Ona bo’lish har bir ayol orzu qilgan baxt ekanini barchamiz yaxshi bilamiz. Homiladorlik belgilari paydo bo’lganda, yaxshisi, shifokorga borib uchrashing. Chunki siz homiladorlik deb o’ylagan belgilaringiz boshqa kasallikning boshlanishi ham bo’lishi mumkin. Ko’pchilik ayollar hayz vaqtida kelmaganida shunday gumonga boradilar. Homiladorlikdan tashqari, ba’zi boshqa kasalliklarda, ruhiy zarbada, hayot tarzining o’zgarishida, iqlim o’zgarganida, ayrim dorilar ta’sirida ham hayz ko’rmaslik mumkin. Shuning uchun avval uning sababini aniqlash lozim.
Shifokor huzuriga borganingizda u sizga turli tahlillar topshirishingizni taklif etadi. Hozirgi kunda ba’zi tahlillarni shifokor nazoratisiz qilish mumkin. Buning uchun ekspress-testlar mavjud. U peshob yordamida homilani aniqlaydi. Agar ko’rsatilgan yo’riqnoma bo’yicha to’g’ri amal qilib tekshirsangiz, tezda natijaga ega bo’lasiz. Bir zumda homiladormisiz, yo’qmi – aniqlab beradi.
Salbiy natijani ko’rib shubhalansangiz, bir necha kundan so’ng tahlilni takrorlang. Sababi homiladorlikning erta davrida va peshobdagi modda yetarli bo’lmaganida ham natija siz kutgandek bo’lmaydi. Bo’lajak ona organizmidagi jismoniy o’zgarishlarga to’lishish bilan birga bachadon hajmining ortishi, ko’kraklar kattalashishini ham qo’shish mumkin. Shuningdek, qon aylanishi, nafas olishi va siydik yo’li, ovqat hazm qilish a’zolarida ham o’zgarishlar kuzatiladi. Ona organizmining barcha a’zolari yangi holatga moslasha boshlaydi.
Bachadon homiladorlikning boshidayoq o’zgaradi. To’qqiz oyda u 50-60 gr og’irligidan 1 kg.gacha, uzunligi 6,5 sm.dan 32-33 sm.gacha, sig’imi esa 2-3 ml.dan 4ml, gohida esa 5 ml. gacha kattalashadi. Tanangizdagi o’zgarishlarni siz 4-5 oylarda ko’rishingiz mumkin. Bachadon butun homiladorlik davrida o’zgarib boradi. Cho’ziluvchan qorin devorlari asta kattalashadi. Birinchi oylardanoq ko’krak so’rg’ichlari qoramtir rangga kiradi. Qon orqalӣ homilaga zarur bo’lgan barcha moddalar yetib boradi va chiqindilari qaytib chiqadi.
Tug’uruqqacha onaning qon tomirlari kengayib, tanadagi qon miqdori 4 l.dan 5-6 l. gacha ortadi. Temir moddasiga bo’lgan talab kuchayadi. Shifokor ko’rsatmalariga amal qilib, temir moddasi bor oziq-ovqat va dorilarni qabul etib turish lozim. Yurak urishi 3-oydan boshlab tug’uruqqacha daqiqasiga 60-90 taga yetadi. U katta hajmdagi qonni tanaga haydab berish uchun tezroq uradi. Barcha yurak qon tizimi qo’shimcha og’irlikka moslashadi. Nafas olish a’zolarida ham o’zgarishlar ro’y beradi. Burundan nafas olish qiyinlashadi. Axir, siz ikki kishi uchun nafas olasiz-da! Bachadon kattalashib, oshqozon, ichak va siydik qopchasini siqa boshlaydi. Lekin onaning ichki a’zolari yangi sharoitga moslashib, o’sayotgan homilaga joy bo’shatishadi.
Homiladorlikning boshlang’ich davrida so’lak oqishi, milklar qonashi kuzatiladi. Stomatolog huzuriga borib, tishlaringizni avvaldan davolatib oling. Bu davrda tishlar ko’p kareysga uchraydi. Sog’lom tishlar esa ovqat yaxshi hazm bo’lishining omilidir. Progesteron gormoni ta’sirida ichak oshqozon kabi sekin ishlay boshlaydi. Oqibatda ich qotishi kuzatiladi. Homila kattalashib, bachadonni eza boshlaydi. Shu sabab tez-tez hojatga borish xohishi bo’ladi. Buning ustiga qon hajmi ko’payib, buyrak ishi ortadi.
Homiladorlik taqvimi / Tuzuvchi L.Rixsiyeva. –T.: YURIST MEDIA MARKAZI, 2016. – 136 b.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti
Portalda eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.