Sakkiz oydan boshlab go’dak qo’llarida qalam ushlay oladi. Bolaning sog’lom rivojlanayotganini boshqa omillardan ko’ra uning ushlab turish qobiliyati namoyon etadi. Bu yoshda bola onasini noiloj holatda qoldirib kitoblarni yirta, o’yinchoqlarni bo’laklarga ajrata boshlaydi. Boshqacha qilib aytganda, bola o’z shaxsiyatini namoyon qiladi.
Bolaning xatti-harakatlarini aql bilan yo’naltirish darkor. Chunki bu kelajakda ijod qilish qobiliyatini shakllantiradi. Unga rangli qalamlar tutqazing. U esa, albatta, istagan joyini bo’yay boshlaydi. Agar unga qog’oz bersangiz, bir nechta qiyshiq chiziqlar chizadi va, ehtimolki, uni yirtib yuboradi. Siz uchun bu qing’ir-qiyshiq yozuvlar, ammo bola uchun o’z fikrini ifodalashdir.
Biroq ko’pgina ota-onalar bolaning ushbu fikr ifodalashga bo’lgan intilishini bilmagan tarzda so’ndiradilar. Ular bolaga o’z qarashlarini zo’rlab o’tkazadilar: “Qalamni bunday ushla!”, “Olmalar qizil bo’lishi kerak”, “Doirani bunday chiz”, “Kitobni yirtma”, “Qog’ozni yerga tashlama”, “Stolga yozma”. Jajji bir go’dak uchun taqiqlar ko’plik qilmaydimi?
Ba’zida yosh bolasi bor uy o’zining tozaligi va tartibliligi bilan odamni lol qoldiradi. Odatda, mehmon uyni shunday tartibli tutgan va bolaga ham qarashga ulguradigan onani maqtaydi. Aslida, ertadan kechgacha bolaga qarash uyni ozoda saqlash uchun hech qanday vaqt yoki kuch qoldirmaydi. Uyni toza tutishga bo’lgan harakati farzandining ijodiy rivojlanishiga xalaqit berishini bilish ona uchun kutilmagan ma’lumot bo’lishi mumkin.
Bola qo’llari orqali qiladigan barcha ishlari – rasm chizishi, o’yinchoqlarni otishi, qog’oz yirtishi uning aqlini va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantiradi. Farzandingizga qanchalik erta qalam bersangiz, natija shunchalik yaxshi bo’ladi. Shu bilan birga, har daqiqa uni to’xtatsangiz, ijodiy qobiliyatlari rivojlanishiga xalaqit bergan bo’lasiz.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti
Portalda eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.