Boladagi o’zgarishlar
Homila mukammal shakllanib bo’ldi. Bu haftada o’g’il bolalarda tuxumlar moyakka tushadi. Bolada oshqozon va ichaklar me’yorida ishlay boshladi, hattoki birinchi axlat – mekoniy yig’ilmoqda. U qanday paydo bo’ladi? Hammasi juda oddiy.
Bular homilaning atrofidagi yutgan suvlarini oshqozon va ichaklarning qayta ishlashidan hosil bo’ladi. Agar uning kimyoviy tarkibi o’rganilsa, yog’, bilirubin, xolesterin borligi kuzatiladi. Ko’pchilik kichkintoylar ona qornida soch va tirnoqlarini yaxshigina o’stirib olishadi. Tirnoqlari uzunligidan tug’ilayotganida yuzini tirnab olishi ham mumkin. O’g’il bolalarning o’rtacha vazni 3600 gr, qizlarniki – 3500 gr bo’ladi. Chaqaloqlarning uzunligi 50 sm.dan 53-54 sm.gachadir. Yangi tug’ilgan chaqaloq yig’lashi shartmi? Ha, shart. Chunki go’dakning ilk baqirib yig’lagani birinchi nafas bilan bog’liq. O’pkalar ishga tushib, kichkintoy nafas ola boshlaydi.
Onadagi o’zgarishlar «Nima uchun tug’uruq boshlanadi?» degan savolga hozircha aniq javob yo’q. Keng tarqalgan fikrlardan biri shuki, uning tashabbuskori – homilaning o’zidir. 40-haftaga kelib (yoki undan sal avvalroq) homila qiyin vaziyatda qoladi. Yo’ldosh anchagina eskirib, o’z vazifalarini yaxshi bajarolmay qoldi.
Homilaga yetarlicha ozuqaviy moddalar yetib kelmayapti. Bachadon esa unga torlik qilib qolmoqda. U o’zini yomon his qila boshlaydi va natijada buyrak osti bezlari ishlab, ko’p miqdorda kortizol – stress gormonini ishlab chiqaradi. Javob tariqasida ona organizmida gormonal balans o’zgaradi. Natijada bachadon yo’ldosh va ayol gipofizi ishlab chiqarayotgan biologik faol moddalarga juda sezgir bo’lib qoladi. U qisqara boshlaydi, dard tutadi, ketidan esa tug’uruq boshlanadi.
Hech kim, hatto juda tajribali shifokor ham tug’ish vaqtingizni aniq aytib berolmaydi. Tug’uruq yaqinlashganining uchta alomati Tug’uruq vaqti kelganining eng aniq belgisi bacha- don muskullariningqisqarishi-to’lg’oq. Bachadonog’irlashib, bosim butun qorin bo’shlig’ida seziladi. Alohida belgisi to’lg’oq tutishi emas, balki uning oralig’ida. Haqiqiy to’lg’oq har 10-15 daqiqada (oraliq boshqacha bo’lishi ham mumkin) takrorlanadi. Sekin-asta oraliq qisqarib boradi: to’lg’oq har 3-4 daqiqada takrorlanadi. To’lg’oqlar orasida ozgina bo’shashib, dam oling. Qindan bo’yincha shilliq pardasining ajralib chiqishi. U tug’uruqdan 2 hafta oldin ajralishi mumkin, gohida esa 3-4 hafta ilgari ham bo’ladi. Bu shilimshiq modda homiladorlik vaqtida tiqin vazifasini bajaradi. Uning yo’qolishi tug’uruq jarayoni boshlanganining belgisidir. Bu ajralma rangsiz, sarg’imtir yoki ozgina qonga bo’yalgan pushti rangdagi shilliq modda bo’ladi.
Suv ketishi. Homila qobig’i teshilganda suv sekin-asta oqib chiqadi. Agar birdan yorilib ketsa, suv ko’p miqdorda ketadi. Bu holat bachadon qisqarishidan avval ham ro’y berishi mumkin. Ushbu vaziyatda siz hech qanday og’riqni his qilmaysiz. Suv birdan ko’p miqdorda ketganida kechiktirmay darhol tug’uruqxonaga boring! Tug’uruq jarayoni Har bir ayolda tug’uruq jarayoni turlicha boshlanadi. Ba’zi ayollarda to’lg’oq asta-sekin boshlanib, oralig’i kamayib boradi va oxirida kuchanish xohishi bo’ladi. Boshqalarida esa birdan dard tutadi, ular boshlanishidan juda tez va oralig’i ham kam bo’ladi.
