Homilaning tashqi qatlami «xorialniy gonadotropin» nomli gormon ishlab chiqara boshlaydi. Aynan shu garmon ona organizmiga belgi berib, ayolning homilador bo’lganini, endi turmush tarzini o’zgartirib, unga moslashish lozimligini bildiridi. Bu gormon orqali qisqa vaqt ichida uy sharoitida qo’llaniladigan ekspress-test yordamida homiladorlikni aniqlash mumkin. Lekin ushbu haftada aytib o’tilgan gormon konsentratsiyasi juda oz miqdorda bo’lgani uchun testni, yaxshisi, keyingi haftada o’tkazganingiz ma’qul. Sariq tanacha ishga tushdi, endi siz homiladorlikning birinchi belgilarini his qilishingiz mumkin.
Xozirgi kunda homiladorlikni aniqlovchi ekspress-testlarni har bir dorixonadan topsa bo’ladi. Ularni kutilayotgan hayzingiz kelmagan birinchi kuniyoq qo’llashingiz mumkin. Lekin aniq ma’lumotni bir necha kun o’tgach, olasiz. Homilador bo’lishni sabrsizlik bilan kutayotgan har bir ayol bu savolga tezroq javob olishni istaydi. O’z organizmiga e’tiborli bo’lgan bo’lajak ona «gumonli» belgilarni test javobidan avval sezadi.
Homiladorlikning avvalgi haftasidagi ilk alomatlar
Homiladorlikni bildiruvchi belgilarga quyidagilar kiradi:
Navbatdagi hayzning kelmasligi: Bu homiladorlikning eng keng tarqalgan alomatidir. Lekin ba’zan bu holat organizmda gormonal o’zgarishlarda yoki turli kasalliklarda ham ro’y berishi mumkin. Agar ayolda hayz davri o’zgaruvchan, beqaror bo’lsa yoki avvalgi tug’uruqdan so’ng qayta tiklanmagan bo’lsa, odatda ayol bunday «kechikishga» boshqa alomatlar sezilmaguncha e’tibor qilmaydi. Bunday e’tiborsizlik haftalar, gohida esa oylarga ham cho’zilishi mumkin.
Ko’krakning o’ta sezuvchan, og’riqli bo’lishi: Ko’pchilik ayollar har safar hayz muddati yaqinlashganda shu kabi belgilarni his etishadi. Homiladorlik alomati bo’lgan ko’krak og’rig’i odatdagidan kuchliroq bo’ladi. Shubhasiz, bu ham homiladorlikning keng tarqalgan belgilaridandir.
Hidlarga bo’lgan sezuvchanlikning oshishi: Aksar ayollar uchun bu eng muhim ahamiyatga ega belgidir. Sevimli atirlari kutilmaganda toqat qilib bo’lmaydigan, transportdagi odamlar esa o’ta «sassiq», erining odekoloni esa chidab bo’lmaydigan darajada yoqimsiz hidga ega bo’lib qoladi.
Ko’krakning kattalashishi: Homiladorlikning birinchi haftalarida kamdan-kam ayol bu o’zgarishni sezadi. Odatda ko’krak oxirgi oylarda sezilarli darajada kattalashadi. Lekin kuzatuvchan bo’lsangiz, ko’kragingizning ozgina kattalashganini avvalroq sezishingiz mumkin.
Ertalabki ko’ngil aynishi: Ba’zi ayollarda tonggi lohaslik yoki boshqacha qilib aytganda, erta toksikoz homiladorlikning 7-haftasidan boshlanib, to 12-haftasigacha davom etadi. Lekin ayrim hollarda ko’ngil aynishi undan avvalroq ham boshlanishi mumkin.
Qorin ostida nimanidir sezish: Ayollar buni ichki his bilan oldindan sezish, deydilar. Ayrimlar qorin ostida tortishish yoki sanchishni sezadilar. Gohida esa og’riq kuchli va davomli bo’lishi mumkin. Ba’zan bo’lg’usi ona nimani his qilayotganini aniqlolmaydi, faqatgina u yerda «nimadir borligini», nimadir ro’y berayotganini sezadi.
