axborot va yo‘l-yo‘riq ma’lumotlariga ega bo‘lish.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti
Portalda eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.