Uchinchilarida esa bu jarayon juda cho’ziladi. Tug’ilish Tug’uruq Ha Hademay bolajoningiz tug’iladi. Siz bu hodisani sabrsizlik, umid va muhabbat bilan kutmoqdasiz. Shu bilan birga, shubhasiz, qandaydir qo’rqinch ham bor.Oldingizdagi tug’uruq azoblari haqidagi o’ylar, kutayotgan farzandingiz siz tasavvur qilganingizdaymi, yo’qmi – bularning barchasi sizni tinch qo’ymaydi. Homiladorlik muddati tugayapti, lekin tug’uruq- xonaga qachon borish kerak? Birinchi bor ona bo’layotgan ko’pchilik ayollar o’zlariga aynan shu savolni be- radilar. Uning javobi oddiy: tug’uruq yaqinlashayotganining xabarini beruvchi kuchli va davomli og’riq. Xalq tilida buni «dardi boshlandi» deyishadi. Agar davomli og’riqlar bo’layotgan bo’lsa, demak, xademay tug’asiz. Bunda asosiysi hovliqmasdan, hayajonlanib, sarosimaga tushmasdan harakat qilish lozim. O’zingizni qo’lga olib tinchlaning. Chuqur-chuqur nafas olib, nafas chiqaring. O’zingizga qulay holatda o’tiring yo yotib oling.
Og’riqlar orasi tezlashib ketmasidan avval tug’uruqxonaga yetib olishga harakat qiling. Yo’lga ketadigan vaqtni, kutilmagan holatlarni olgan holda uyingizdan tezroq chiqqaningiz ma’qul. Tug’uruqxonaga kelganingizda sizni qabul qilgan shifokor homiladorligingizning taxminiy tugash vaqtini, dard tutish oralig’ini, nechanchi farzandingizga homiladorligingizni so’rab, kerakli hujjatlarni to’ldiradi. Qorningizni paypaslab ko’rib bola boshi bilan tug’iladimi yo boshqacha joylashganmi – aniqlaydi. Qon bosimingizni, tana haroratingizni, og’irligingizni o’lchashadi. Qon va peshobni tahlil qilishadi.
Tekshirish natijalarida turlicha holat kuzatilishi mumkin:
Tug’uruq boshlanishidan avval sizning kiyimlaringizni almashtirib, tug’uruq bo’limiga olib o’tishadi. Bola tabiiy yo’l bilan dunyoga kelishi uchun uchta talab qo’yiladi: bachadonning samarali qisqarishi (to’lgoq), bachadon bo’yinchasining ochilishi, homila boshining onaning tos suyaklari orqali harakatlana olishi.
Bola tug’ilgach, yengil nafas olib, xotirjam bo’lib, tinchlanasiz. Endi shuncha kutgan kichkintoyingiz bilan, nihoyat, yuzma-yuz ko’rishasiz. Yarim soatlar o’tgach, to’lg’oq dardi yana yangilanadi. Endi yo’ldoshdan xalos bo’lasiz. Tug’uruqning bu oxirgi bosqichi odatda qiyinchiliksiz kechadi. Agar yo’ldosh tabiiyo’l bilan tushmasa, uni shifokor sun’iy usulda tushirib oladi.
Bolajoningizni eson-omon dunyoga keltirib, birinchi yig’isini ham eshitdingiz. Uni darhol qorningizga yotqizishadi. Terisining rangini ko’rib hayron bo’lmang. Kichkintoyingizni yuvib, artib, kerakli gigienik talablarni bajarishadi. Yo’ldosh tushganidan so’ng bachadonni yaxshilab tekshirishadi, agar unda yo’ldosh bo’lakchalari qolganligiga gumon bo’lsa, qo’l bilan tekshiriladi.
Tuqqaningizdan so’ng yana ikki soatcha kichkintoyingiz bilan tug’uruq xonasida bo’lasiz. Otasi jarayonda ishtirok etmagan bo’lsa, unga kirishiga ruxsat etiladi. Doimiy sizning qon bosimingizni, tana haroratingizni o’lchab, qon ketishining oldini olish uchun bachadon qisqarishini kuzatib borishadi. Ba’zi poklanish ishlaridan so’ng boshqa xonaga olib o’tishadi. Agar umumiy narkoz yordamida tuqqan bo’lsangiz, u holda kichkintoyingiz bilan o’zingizga kelganingizdan so’ng, boshqa xonaga olib o’tishganida ko’rishasiz.
Kesar kesish
Kesar kesish amaliyoti oldindan rejalashtirilgan bo’lishi yoki tug’ish vaqtida to’satdan lozim qolishi mumkin. Masalan, bachadon bo’yinchasi juda sekin ochilganda homila qiynaladi. Bu esa asoratlar olib kelishi ehtimoli bor.
Bu usulga yana bola boshining kattaligi sabab bo’ladi. Garchi bachadon bo’yinchasi butunlay ochilib, to’lg’oq samarali bo’lsa ham, onasining tos suyaklari orasidan chaqaloq boshi o’tolmasa, kesar kesish qo’llaniladi. Bu holatlarni homiladorlikning oxirgi oylarida ham oldindan bilib bo’lmaydi.
Kesar kesish amaliyotining zarurligi ko’pincha homiladorlikning 8-9-oylarida bilinadi.
Birinchi oziqlantirish Ona suti bilan boqishga qaror qilgan bo’lsangiz (albatta, bu juda zarur va bola uchun tengsiz foydali), homiladorlikning oxirgi oylarida ko’kragingizni bola emishiga tayyorlang.
