Boladagi o’zgarishlar
Kichkintoyingiz rivojlanishning yangi bosqichiga o’tdi. Uning tirsak bo’g’imlari, qo’l va oyoq barmoqlari, quloq suprasi, yuqori labi shakllandi. Tashqi jinsiy a’zolari rivojlana boshladi. Kichkintoy hayotining avvalgi yillarida yorib chiqadigan sut tishlari rivojlanadi. Suv ichida bo’lishiga qaramay, o’zini qulay his etadi. U juda tiniq bo’lib, 20 ml atrofidadir. Kichkintoyning ko’zlari katta-katta ochiq holatda bo’lsa ham, biror narsani ko’ryaptimi yoki yo’qmi, bu haqda hech narsa deya olmaymiz. Homilaning og’irligi 4 g atrofida bo’lib, uzunligi 27-35 mm chiqadi.
Onadagi o’zgarishlar
Erta toksikozning sababi nimada? Homila tarafidan ishlab chiqariladigan gormonlar ro’yxatiga yana bir gormon kiradiki, u modda almashinuviga o’z ta’sirini o’tkazib, yog’ kislotalarini ishga soladi. Natijada ayol organizmidagi oqsil sintezini kamaytiradi. Bu esa o’z navbatida bola to’qimalarini «qurishga» sarflanayotgan aminokislotalar zaxirasini orttiradi. Shunday qilib, yo’ldosh va homila ona organizmidagi modda almashinuvini o’z ehtiyojini qondirish maqsadida «boshqara» boshlaydi. Bu kuchayib borayotgan jarayonlar organizmning «yangi holatiga» moslasholmasligiga sababchidir. Mana shu homiladorlikning birinchi yarmidagi toksikoz bo’ladi.
Onada ko’ngil aynishi, qayt qilishidan tashqari vazn kamayishi, terining qurishi, bo’shashish kuzatiladi. Kamquvvat, uyquchan bo’lib qoladi. Homiladorlikning bunday belgilari kuchayib boraversa, albatta, shifokor yordami kerak bo’ladi. Bu davrdagi toksikoz nafaqat sizni qiynaydi, balki bolaning ham rivojiga salbiy ta’sir etadi. Gap shundaki, davomli qayt qilishda organizm suvsizlanadi va natijada homilaga ozuqa moddalarining yetib borish tizimi buziladi, vaholanki, ayni shu davrda bosh miya shakllanadi. Ahvolingiz yaxshilanishini qo’l qovushtirib kutib o’tirmang. Kechikish yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin. Birinchi belgilari paydo bo’lishi bilan akusher-ginekologga murojaat eting. Odatda vaqtida ko’rilgan davo choralari ko’ngilsizliklarning oldini oladi. Bu davrda sayr qilish juda foydali. Oz-ozdan tez-tez biror narsa iste’mol qilib turing. Taom issiq bo’lmasligi va lazzatli bo’lib, huzur baxsh etishi lozim. Birinchi uch oylikda ichaklaringiz faoliyatiga alohida e’tibor bering. To’la bo’lgan to’g’ri ichak bachadonni ezadi. Bu esa yaxshilikka olib kelmaydi. Shuning uchun ich kelishini kunda nazorat qiling. Qabziyatning oldini olishda qora non, yangi uzilgan sabzavot va mevalar, qaynatilgan lavlagi, tuzlangan va yangi karamyordam beradi. Nahorda och qoringa ichilgan bir piyola suv yoki yotishdan oldin ichilgan qatiq ham ich kelishiga yaxshi naf beradi. Surgi dori ichish va huqna (klizma) qilish tavsiya etilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti
Portalda eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.