Boladagi o‘zgarishlar:
Barcha endokrin bezlari faol ishlay boshladi. Endi qorataloq ham o‘z vazifasini bajarmoqda. Bola faol harakatlanmoqda, ayniqsa kislorod yetishmovchiligi bo‘lganda. Agar bolangizni hozir ko‘rganingizda, balki u sizga unchalik yoqimtoy bo‘lib ko‘rinmasligi mumkin. Chunki uning terisining rangi qizil, burushgan bo‘lib, ustiga-ustak o‘ziga xos suyuqlik bilan qoplangan. Homilaning og‘irligi ko‘pi bilan 500 gr, uzunligi esa 28 sm. dir.
Onadagi o‘zgarishlar:
Ko‘pincha homilador ayollar soch va tirnoqlarining tez o‘sayotganini payqab qolishadi. Sochlari qalin, quyuq va yaltiroq tusga ega bo‘ladi. Bunga ona organizmidagi qon aylanish tizimining tez ishlashi va foydali moddalar miqdorining ortishi sababli teri hujayralarining yaxshi oziqlanishi orqali erishiladi. Lekin bunday ijobiy jarayon natijasida homilador ayol yuz, yelka, oyoq, bel va qorin qismlarida ham ortiqcha tuklarni payqaydi. Agar sizda ham shunday holat ro‘y bergan bo‘lsa, ortiqcha sarosimaga tushmang. Bularning barchasi tug‘uruqdan so‘ng o‘tib ketadi. Ba’zi ayollarda homiladorlik davrida gormonal uzgarishlar sababli terining rangi o‘zgaradi. Qorinda to‘q rangli chiziq paydo bo‘lishi mumkin. Peshona, burun atrofi va yonoqlarda dog‘lar ko‘rinadi. Ular oq- sariq rangli ayollarda to‘q rangda, qorachadan kelgan ayollarda esa oqish tusda bo‘ladi. Bu kabi o‘zgarishlar tuqqaningizdan keyin yo‘qolib ketadi. Teridagi dog‘darning ko‘payishiga quyidagilar sabab bo‘ladi:
quyosh nurlari ostida ko‘p vaqt bo‘lish;
foliy kislotasi yetishmaganda (shuning uchun taomnomangizda sabzavotlar, apelsin, suli ko‘proq o‘rin ajrating).
Xavotirga tushmang, bular tuqqaningizdan keyin tezda o‘tib ketadi. Homilador ayol organizmidagi gormonal o‘zgarishlar natijasida qo‘llari qizarishi, qaltirashi mumkin. Bu alomatlar ham tezgina yo‘qoladi. Bo‘lg‘usi onalar ko‘pincha faqat bolalarini o‘ylab tishlari haqida umuman unutib qo‘yishadi. Homiladorlik tishlar va milkning holatiga salbiy ta’sir etishini nazarda tutadigan bo‘lsak, bu asosiy muammolardan biridir. Gormonal o‘zgarishlar “natijasida ular shishgan, qonaydigan va tez kasallikka chalinadigan bo‘lib qoladi.
Kasallangan tishlarni darhol davolatish kerakki, qon aylanish tizimi orqali organizmga infeksiya tushmasin. Bu ona va bolaning salomatligiga xavf tug‘diradi. To‘g‘ri ovqatlanish tishlaringizni uzoq vaqt sog‘lom saqlashingizga yordam beradi. Tish va suyaklarning to‘g‘ri tuzilishi uchun kalsiy ko‘proq iste’mol qiling. Shirinliklarni kamroq yeng. Milklaringizning mustahkam bo‘lishiga yordam beruvchi S vitaminiga boy oziqlardan iste’mol qiling. Stomatolog ko‘rsatmasi bo‘yicha tishlaringizni muntazam yuvib turing. Ovqatdan so‘ng tishlarni yuvish imkoniyati bo‘lmasa, shirin bo‘lmagan saqich chaynang. Uning o‘rnini bir bo‘lak pishloq ham bosishi mumkin. Chunki pishloq ham bakteriyalarga qarshi kurashuvchi vositaga ega.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti
Portalda eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.