Boladagi o‘zgarishlar:
Kichkintoyingizning umumiy uzunligi endilikda 20-22 sm! Og‘irligi esa taxminan 200 gr keladi. Homilaning suyaklari mustahkamlanishda davom etmoqda. Qo‘l va oyoqdagi barmoq suyaklari shakllanib, ularda o‘ziga xos takrorlanmaydigan naqshlar – barmoq izlari paydo bo‘la boshladi. Homilaning harakatlari ko‘paygani sari yurak faoliyati kuchayib boradi, qon bosimi ko‘tariladi, butun tana va yo‘ldosh bo‘ylab qon aylanishi tezlashadi. Bu kabi faol harakatlar homilaning mushaklari, miyasining rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Onadagi o‘zgarishlar:
Ko‘pchilik ayollar homilalarining birinchi harakatini aynan shu muddatda sezadilar. Ular bu hodisani doimo sabrsizlik bilan kutishadi. Agar bola qimirlashini belgilangan muddatda sezmasalar, bundan xavotirga tushishadi. Aslida homila homiladorlikning 7-haftasidan boshlab qimirlaydi. Lekin onasi uni kechroq – 14-26-haftalar oralig‘ida payqaydi (odatda, 18-22-haftalarda).
Bolaning qimirlashini muddatidan ilgari avval tuqqan yoki juda ozg‘in ayol sezishi mumkin. Farzandlari bor ayolga bu harakatlar tanish bo‘lgani bois ularni oson ilg‘ab oladi. Uning bachadon muskullari birmuncha bo‘shashgan bo‘lgani uchun bolaning harakatlari sezilarli bo‘ladi. To‘la ayollar bolalarining qimirlashini nisbatan kuchliroq bo‘lganida biladilar. Ona homiladorlik muddatini noto‘g‘ri belgilaganida ham bolaning qimirlaganini sezmay qolishi mumkin. Bu hislar o‘ziga xos bo‘lib, uni hech narsa bilan taqqoslab bo‘lmaydi. U go‘yo qorin yengil titragandek yoki tirsak bilan turtgandek, «bo‘sh oshqozonning kuldurashiga» o‘xshash harakatlar kabi bo‘ladi.
Homiladorlik davrida qindan oqishsimon moddalar ajraladi. Bu holat tabiiy bo‘lgani sababli undan xavotirga tushish kerak emas. Ozodalik va infeksiyalarga chalinmaslik uchun ba’zi qoidalarga amal qilish lozim. Iloji boricha tamponlardan foydalanishdan voz keching, chunki ular mikroorganizmlarning qinga tushish ehtimolini oshiradi. Tozalikka rioya qilgan holda ostingizni sovun bilan yuvib, oldindan orqaga qaratib chaying. Paxtalik ich kiyim kiying va tor jinsi kolgotka, shimlardan voz keching. Xar kuni ichiladigan bir piyola tirik laktobatsil atsidofil tayoqchalariga ega qatiq qinning kasallikka chalinish ehtimolini kamaytiradi. Agar infeksiya jinsiy yo‘l bilan o‘tadigan bo‘lsa, butunlay sog‘ayib ketmaguningizcha aloqada bo‘lmaganingiz yaxshi. Davolanganingizdan so‘ng ham 6 oy mobaynida prezervativdan foydalanishingiz tavsiya etiladi. Sarg‘ish yoki yashil tusdagi yoqimsiz hidga ega bo‘lgan achishish va qichishishlar, qizarish va og‘riqlar bilan bo‘ladigan ajralmalar kelganida bu haqda shifokorga ayting. Ular kasallik yuqtirganingiz alomatidir. Bunday infeksiyalar davolanishni talab qilsa ham, bola uchun xavfli yeri yo‘q.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti
Portalda eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.