Boladagi o’zgarishlar
Yurak shakllanishida «sayqallash» ishlari ketmoqda. Uning katta qon tomirlari bilan aloqasi yaxshilanmoqda. Oshqozon o’z o’rniga – qorin bo’shlig’iga joylashdi. So’lak bezlariga asos solindi. Suyak va, hattoki, bo’g’imlar ham rivojlanishni boshladi. Yuqori labning shakllanish jarayoni ketmoqda. Agar bo’lg’usi farzandingiz o’g’il bo’lsa, aynan shu haftada uning moyagi shakllanadi. Kichkintoyning bo’yi 8-11 mm.ga yetib qoldi.
Onadagi o’zgarishlar
Vrach-ginekolog sizga tug’ilajak bolangizning nasliy kasalliklar bilan tug’ilish xavfini tekshirish uchun genetik konsultatsiyadan o’tishingizni maslahat berishi mumkin. Shuningdek, sizga barcha kerakli tahlillarni topshirib, mutaxassis vrach ko’rigidan o’tish lozimligi aytiladi. Homiladorlikning boshlang’ich davridagi ko’ngil aynishi saqlanib qolib, hattoki, kuchayishi ham mumkin. Shuning uchun uni kamaytirish yo’lidagi tavsiyalarga quloq tuting.
Toksikozni kamaytirishning xalqona usullari
Ko’ngil aynishi – homiladorlikning og’izdan og’izga o’tib kelayotgan alomatlaridan biridir. Toksikoz ko’pchilik homilador ayollar duch keladigan holatdir. Lekin ozchilik uni yengib o’tadi. Ayollar maslahat xonasidagi har qanday shifokor ham dorilarsiz toksikozga bas kelish yo’lini aytib berolmaydi. Shunga qaramay, bunday usullar mavjud. Homiladorlikning ilk oydaridagi ko’ngil aynishi shunchalar odat tusiga kirib qolganidan hayz kelmasligi kabi bo’lishi lozim bo’lgan belgilar qatoriga kirib qolgan. Gohida shunday mulohazalarni ham eshitamiz:
«Men 9 haftalik homiladorman va umuman ko’nglim aynimayapti, bundan juda bezovtaman. «Balki biror kamchilik bormikan?» deb qo’rqaman. Eshitishimcha, agar toksikoz bo’lmasa, kichkintoyning o’sishida biror nuqson bo’larkan».
Avvalo shuni aytib o’tish lozimki, toksikozga noto’g’ri hayot tarzimiz aybdor. Qizgin ish sur’ati, yomon ekologiya va noto’gri oziqlanish shular jumlasidandir. Qishloqda yashaydigan, doimo toza havoda bo’ladigan ayollar shaharliklarga nisbatan bu ko’ngilsizlikdan kamroq aziyat chekishadi. Agar homilador ayolning ishdan ketib, dala hovlida yashashga, tabiiy mahsulotlardan iste’mol qilib, toza havoda sayr qilishga imkoni bo’lsa, albatta, bu juda yaxshi. Lekin hammamiz bilamizki, bunday farovonlikni barcha ham o’ziga munosib ko’rolmaydi. Xo’sh, qolganlar nima qilishi mumkin? Quyida o’zingizga mos keladiganini tanlab olishingiz mumkin bo’lgan xalqona usullarni berib o’tamiz:
Homilador ayollarda tomirlar kengayishi
Homilador ayollarda qon tomirlar kengayishga moyil bo’ladi. Bunga bir nechta omillar sabab:
Shu bilan birga tomirlar o’zgarishining quyidagicha belgilari kuzatiladi:
Homiladorlik davridagi tomirlar kengayishining oldini olsa yoki zararsiz darajaga olib kelsa bo’ladi. Buning uchun oyoqlarga tushadigan keraksiz bosimga yo’l qo’ymaslik lozim. Vazningizni haddan ziyod oshirmang. Uzoq vaqt bir yerda turmang va uzoq o’tirib qolmang. O’tirganingizda oyog’ingizni uzatib o’tiring. Yotgan chog’ingizda esa oyog’ingiz ostiga yostiqcha qo’yib oling. Zinhor og’ir narsalarni ko’tarmang. Ertalab turgan zahotingiz cho’ziluvchan paypoq kiyib oling. Ularni faqatgina kechqurun yotish oldidan yeching. Harakatingizni chegaralovchi kiyimlarni kiymang: keng belbog’, bog’ichli paypoq tor oyoq kiyimi. Tamaki chekmang. Tamaki va qon tomirlarining varikoz kengayishi orasida bog’liqlik borligi aniqlangan. Tomirlarning elastikligini ta’minlovchi S vitaminini o’z vaqtida qabul qiling.
Homiladorlik davrida tomirni jarrohlik yo’li bilan olib tashlash tavsiya etilmaydi. Uni tug’uruqdan so’ng bir necha oy o’tgach, qilish mumkin. Eng yaxshi holatda esa bu muammo tug’uruqdan so’ng – homiladorlikkacha bo’lgan avvalgi vaznga qaytganingizda o’z-o’zidan hal bo’lib, yo’qolib ketadi. Homiladorlik sabab ovqat hazm qilish tizimida o’zgarishlar bo’lishi mumkin. Organizmingiz progesteron va estrogen gormonini ko’p miqdorda ishlab chiqargani uchun hazm qilish tizimidagi muskullar bo’shashadi. Natijada ovqat sekin hazm bo’ladi va hazm qilish tizimining buzilishiga olib keladi. Bu siz uchun yoqimsiz bo’lsa ham, bolangiz uchun juda foydali. Ichaklar foydali moddalarni to’laligicha olib, qonga, so’ngra esa homilaga yetkazadi.
