Boladagi o‘zgarishдфк:
Homilaning vazni 300 gr chiqadi. Uzunligi 25-26 sm keladi. Soch va tirnoqlar o‘sishda davom etmoqda. Go‘dakning birinchi axlati – mekoniy paydo bo‘lmoqda. Ko‘zlar hali ham yumuq bo‘lsa-da, homila bachadon ichida yaxshi moslashib olgan.
Onadagi o‘zgarishlar:
Yo‘lning yarmini muvaffaqiyatli bosib o‘tdingiz, endi bor-yo‘g‘i ikkinchi yarmi qoldi. O‘sayotgan homila va kattalashayotgan bachadon diafragrammaga bosim o‘tkazib, nafas olishingizni qiyinlashtiradi. Bachadonning qovuqni ezishi natijasida tez-tez hojatga boradigan bo‘lasiz. Gavdangizni to‘g‘ri tutib yuring va umurtqangizga ortiqcha zo‘r bermang. Oyoq kiyimingiz poshnasi past va keng bo‘lsin. Og‘ir narsalarni to‘g‘ri ko‘tarishni o‘rganing. Eng asosiysi uni daf’atan ko‘tarmang. Avvalo, qulay holatda turib olib, oyoqlaringiz orasini ozgina oching. Tizzalaringizni bukib, oyok va qo‘l mushaklari yordamida ko‘taring, belingizga og‘irlik tushmasin. Iloji bo‘lsa, yuklaringizni ikkiga bo‘lib oling. Masalan, bitta og‘ir xalta o‘rniga ikki qo‘lingizda ikkita sumka ko‘taring. Yotadigan o‘rningiz qattiq bo‘lgani yaxshi. Qo‘llaringizni uzoq vaqt ko‘tarib turmang. Sochlaringizni bo‘yamang va ko‘p turadigan jingalak soch turmagini qilmang. Ba’zi uy ishlarini bajarayotganingizda tirnoqlaringiz mo‘rt va tez sinadigan bo‘lib qolgani uchun qo‘lqop kiyib oling. Dog‘laringiz ko‘p va aniq ko‘rinadigan bo‘lsa, quyoshda ko‘p yurmang, u ahvolingizni yanada jiddiylashtiradi.
vazningizni nazorat qilib turing. Ortiqcha vazn umurtqangizga qo‘shimcha og‘irlikdir;
baland poshnali oyoq kiyim kiymang. Poshna keng va og‘ishmaydigan bo‘lishi kerak;
uzoq vaqt bir yerda tik turmang;
yotadigan o‘rningiz qattiq bo‘lsin. U belingizdagi og‘riqlarni kamaytiradi;
kir yoyganingizda qo‘llaringizni uzoq vaqt baland ko‘tarib turmang. Bu holat orqa mushaklarni taranglashtiradi. Kursidan foydalanishingiz mumkinligini unutmang;
katta farzandlaringizni qo‘lingizga olib ko‘tarmang. Bu umurtqangizga qo‘shimcha og‘irlikdir. Lekin kichkintoyingizni e’tiborsiz ham qoldirmang. Agar bolani ko‘tarishingizga to‘g‘ri kelsa, uni sekin, keskin harakatlarsiz ko‘tarishingiz mumkin. Shunda ham uzoq vaqt ko‘tarib turmang;
oyoq mushaklaridagi og‘riq iliq vanna tufayli kamayadi; beldagi og‘riqlarni yengillatish uchun bo‘shashtiruvchi mashqlarni bajaring. Qattiq hayajonlanishlardan saqlaning.
Homiladorlikning 18-22 haftalik muddatida homiladorga ikkinchi ultratovush tekshiruviga yo‘llanma beriladi. Bu oraliq homiladagi tug‘ma nuqsonlarni aniqlash uchun qulay fursatdir.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti
Portalda eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.