Tuxum hujayra yorilib, bachadon naychasida urug‘lanishga tayyor turibdi. Urug‘lanish – ayol va erkak jinsiy hujayralarining bir-biriga qo‘shilishidirki, natijasida odam xromosomasi to‘plami tiklanib, sifatli yangi hujayra paydo bo‘ladi.
Urug‘lanish jarayoni 3 davrga bo‘linadi: 1) spermatazoid va tuxum hujayraning bir-biriga yaqinlashishi; 2) o‘zaro aloqaga kirishishi va tuxum hujayraning aktivlashishi; 3) spermatozoidning tuxum hujayraga kirishi va qo‘shilib ketishi.
Ayol va erkakningetakchi jinsiy hujayralari birlashadi. Shu yo‘l bilan urug‘langan tuxum hujayra (zigota) ota-onasidan nasliy genlarni qabul qiladi. Uning har bir qismi homilaning muayyan a’zolarining tuzilishiga asos bo‘ladi. Urug‘langan tuxum hujayra bachadon naychasidan uch kun davomida bachadon tomonga harakatlanadi. Shu jarayonda u murakkab bo‘lgan qayta tuzilishni bosib o‘tib, bo‘linayotgan hujayralar shar shakliga ega bo‘ladi. Bachadonga tushgach, tuxum hujayra yana uch kun davomida birikish yerigacha harakatda bo‘ladi. Urug‘lanishdan so‘ng uch sutka o‘tgach, homila tut mevasiga o‘xshash shakldagi 32 hujayradan iborat bo‘ladi. Hafta oxiriga borib, hujayralar soni 250 tagacha ko‘payadi, shakli esa diametri 0,1-0,2 mm.li sharga o‘xshash bo‘ladi. Bu vaqtda homila tuxum hujayra sarig‘idagi ozgina zaxira hisobidan kun ko‘radi.
So‘ngra ikki sutka davomida homila bachadon ichida erkin holatda bo‘ladi. Urug‘lanishdan so‘ng 7-haftasidan boshlab homilaning bachadon devoriga o‘rnashishi boshlanadi. Bu holat implantatsiya (hujayraning bachadonga birikishi) deyiladi. Aynan shu jarayon homilaning birinchi nozik va jiddiy davridir. Agar implantatsiya muvaffaqiyatli kechsa, endi tug‘ilajak farzandingiz siz orqali oziqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti
Portalda eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.