Sevimli taomlarning o’zgarishi: Homiladorlikning ilk haftalarida bo’lg’usi onalar ishtahalari birdan ortganini sezadilar. Boshqalari esa, aksincha, ishtahalari umuman yo’qolganidan shikoyat qiladilar. Ko’pchilik ayollar o’z taomnomalarini o’zgartirishga majbur bo’ladilar. Avval odatiy bo’lgan mahsulotlarga endi ko’ngil tortmay, yoqtirmaganlarini esa sevib iste’mol qila boshlaydilar.
Kayfiyatning o’zgarishi, yig’loqilik: Ayrim ayollar buni homiladorlikning eng birinchi alomati deb hisoblaydilar. Lekin hayz oldi sindromiga yo’liqqan ayollar kayfiyatning tezda o’zgarishini har safar hayz davri boshlanishi oldidan his qiladilar.
Tez-tez hojatga borish: Bu belgi ham ba’zi ayollarda homiladorlik alomati sifatida ko’rinadi.
Vazn o’zgarishi: Odatda bo’lg’usi onalar oxirgi oylarda vazn to’plashadi. Homiladorlikning birinchi haftalarida esa ayrim ayollar ozishadi, vazni kamayganini kuzatishadi.
Tana haroratining oshishi: Ba’zi ayollarda homiladorlikning ilk haftala- rida tana harorati 37-37,2 darajagacha ko’tariladi, gohida unga bosh og’rig’i ham qo’shiladi. Agar bunga homiladorlikning alomatlaridan biri bo’lgan burun bitishi ham qo’shilsa, unda bu holatni osonlik bilan shamollashga yo’yish mumkin.
Ser uyqulik, toliqishlik: Bubelgi ham homiladorlikning ilk alomatlaridandir. Shunga qaramay, seruyqulik boshqa ko’plab sabablar orqali yuzaga kelishi mumkin.
Ko’rib turganingizdek, homiladorlik alomatlari juda ham ko’p va turlicha. Ba’zi ayollar sanab o’tilgan alomatlarning bir qanchasiga duch kelsalar, ba’zilari esa homilador bo’lganliklarini faqatgina hayzlari vaqtida kelmaganidan biladilar. Ayrimlar esa hatto bola birinchi bor qimirlamagunicha homilador ekanliklarini gumon ham qilmaydilar. Yana bir toifa esa faqatgina qomatlarida o’zgarish sezganlarida homilador ekanliklarini biladilar. Har qalay bundaylar juda kam uchraydi.
Mo’jiza
Bolani to’qqiz oy davomida kislorod va ozuqa bilan ta’minlab, uning organizmi uchun keraksiz bo’lgan moddalarni olib chiquvchilar bular – kindik ichakchasi va yo’ldoshdir. Ularning rivojlanishi homiladan tashqari bo’lgan a’zolardan boshlanadi, Ular uchta: xorion, amnion va tuxum sariqchasi xaltasi. Bu qismlarsiz kichkintoy rivojlana olmay di. Xorion keyinchalik yo’ldoshga, amnion homila pufagiga, sariqcha xaltasi esa kindik ichagiga aylanadi. Qizig’i shundaki, bua’zolarning shakllanishida otalik genlari onanikiga nisbatan faolroq bo’ladi. Azaldan erkakning vazifasi muhofaza qilishi lozim bo’lganlarni himoyalash va hayot davomiyligini saqlab qolish bo’lgan. Bu mas’uliyat, hattoki, gen darajasida ham ko’rinadi (boshqacha qilib aytganda, spermatozoid erkak organizmining bitta – yagona hujayrasi bo’lsa ham, «o’zini haqiqiy erkakdek tutadi»). Kichkintoyingiz hozir birnecha qavatli yapaloq gardishga o’xshaydi. Uning har bir qavati turli a’zo va to’qimalarga asos bo’ladi. Farzandingiz kelajagi uchun bu o’ta mas’uliyatli davrdir. Shuning uchun homiladorlikning birinchi haftalariga taalluqli tavsiyalar hozir juda ham muhim.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti
Portalda eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.