Boladagi o‘zgarishlar:
Homilaning vazni taxminan 140 gr chiqadi. Tanasi va yuzi mayin tuk bilan qoplangan (lanugo). Kichkintoyning terisi shu qadar mayin va yupqaki, undan qon tomirlari ko‘rinib turibdi. Qo‘l va oyoq bo‘g‘imlari shakllandi, suyaklar qotishni boshladi. Barmoqlarida o‘zining shaxsiy takrorlanmas naqshli izlari bor. Kichkintoyingizning bo‘yni bilina boshladi. Ko‘krak qafasi nafas olish harakatlarini bajaradi. Endi u barmog‘ini so‘ra oladi, yutinadi.
Sut tishlarining murtagi tishning asosiy qatlami bilan qoplanadi (dentin). Doimiy tishlarga asos solinadi. Doimiy tishning murtagi har bir sut tishining orqasida joylashgan.
Onadagi o‘zgarishlar:
Mo‘’tadil qon bosimi homiladorlik vaqtida o‘zgarib turadi. Odatda, u boshlang‘ich oylarda bir oz tushsa, taxminan yettinchi oylardan boshlab ko‘tarilishi mumkin. Homiladorlik davridagi yuqori qon bosimiga quyidagilar sabab bo‘lishi mumkin:
asab buzilishi;
tez yurish;
homiladorlik kechishi bilan bog‘liq bo‘lgan xavotirlanish;
kutilmaganda vazn ortishi (ikkinchi uch oylikda haftasiga 1,5 kg.dan ortiq va uchinchi uch oylikda 1 kg.dan ortiq);
oyok, qo‘l va kaftlardagi shishlar (organizmda suyuqlik yig‘ilib qolishi natijasida);
siydiqda oqsil paydo bo‘lishi.
Qon bosimining ko‘tarilishi sababini darhol aniqlash mushkul. Shuning uchun shifokor sizga asabiylashmaslikni, xotirjam kun tartibini tavsiya etadi. Ortiqcha xavotir va tashvishlanish qon bosimining to‘satdan oshishiga olib keladi. Agar boshingiz og‘riganini, ko‘z oldingiz qorong‘ilashganini, asabiylashish va shu kabi alomatlarni kuzatsatgiz, darhol shifokoringizga uchrashing.
Anemiya ko‘pchilik ayollarda homiladorlikkacha bo‘lgan muddatda ham kuzatiladi. Organizmdagi temir miqdori kamligini ayollarda hayz ko‘rish davri bilan bog‘lash mumkin. Homiladorlik vaqtida temir bo‘lgan talab yanada ortadi. Oziqlardan yetarlicha temir moddasiga ega bo‘lmagan homilador ayollarda uning yetishmovchiligi boshlanadi. Temir moddasiga boy bo‘lgan parhez va tarkibida temir bo‘lgan dorilar anemiyadan xalos bo‘lishingizga yordam beradi.
Qondagi temir yetishmovchiligi birinchi tekshiruvdayoq ko‘rinishi mumkin, ayniqsa homiladorlikning 20-haftasidan so‘ng bu ko‘proq bilinadi. Ushbu davrda qon hajmi ortib, homilaning temir moddasiga bo‘lgan talabi oshib boradi, Temir moddasi yetishmaganda, kislorod tashuvchi qizil qon tanachalari sezilarli darajada kamayganda quyidagi holatlar kuzatiladi: rangparlik, charchash, nimjonlik, yurakning gez urishi, havo yetishmasligi va hushdan ketish.
Bolaning temirga bo‘lgan talabi birinchi navbatda qondiriladi. Shuning uchun anemiyaga yo‘liqqan ayollarning farzandlarida temir moddasining yetishmasligi odatda kuzatilmaydi. Lekin anemiyasi bor homilador ayollarning bolasi muddatidan ilgari tug‘ilishi yoki vazni yetarlicha bo‘lmasligi mumkin. Temir tanqisligining oldini olish uchun temir moddasiga boy oziqlardan ko‘proq iste’mol qilish tavsiya etiladi. Anemiya bo‘lganda esa 30 mg qo‘shimcha temir moddasi qabul qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti
Portalda eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.