Boladagi o’zgarishlar
Homila tug’ilishga va undan keyingi hayotga tayyorgarlik ko’rmoqda. U asta-sekin tana haroratini boshqarishga o’rgandi. Kichkintoy har kuni yarim litrga yaqin peshobni mustaqil ajratib chiqaradi. Bolaning qimirlashi ham endi o’zgacha tus oldi. U kattalashib bachadon torlik qilib qolganidan tirsak va tizzalari bilan tepib turadi. Homilaning og’irligi taxmanan 1150 gramm chiqadi.
Onadagi o’zgarishlar
Bu davrga kelib, avvalgiga nisbatan ko’proq charchoq his qilishingizga bir qancha asoslar bor. Vazningiz sezilarli darajada ortdi, qorningiz kattalashgani sababli yaxshi uxlay olmayapsiz, qo’rqo’v, hadiksirash va xavotir bor. Oilangiz haqida qayg’urishingiz, tashvishlar va uy ishlari ham hozir sizni haddan tashqari charchatadi. Charchoq – bu organizmingizning dam olishingiz kerak degan buyrug’idir. Unga quloq solib, imkon topganingizda ozgina dam oling. Hali sizga tugish uchun hamda undan keyingi qayta tiklanishingiz va bola parvarishi davrida ko’p kuch kerak bo’ladi. Agar qattiq charchoq holatingiz dam olganingizdan keyin ham o’tib ketmasa, darhol shifokorga murojaat eting. U sizdagi kamqonlikni tekshirish uchun qon tahlili o’tkazishingizni aytadi.
Tug’ilajak bolaning sog’ligi haqida bu vaqtga kelib, nafaqat uning ota-onasi, balki boshqa yaqinlari ham xavotirlana boshlashadi. Irim qilib, chaqaloq tug’ilmasidan oldin unga kiyim-kechak yoki beshik sotib olib bo’lmaydi, deyishadi. Homiladorlik davrida to’qimalarda ortiqcha suyuqlik to’plangani sababli qo’l va oyoqlarda shishlar kuzatiladi. Bundan ortiqcha xavotirga tushmang.
Shishlar kun oxirida yoki uzoq vaqt turganda, oyoqlarni osiltirib o’tirganda tez bilinadi. Odatda kechasi yotganingizdan keyin bir necha soat ichida yo’qoladi. Ular arzimas ko’ngilsizliklar olib kelsa ham, ularni kamaytirish yo’llari bor. O’tirganingizda oyoqlaringizni yuqoriroq ko’tarib o’tiring. Qulay oyoq kiyimi kiying. Siqib turadigan paypoq va kolgotkalar kiymang. Homiladorlarga mo’ljallangan tepasi keng kolgotkalarni kiying. Kun davomida ko’p suyuqlik ichmang va tanangizda suyuqlikni ushlab qoluvchi sho’r narsalarni iste’mol qilmang. Agar qo’l va yuzdagi shishlar 24 soat ichida umuman ketmasa, birdan vazningiz ortsa, qon bosimingiz ko’tarilsa, peshobda oqsil paydo bo’lsa, shifokoringiz darhol bunga qarshi chora ko’radi.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti
Portalda eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.