Homiladorlik davrida topshiriladigan taxlillar
Homiladorlikning eng birinchi va eng asosiy belgisi – hayzning vaqtida kelmasligidir. Bunda avvalo homiladorlik testini qo’llab ko’rish lozim. Test qog’ozchasi bir necha daqiqaga ertalabki peshobga botirib olinadi. Ertalabkiga botirilishining sababi u «homiladorlik gormoniga» ko’proq to’yingan bo’ladi. Ozgina vaqtdan so’ng ko’rinadigan chiziqchalar soniga qarab ayol homiladormi, yo’qmi – bilib olsa bo’ladi. Ikkita chiziqcha homiladorligini, bittasi esa, aksincha, homilador emasligini bildiradi. Agar test homiladorlikni inkor qilsa-yu, hayz kelmayotgan bo’lsa, tomirdan qon topshirish yo’li orqali homiladorlik gormonini aniqlasa bo’ladi. Busul eng ishonarli bo’lib, u orqali homiladorlikni ilk davridayoq aniqlash mumkin. Istagan diagnostika markazida qon topshirib ko’rishingiz imkoniyati mavjud.
Ko’pchilik ayollar homiladorlikni aniqlash uchun bachadonni ultratovush tekshiruvidan o’tkazishadi. Lekin aksari vrachlar homiladorlikning erta davrida bu tekshiruvdan o’tmaslikni tavsiya etadilar. Chunki uning bola organizmiga zararli ta’siri bor-yo’qligi oxirigacha o’rganilmagan. Agar homiladorlik muammosiz, yaxshi kechayotgan bo’lsa, birinchi UTT (UZI)ni 12-14-haftada o’tkazish maqsadga muvofiq. Bunda vrach homilaning qaerga yopishib birikkanligini, uning o’lchamini, homiladorlik muddatini va boshqa kerakli ma’lumotlarni aniqlaydi.
Homiladorlik aniqlanganidan so’ng ayol yashash joyidagi ayollar konsultatsiyasiga xususiy homiladorlarga ixtisoslashtirilgan meditsina markaziga ro’yxatga turadi. Ro’yxatga olish vaqtida shifokor topshirilishi lozim bo’lgan bir qancha tahlillarni yozib beradi. Odatda OITS, zaxm, gepatit, qon guruhini aniqlashga, umumiy va bioximik qon tahlili uchun qon topshiriladi, siydik tahlili va qindan surtma olinadi. Agar ayolning qon rezus faktori salbiy bo’lib, eriniki ijobiy bo’lsa, u holda har ikki haftada antitelaga qon tahlili topshirish zarur bo’ladi. Bulardan tashqari, homilador ayol quyidagi mutaxassislar ko’rigidan o’tishi lozim: terapevt, okulist, otolaringolog, stomatolog va elektrokardiogramma (EKG).
Ginekolog huzuriga homiladorlar har oyda bir marotaba boradilar. Har ko’rik oldidan siydik tahlili topshiriladi. Unga ko’ra ginekolog buyraklar ishini nazorat qilib boradi. 14-18 haftalik muddatda ginekolog sizga alfafetoprotein miqdorini aniqlash uchun qon topshirishingizni aytadi. Bu tahlil Daun sindromini, orqa miya shakllanishidagi kamchiliklarni va boshqa nuqsonlar bo’lsa, ularni aniqlash uchun o’tkaziladi. Lekin bu majburiy tahlil emas. 35 yoshdan oshgan homiladorlarga, oilasida shunga o’xshash kasallik- lar bo’lgan ayollarga uni topshirish zarurdir.
Homiladorlikning 24 -26-haftasida ikkinchi bor rejali UTT (UZI)dan o’tiladi. Unda shifokor kichkintoy tanasining tuzilishini ko’rib chiqadi, ichki a’zolarda tug’ma nuqsonlar bor-yo’qligini tekshiradi, bola jinsini, homilani o’rab turadigan suvning miqdori va sifatini aniqlaydi. Shu muddatda yana qondagi gemoglobin miqdorini tekshirish uchun, shu bilan birga anemiya bor-yo’qligini bilish maqsadida qon topshiriladi.
30-haftadan so’ng homilador ginekolog huzuriga har ikki haftada boradi. Shu vaqtda unga almashuv varaqasi beriladi. Bu varaqaga barcha tahlillar va tekshiruvlar natijasi yoziladi. 32-haftadan so’ng homilador ayol ishlaydigan bo’lsa, dekret ta’tili beriladi. 33-34 haftalik muddatda dopplerografiya tekshiruvi o’tkaziladi.
U bachadon qon tomirlaridagi qon oqish tezligini, yo’ldosh va asosiy tomirlarni tekshiradi. Bu xuddi UTT kabi o’tkaziladi, lekin undan farqli tomoni shundaki, mazkur tekshiruv orqali bolaning kislorod va kerakli moddalarni yetarlicha olyaptimi yoki yo’qmi aniqlanadi.
Homiladorlikning 35-36 haftalik muddatida takroran OITS, zaxm, bioximik tahlil uchun qon topshiriladi, qindan surtma olinadi. Oxirgi UTT o’tkaziladi. Uning yordamida shifokor homilaning holatini, bo’yi va og’irligini, bachadonda joylashishini, homilani o’rab turgan suvning miqdori va sifatini aniqlaydi. Agar hammasi me’yorida bo’lsa, homilador ayol xotirjam tug’uruq kunini kutishi mumkin.
Agar tahlil va tekshiruv natijalariga ko’ra bola yoki homiladorning ahvolida biror noxushlik aniqlansa, unda ayol alohida maxsus nazoratga olinadi. Qo’shimcha dorilar berib, yo’ldosh orqali qon aylanishini yaxshilaydilar, bir-ikki hafta o’tgach, qayta UTT (UZI) belgilanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti
Portalda eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.