Biz farzandlarimiz o’sishidagi mayda-chuyda o’garishlarni to’liq anglay olmaymiz, chunki ularni har kuni ko’ramiz. Ular esa biz o’ylaganimizdan tezroq rivojlanadilar. Professor, rivojlanish psixologiyasi bo’yicha dunyoga mashhur shveytsariyalik mutaxassis Jan Piaje uch farzandining rivojlanishini kuzatib, o’sish bosqichlari nazariyasini yaratdi. Uning kitoblarini qancha ko’p mutolaa qilsam, rivojlanishning har bir bosqichida to’g’ri ta’lim va muhitning ahamiyatini chuqurroq his etaman.
Piaje kuzatuvlariga ko’ra, yangi tug’ilgan chaqaloq og’ziga tushgan narsani so’radi, ammo tug’ilganidan 20 kun o’tib faqat sutni ichadi va uni qat’iyat bilan talab qiladi.
Uch oydan so’ng go’dakda biror narsaga, masalan, yotoq tepasida osilib turgan o’yinchoqqa yetishish va ushlash istagi rivojlanadi, chaqaloq buni katta ishtiyoq bilan qiladi. Bir yarim yoshda esa qo’li yetmagan narsani tayoq bilan olish mumkinligini fahmlaydi. Ikki yoshdan so’ng so’zlarning mavhum ma’nolarini o’zicha anglagan holatda bog’lashga intiladi. Masalan, “erkak” so’zini faqat o’z otasi bilan yoki “yomg’ir” so’zini ko’chadagi suv sepadigan mashina bilan bog’laydi.
Bundan tashqari, bolalar to’rt yoshlar atrofida bo’lganida katta stakanga yarim qilib quyilgan sharbatdan ko’ra, bir xil hajmda bo’lsa ham, kichkina stakanga to’la quyilganini ko’proq deb ishonadilar. Yoki “Krekr” pechenyesi maydalansa, soni ko’payadi deb o’ylaydilar. Asosiysi, bola shu kabi mayda jihatlarga e’tibor bera boshlaydi.
Bola ham jismonan, ham aqlan juda tez rivojlanadi. Shuning uchun har bir bosqichda uning rivojlanishini to’g’ri rag’batlantirish kerak. Bunga erishish uchun ota-ona bolaga nima va qachon kerakligini, nimaga qiziqayotganini diqqat bilan kuzatishi lozim. Chunki bolaga eng yaqin insonlar ota-onadir. Xorijiy tilni o’rganish uchun vaqtni to’g’ri tanlash muhim. Chunki har bir erta rivojlanish bosqichining o’z vaqti-soati bor.
Masalan, bola yurishni boshlaganidan so’ng uni rolikli konkida uchishga o’rgatish o’ta mushkul, ammo endi yurishni boshlaganida konkida uchishga o’rgatish oson kechadi va bir necha oy o’tgach undan hatto ajoyib figurachi chiqishi mumkin.
Amerikalik psixolog Makgrou egizaklar yordamida tajriba o’tkazdi. Ularning biri 11 oylik, ikkinchisi 22 oylik bo’lganida konkida uchishni o’rgatdi. Natijalar turlicha bo’ldi: ertaroq o’rgatilgan bola ancha yaxshiroq natijaga erishdi.
Shu kungacha ham biz: “Bolalarga u yoki bu ko’nikmalarni o’rgatish erta”, – deb ularning hayotini qiyinlashtirib, “eng yaxshi davri”ni o’tkazib yubormoqdamiz.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti
Portalda eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.