Boladagi o’zgarishlar: 28 haftalik tug’ilgan bola o’pkalari yaxshi rivojlanmagani sababli yashab ketishi qiyin bo’ladi. Lekin shunga qaramay, tug’ilgan bo’lsa, avvalgi oylarga nisbatan bu oyda tug’ilgan go’daklarga osonroq bo’ladi. Buning uchun maxsus apparatura va malakali vrachlar kerak. Axir, kichkintoy yana oz emas, ko’p emas, 12 hafta o’sib rivojlanishi lozim. 28-hafta oxiriga borib, homilaning vazni 1000- 1300 gr, uzunligi esa 35 sm.ga yetadi. Bachadonda bola faol va tinchlangan holatlarda bo’ladi. Uning faolligi onasining kun davomidagi harakatlanishiga bog’liq. Agar onasi kun bo’yi ko’p harakat qilsa, bola onasining tana tebranishidan tinchlanadi va ayol uning qimirlaganini sezmaydi.
Quyidagi holatlarda bolaning faolligi ortadi:
* onasi tinch holatda bo’lganida. Onasi tinchlanishi bilan bola oyoqlari, tirsagi, tizzalari bilan tepa boshlaydi. Shuning uchun aksari ayollar bola qimirlaganini kechasi yotganlarida aniq sezadilar;
*onasi ovqatlanganidan so’ng. Bola faollashishiga onasi ovqatlanganidan keyin qondagi qand miqdorining oshishi sabab bo’lishi mumkin;
*onasi qattiq hayajonlansa yoki xafa bo’lsa. Ayrim ayollar asabiylashganida ona organizmidagi adrenalin miqdorining oshishi bolaning faollashishiga olib keladi.
O’sayotgan bola, ayniqsa, homiladorlikning 24 va 28-haftalari oralig’ida faollashadi. 28 va 32-haftalar oralig’ida harakatlari doimiy, dam olish va harakatlanish orasi aniq seziladigan bo’ladi.
Bolangizning harakatlanish va rivojlanishidagi o’zigagina xos bo’lgan xususiyatlarni yoddan chiqarmang. Uyuvosh, beozoryoki tinib-tinchimas bolalardan bo’lishi mumkin. Shuning uchun har bir bolaning harakati turlicha bo’ladi. Agar homilangizning to’satdan qimirlashi kamaysa, umuman harakat qilmay qo’ysa, unda xavotirga tushishingiz o’rinli bo’ladi.
Kichkintoyingiz qovurg’angizga, qorningizga yoki bachadon bo’yinchasiga kutilmaganda qattiq tepib yuborsa, qo’rqib ketmang. Chunki u anchagina katta bo’lib, kuch to’pladi. Og’riqqa chidashdan boshqa ilojingiz yo’q. Agar juda haddidan oshib ketsa, tanangiz holatini o’zgartiring yoki go’dakni allalagandek tebranib tinchlantirishga harakat qiling. Balki bu urinishlaringiz bir ozga bo’lsa ham, to’polonchingizning hujumlaridan saqlab turar.
Onadagi o’zgarishlar: Homiladorlikningoltinchi oyida qorin terisi tortilishi sababli qichishishlar paydo bo’ladi. Ularga qarshi ba’zi suyuq surtmalar ishlab chiqarilgan bo’lsa ham, ular sizni bu noqulayliqdan xalos etmaydi. Faqatgina sabr-bardosh bilan yengishingiz mumkin. Tekshiruvlar natijasida homilador ayollardagi qon bosimining yuqori bo’lishi va bolaning vazniga yetmay tug’ilishi asabbuzar ish, uzoq vaqt tik oyoqda turib ishlanadigan vazifalarni bajarishi oqibatida kelib chiqishi ma’lum bo’ldi. Tik oyoqda doimiy turib ishlanadigan ishdan homiladorlik vaqtida umuman voz kechilgani yaxshi. Aks holda bola hayoti uchun xavf va onasiga bir qancha muammolar: bel og’rig’i, oyoqlarda tomirlar kengayishi va boshqa ko’ngilsizliklar olib keladi.
Homilador ayolning harakatlaridagi beso’naqaylik, qovushmaganlik tabiiy holdir. U bo’g’imdagi paylarning bo’shashishi, organizmda suvning ushlanib qolishi va parishonxotirlik bilan bog’liq bo’lib, ular harakatlarning bir-biriga muvofiq kelishiga qarshilik qiladi. Ortiqcha xavotirga tushmang, bu ko’ngilsizliklar tezda o’tib ketadi.
Homilador ayollar tug’ishdan, u bilan bog’liq og’riqlardan qo’rqishi mumkin. Afsuski, bularga boshqalardan eshitgan, bo’rttirib aytilgan hikoyalar sabab bo’ladi. Ular tug’uruqqa katta bir muhim imtihonga tayyorgarlik ko’rgandek tayyorlanishadi va undan o’tolmaslikdan qo’rqishadi. Shuni alohida ta’kidlab o’tish lozimki, qo’rquv bu o’rinda salbiy hissiyot bo’lib, inson irodasini bo’g’adi. Unga taslim bo’lish kerak emas. Og’riq siz o’ylaganingizdan bir necha barobar ortiq yoki umuman siz qo’rqadigan darajada bo’lmasligi mumkin. Bundan tashqari, qo’rqoq ayollar tug’uruq jarayonini qiyinroq o’tkazadilar. Ulardan farqli ravishda vaziyatga teran nigoh bilan qaraydigan, har qanday qiyinchilikka tayyor ayollarda u yengilroq kechadi.
Tug’uruq jarayoni haqida ko’proq bilib olishga harakat qiling. Bu vaqti kelganida boshdan kechirayotgan qiyinchiliklaringizni tushunishga va uni idrok etgan holda yengib o’tishingizga yordam beradi. Bo’lg’usi ota-onalar uchun mo’ljallangan maktablarga boring. Bolaning rivojlanishi va tug’uruqqa oid kitoblarni ko’proq o’qing.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti
Portalda eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.