Boladagi o’zgarishlar
30-haftaga kelib, homilangiz juda-juda faollashadi, atrofidagi suvda maza qilib suzadi. Uxlagan vaqtida ham mushtumchalarini tugib olib, g’uja nak bo’lib oladi. Uyqudan uyg’onganida esa turganligini bildirib kerishadi, oyoq-qo’llarini yozadi, aylanadi. Bu harakatlar sezilarli bo’lsa ham, keskin va qo’pol emas. Agar u o’zini yomon his qilsa, masalan, onasi charchaganida yoki chekilgan xonada bo’lsa, harakatlari keskin o’zgarib, qo’pol va talabchan bo’ladi. Kuchli tepinishlarda ogoh bo’ling, lekin u bolangizning serg’ayratligidan ham bo’lishi mumkin. Kichkintoy uni o’rab turgan dunyo haqida birmuncha tasavvurga ega. Biz bachadonni qorong’i joy deb o’ylashga o’rganib qolganmiz. Aslida unday emas. Bachadon ichidagi yorug’lik miqdori homilador ayolning qanday muhitda turganiga bog’liq. Shunday qilib, kichkintoyingiz yorug’lik va qorong’ulik nima ekanini yaxshi biladi. Homilaning uzunligi 35 sm, og’irligi esa 1100 gr keladi. Nozik terisi qizg’ish rangda bo’lib, yupqa yog’li qatlam bilan qoplangan. Bu davrga kelib, vaqtidan ilgari tug’uruq bo’lsa, go’dak asoratlarsiz tug’ilganida mutaxassislar parvarishi yordamida yashab ketishi mumkin.
Onadagi o’zgarishlar
30-haftadan boshlab ishlayotgan ayollarga tug’uruqqacha bo’lgan ta’til beriladi. Uni kechroq berishgan vaqtlar ham bo’lgan, lekin tekshiruvlar shuni ko’rsatdiki, bu davrdagi faol mehnat, jismoniy va ruhiy zo’riqishlar bolaning belgilangan muddatdan ilgari tug’ilishiga sabab bo’lishi mumkin. Ona organizmi shusiz ham ortiqcha og’irlik bilan ishlayapti. Bachadon kattalashib, diafragma yurakka bosim o’tkazganidan u, hattoki, ko’krak qafasidagi o’z holatini o’zgartiradi. Nafas olishda ham qiyinchiliklar kuzatiladi.
29-32-haftalarda bolaga avvalgidan ko’p ozuqaviy moddalar, vitaminlar, mineral tuzlar kerak bo’ladi. Bularning barchasini unga ona organizmi yetkazib beradi. Shulardan kelib chiqib, ta’tilni dam olish bilan o’tkazsangiz, maqsadga muvofiq bo’ladi. Bo’sh kunlaringizni og’ir uy yumushlarini bajarishga, uyingizni ta’mirlashga yoki yaxshilab tozalashga sarflamang. Bozor va do’konlarga xarid niyatida ham yugurmang. Lekin kun bo’yi osmonga qarab yotish ham to’g’ri emas. Homiladorligingiz ko’ngildagidek yakunlanishi uchun doimiy harakatda bo’lishingiz talab etiladi! Agar kun davomida ko’p harakat qilishga, sayrga chiqishga odatlangan bo’lsangiz, bu juda yaxshi.
Ko’pchilik ayollarni ich qotishi, qorin dam bo’lishi bezovta qiladi. Sizga faqatgina to’g’ri parhez yordam berishi mumkin. Avvalgidek gazli mahsulotlar, qorinni dam qiluvchi – uzum, karam, no’xot, boshqa dukkaklilar, yangi sut, oq non va shirinliklar ko’p miqdorda mumkin emas.
Kichkintoyingizga esa har kuni 100-200 gr xom sabzini olma va bir qoshiq smetana bilan yeb olsangiz juda yoqib tushadi. Ichaklar faoliyatini bug’da yoki qaynoq suvda yumshatib olingan quruq mevalar ham yaxshilaydi. Ich yurishtiruvchi dorilarni ichmang. Homiladorlikning oxirgi uch oyligida ular bachadon qisqarishiga va muddatidan ilgari tug’uruqqa olib kelishi mumkin.
Tekshirilgan va oddiy usullardan foydalaning. Turshak, mayiz, quritilgan anjir va qora olxo’rini teng miqdorda olib, yaxshilab yuving, quriting va go’shtqiymalagichdan chiqaring. Hosil bo’lgan qorishmani qopqog’i yopiladigan bankaga solib, sovutgichda saqlang. Nonushta, tushlik va kechki ovqat oldidan bir qoshiq yeb oling. Ketidan suv ham ichishingiz mumkin. Avvalgi ikki kunda o’zgarishlar sezilmasa ham, asta-sekin hammasi iziga tushib ketadi.
Homiladorlikning 32-haftasidan bola odatda hozirgi holati qanday bo’lsa, tuguruqqacha shu holatida qoladi. Ko’pincha uning boshipastga qaragan bo’ladi. Agar u bachadon bo’yinchasiga tos suyagi yoki dumbasi bilan kelib qolsa, tug’ilishi qiyin bo’ladi, lekin bola hali aylanishi ham mumkin. Bola tos suyagi bilan to’g’ri kelib qolganida unga aylanib olishiga yordam berish uchun maxsus mashqlar bajariladi. Homiladorlikning 30-haftasidan boshlab bo’lg’usi onalarga chalqancha yotish tavsiya etilmaydi. Buning sababi shuki, bachadon ostidagi qon tomirlari ezilishi natijasida qon yaxshi aylanmaydi. U esa o’z navbatida havo yetishmasligi, bosh aylanishi, ko’z tinishi, yurakning tez urishi, qon bosimining tushib ketishi kabi ko’ngilsizliklarni olib keladi.
Agar shunday holat yuzaga kelsa, yonboshlab yotishning o’zi kifoya qiladi. Bolaning ko’ndalang joylashishi homiladorlikning avvalida bolangiz kichkinaligida bachadonichida bemalolaylanib, o’z holatini o’zgartirishi mumkin. Vaqt o’tishi bilan uning bo’yi o’sib, kattalashgani sari bachadon unga torlik qila boshlaydi. 30-haftaga kelib, bola boshi pastga qaragan holatda joylashadi. Bu tug’uruq uchun eng qulay vaziyatdir. Chaqaloqlarning 90% i shu holatda tug’iladi. Lekin bola teskari joylashib olgan holatlar ham bo’ladi. Bunda u ko’ndalang kelib, bachadon bo’yinchasi oldida dumbasi bilan joylashadi. Bu holatda tabiiy tug’uruqning iloji bo’lsa ham, juda qiyinchilik bilan kechadi. Bolaning teskari holatda yotgani UTTda yoki shifokor paypaslab ko’rganida bilinadi. 30-haftadan so’ng bolangiz ko’ndalang yotgan bo’lsa, sizga unga ko’maklashishingiz uchun ba’zi mashqlarni bajarishni tavsiya etishadi. Bundan vahimaga tushmang. Ba’zi bolalar 32-34-haftalardan so’ng, ba’zilari esa tug’ilishidan oldin to’g’ri vaziyatga keladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti
Portalda eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.