Tarixdan insoniyat rivojlanishiga ulkan hissa qo’shgan ko’pgina daholar ma’lum, ammo shaxsiy hayotda ular, odatda, baxtsiz sanalganlar. Chunki jismonan zaif bo’lib, his-tuyg’uga berilgan edilar.
Odamlar iqtidorli ham, omadsiz ham bo’lib tug’ilmaydilar. Buyuk shaxslarning tarjimayi holidan aniqlanishicha, ularning shaxsiy halovatsizligi yoshlikka borib taqaladi.
Masalan, odatda, ularning ota-onalari, ayniqsa, otalari qattiqqo’1 tarbiyachi bo’lganlar. Albatta, o’z-o’zidan bu juda yaxshi, ayniqsa, otalari tufayli ularning iste’dodlari shu qadar yuksak darajada rivojlangan. Ammo bunday otalar foydali mashg’ulotlar uchun vaqtni tejab o’z farzandlariga tengdoshlari bilan o’ynashga yo’l qo’ymaganlar, bu esa ularni muloqot va jismoniy mashqlardan mosuvo qilgan. Bu insonlar qay darajada iste’dodli bo’lishmasin, shaxsiy hayotda ular noto’g’ri tarbiya tufayli baxtsizlikka uchradilar.
Masalan, mashhur “G’oyalar” muallifi fransuz faylasufi Blez Paskalning otasi uni qattiqqo’llik bilan tarbiya qilgan. Paskalning otasi unga kata umidlar bog’lagan. O’zini farzandi tarbiyasiga bag’ishlash uchun davlat xizmatini tashlagan. Otasi unga geografiya, tarix, falsafa, tillar va matematikani o’rgatib, ularni yodlatgan emas, uning aqlini ehtiyotkorlik va izchillik bilan rivojlantirgan. Paskal taniqli matematik, fizik va diniy faylasuf bo’lib yetishdi. Ko’pchilik uning mashhur iborasini eslaydi: “Inson – bu oddiygina zaif qamishpoya, ammo fikrlovchi qamishpoya”. Ammo butun hayoti davomida bir kun ham baxtli bo’lmaganligi haqidagi iqrorini juda kam odam eshitgan bo’lsa kerak. Blez Paskal faqat 39 yil umr ko’rdi. Uning onasi uch yoshligida vafot etgan, shu bois u deyarli ona mehrini bilmay o’sgan. Tengdoshlari jamoasidan mosuvo bo’lgan va o’z otasidan boshqa hech kim bilan muloqot qilmagan, doimiy qattiqqo’llikda, nazoratda yashagan. Albatta, bu uning sog’ligi va ruhiyatiga ta’sir qilmay qolmagan.
Ota go’dakdan dahoni tarbiyalab yetishtirishi mumkin, ammo faqatgina ona ruhiy va jismoniy qobiliyatlari uyg’un bo’lgan komil insonni tarbiyalay oladi. Mana shuning uchun go’daklikda ona tarbiyasi juda muhim.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti
Portalda eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.