Boladagi o’zgarishlar
Bosh miyada uning bir bo’lagi bo’lgan, harakatlarni muvofiqlashtiruvchi kichik miya shakllanadi. Limfa tugunlariga asos solinadi. Buyrak usti bezlarining o’rta qavati rivojlanadi. Mashhur adrenalin aynan shu yerda ishlab chiqariladi. O’pkada bronxlarning ibtidosi bo’lib kalta naychalar vujudga keladi. Ayol jinsining tuxumdonlari farqlanadi. Kichkintoyingiz-ning yuzi ma’lum shaklga ega bo’ldi. Oyoq-qo’llar jadal shakllanadi: suyaklar mustahkamlanib, bo’g’imlar ajraladi, shuningdek, qo’l va oyoq barmoqlari bilinadi. Bu haftada birinchi mustaqil harakat bo’lishi mumkin, lekin siz buni sezmaysiz. Bola hali juda ham kichkina: uning uzunligi 13- 15 mm bo’lib, og’irligi atigi 1 g chiqadi.
Onadagi o’zgarishlar
Homiladorlikning 9-haftasi ona va bola orasidagi aloqani sinovchi muddatdir. Birinchi uch oylikdagi homila tushishining aksari aynan shu haftaga to’g’ri keladi. Nima uchun shunday bo’ladi? 7-haftada sariq tanacha yetarlicha «ishlayotgan» bo’lsa, 9-haftaga kelib, u so’na boshlaydi va progesteron, estrogen gormonlarini kamroq ajratadi. Bu gormonlar esa hozirda homila rivojida asosiy rol o’ynaydi. Endilikda homilaning qanchalar «yetukligi» va yangi vazifalarni bajarishga tayyorligi muhimdir. Agar oldingi haftalarda uning rivoji qoniqarli darajada bo’lsa, gormon miqdorining kamayishi juda oz bo’lib, organizmingiz buni oson yengib o’tadi. Homila shakllanishida kamchiliklar ro’y bergan bo’lsa, u o’z muddatida yangi vazifalarni bajara olmaydi. Homila normal rivojlanmaydi. Bu esa homilaning nobud bo’lishiga olib keladi. Agar qalqonsimon bezning ishida muammolar bo’lsa, 8-9 haftalikda endokrinolog ko’rigidan o’tish lozim. Qalqonsimon bez faoliyatining buzilishi, tabiiyki, homilaning rivojiga salbiy ta’sir ko’rsatadi. Ayoldagi kasallik darajasiga qarab bolada qalqonsimon bezning gipo yoki giperfunksiyasi kuzatilishi mumkin. Bunday asoratlarga yo’l qo’ymaslik uchun vaqtida davolanish kerak.
Ishlaydigan bo’lsangiz, mehnat ta’tili olib, uni o’zingiz va bo’lajak farzandingiz uchun sarflashning ayni vaqti. Ko’proq toza havoda sayr eting, ortiqcha og’irlik va zararli ta’sirlardan o’zingizni asrang. Iloji boricha kompyuterda kamroq o’tiring. Undan chiqadigan zararli nurlar homiladorlarga salbiy ta’sir etishi kuzatilgan. Homilador ayolning yaqinlari va qarindoshlari, asosiysi oila a’zolari bo’lajak onaga g’amxo’rlik qilishlari, tinch va osoyishta sharoit yaratib berishlari lozim. Qattiq hayajonlanish va asabiylashishlardan uzoqroq bo’lgani ma’qul.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti
Portalda eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.