Buning uchun tug’ishgacha ko’krak uchini yumshatuvchi krem bilan silang. Agar ulgurmagan bo’lsangiz, buni emizish oralig’ida bolaga zarari tegmaydigan hidsiz krem bilan yumshatishingiz mumkin. Sekin-asta aylana harakatlar yordamida ko’kragingizni massaj qiling. Bu kichkintoyingizga og’iz sutini qiynalmay emishiga yordam beradi. Og’iz suti chaqaloq uchun juda foydali bo’lib, unda ko’plab infeksiyalarga qarshi kurashuvchi modda va vitaminlar bor. Onaning bolasini emizishi o’zi uchun ham foydalidir. Shunday foydalaridan biri – emizish bachadon qisqarishiga yordam beradi. Emizmagan ayollarda bachadon qisqarishi sekin va og’riqli kechadi.Tug’uruqdan so’ng ona organizmi o’ziga kelishi uchun 6-8 haftalar ketadi. O’zini yaxshi his qilishi uchun esa bir necha oylar kerak bo’ladi.
Barcha insonlar kabi sizning qo’lingizdagi kichkintoyingiz ham xursand bo’lishi, nimanidir yoqtirishi, shu bilan birga jahli chiqishi, qo’rqishi yo xafa bo’lishi mumkin. Faqatgina siz uni to’g’ri tushunib, qo’llab-quvvatlab, kelajakda to’g’ri yo’lini topib ketishiga yordam bera olasiz. Tarbiyaning asosi oiladan boshlanadi. Insonlarning bir vaziyatda turlicha yo’l tutishlarining sabablaridan biri ham shunda. Bolalikdan singdirilgan oiladagi tarbiya asosi umr bo’yi kishi hayotiga o’z ta’sirini o’tkazib keladi. Tug’uruq oson va bexavotir o’tishi uchun nima qilish kerak Har xil savollar, xavotiru qo’rquvlar dilni ezib tursada, ota-onalik tashvishlari farzand tug’ilmasidan ilgari boshlanadi. Ona-bola salomatligini saqlab qolish umumiy maqsadga aylanadi.
Avvalgi va hozirgi kundagi tuguruqlar Birinchi bor homilador bo’lgan ayol yosh onalar bilan suhbatlashib qolsa, tug’uruq jarayonidagi og’riqlar haqidagi hikoyalardan so’ng tug’ishni qo’rqinchli bir narsa deb o’ylay boshlaydi. Aslida ona uchun bolasini dunyoga keltirishdan ham ko’ra ulkanroq baxt yo’q.
Tarixdagi tug’uruq jarayonlarini ko’zdan kechirsak, ular benuqson bo’lmaganini ko’ramiz. Ona va bolaning salomatligini o’ylab tug’uruq jarayon. ari tug’uruqxonalarda kechadigan bo’lgandan so’ng ular qon, og’riqlar bilan bog’liq bo’lgani uchun jarrohlik kasalliklari bilan tenglashtirildi.
«Bemor» avval uni tug’ishga tayyorlaydigan xonaga olib kiriladi. Yoqimsiz tayyorlov amaliyotlaridan so’ng tug’uruq xonasiga olib borishadi. Qo’rqinchli jarrohlik xonasiga o’xshash xonadagi qattiq stolga yotqizib qo’yishadi. Ustiga-ustak davomli tug’uruqoldi og’riqlari boshlanadi. Tug’ish «operatsiyasi» tugagach, onaning o’ziga kelishi uchun boshqa xonaga olib o’tishadi.
Ta’riflab bo’lmaydigan tug’ilish azoblaridan so’ng go’dak o’ziga o’xshash yangi tug’ilgan chaqaloqlar yotgan xonadagi noqulay o’rinda o’ziga keladi. Ona va bola har 4 soatda – go’dakni emizganda – uchrashishadi. Qolgan vaqtda esa bir-birlaridan uzoqda «dam olishadi». Bir oz vaqt o’tgach, ona va bola qaysidir ma’noda bir-birlaridan uzoqlashgan holda kasalxonani tark etishadi.
Hozirgi kunda homiladorayollar tug’ish oldidan turmush o’rtoqlari bilan to’g’ri va og’riqsiz tug’uruqqa tayyorlanishadi. Endilikda otalar ham bu jarayonda ishtirok etishmoqda. Tug’ish oilaviy ishga aylanib bormoqda. Unda ayolning onasi yoki qaynonasi ham qatnashishi mumkin. Tug’uruq og’riqlaridan qiynalayotgan ayolning yaqinlari oldida bo’lsa, unga dalda bo’ladi. Tug’ish xonalari ham shunga mo’ljallangan. Ona va bola tezroq muloqotga kirishishi, go’dak qorni ochganida emishi uchun bir xonaga joylashtiriladi.
Tug’uruq yaxshi kechishi uchun maslahatlar: Shifokor va akusher aytganlarini o’z vaqtida bajaring. Ko’proq harakat qiling. Farzandingizni qo’lingizga olish baxti tug’uruq og’riqlari oldida hech narsa emas.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti
Portalda eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.