Qolgan paytlarda ayol kishini ishlashga majbur qilish yo‘q. Uni turli yo‘llar bilan tashviqot qilib, arzon ish kuchi sifatida ezishga ham hech kimning haqqi yo‘q. Ayol-qizlarni tong-saharda dalaga haydab ketib, xohlaganicha ishlatib, tun qorong‘usida qaytarib olib kelishga ham hech kimning haqqi yo‘q. Ayollarni o‘zlariga mos bo‘lmagan ishlarda ishlatib, ularning ayollik latofati va onalik qobiliyatiga futur yetkazishga ham hech kimning haqqi yo‘q.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 7 martdagi “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4235-sonli Qarori natijasida ayollar mehnati bo‘yicha ayrim mavjud taqiq va cheklovlar bekor qilindi[1]. Xususan, 2019 yil 1 maydan:
ayollar mehnatini muayyan soha yoki kasblarda qo‘llash bo‘yicha taqiqlar bekor qilinadi. Uning o‘rniga ayollar sog‘lig‘iga salbiy ta’sir etishi mumkin bo‘lgan soha va kasblar tavsiyaviy ro‘yxati tasdiqlanadi;
agar otasi bola parvarishlash ta’tilining kamida 3 oyidan foydalansa, ota yoki onadan biriga Mehnat kodeksining 234-moddasida belgilangan tartibda qo‘shimcha 1 oy nafaqa to‘lanadigan bola parvarishlash ta’tili beriladi;
2 yoshga to‘lmagan farzandini tarbiyalovchi ota-onalarning biriga ularning ish paytidagi dam olish va ovqatlanish, bolani ovqatlantirish uchun beriladigan tanaffuslar hisobidan ish beruvchi bilan kelishgan holda kun davomida foydalaniladigan tanaffus vaqtini belgilash huquqi beriladi;
ayollarning pensiya yoshiga to‘lganligi yoki qonun hujjatlariga muvofiq yoshga doir davlat pensiyasini olish huquqi vujudga kelganligi sababli ular bilan tuzilgan nomuayyan muddatli mehnat shartnomasini 60 yoshga to‘lgunga qadar yoki muddatli mehnat shartnomasini muddati tugagunga qadar ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilish taqiqlanadi;
erkak va ayollar huquqlari tengligining buzilishi bilan bog‘liq ishlarning sudlarda ko‘rib chiqilishida ayollarga advokatlar tomonidan ko‘rsatiladigan yuridik xizmat uchun haq ularning xohishiga ko‘ra davlat hisobidan qoplanadi.
“Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida”gi Konvensiyada ishtirokchi davlatlar xotin-qizlarning sog‘ligini saqlash sohasidagi huquqlari kamsitilishiga barham berish maqsadida, erkak va ayollarga tibbiy xizmatni teng ta’minlash, oilaning katta-kichikligini rejalashtirish masalalarida tegishli barcha choralarni ko‘radilar.
Ishtirokchi davlatlar ayollarning homiladorlik, tug‘ruq va tug‘ruqdan keyingi davrida tegishli xizmatlar bilan ta’minlaydi va zaruriyat tug‘ilganda, bepul xizmatlar ko‘rsatadilar, shuningdek, homiladorlik va emizikli davrida kerakli oziq-ovqatlarni yetkazib beradilar.
Shuningdek ayollarga dam olish bilan bog‘lik tadbirlarda, sport mashg‘uloglarida va madaniy hayotning barcha sohalarida qatnashish huquqini beradilar.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti
Portalda eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.