Shu paytgacha men sog’lom bolaning yashirin imkoniyatlarini va ularni rivojlantirishda erta ta’limning ahamiyatini muhokama qildim. Biroq, afsuski, dunyoda jismoniy nuqsonga ega bolalar kam emas. Jumladan, poliomiyelit bilan kasallangan, aqliy zaif, kar va soqov bo’lgan bemorlar. Erta rivojlanish ularni chetlab o’tmasligi kerak. Aksincha, bemor bolalarning og’ir sharoiti bois ularning nuqsonlarini barvaqt aniqlash va erta rivojlanish texnikasi yordamida bu nuqsonlarni imkon qadar bartaraf etish zarur.
Yaqinda gazetada o’qigan bir hikoyamni aytib bermoqchiman: kar bo’lib tug’ilgan bir bola o’z ota-onasining ulkan mashaqqatlari tufayli suhbatda bemalol ishtirok eta oldi. Atsuto juda sog’lom tug’ildi, hozir u olti yoshda. Bir yoshida ota-onasi undagi ortda qolish holatini sezishadi. “Bolaning eshitish qobiliyati yaxshimi, yo’qmi?” degan gumonga borishsa-da, “Balki, u ham kech gapiradigan bolalar toifasidandir?” – deya ortiqcha qayg’urmadilar. Ammo Atsuto bir yarim yoshda ham gapirmagach, uni shifokor ko’rigiga olib borishadi.
Ota-ona eshitish qobiliyatida nuqsonlari bor go’daklarni davolash va o’qitish bo’yicha mutaxassis doktor Matsuzavadan yordam so’rab murojaat qilishadi. U ishni bolaga o’z ismini eshitishni o’rgatishdan boshladi. So’ng bola boshqa so’zlarni o’rgana boshladi. Asta-sekin shifokor so’zlarni ma’nolari bilan bog’lashni o’rgatishga kirishdi va shu orqali eshitishdan qolgan izlarni rivojlantirdi. Shifokor Matsuzava fikricha, bolani haqiqatdan ham eshitishga “o’rgatish” mumkin.
Uning yozishicha: “Faqatgina ona o’z bolasida biror nuqson borligini tezda aniqlashi mumkin. Yangi tug’ilgan chaqaloq bir haftadan so’ng tovush yoki shovqinga javob beradi. Bir necha oydan so’ng chaqaloq o’z onasining tovushini, 4 oydan so’ng esa o’z ismini taniydi. Agar bola bir yoshga yaqinlashgunga qadar qattiq shovqin yoki o’z ismiga javob qaytarmasa, eshitishida biror nuqson bor deb taxmin qilish mumkin. Taxminan uch yoshga kelib bola kattalarning kundalik hayotda ishlatadigan ko’pgina so’zlarini bilib oladi. Shuning uchun dastlabki yillar eshitishda nuqsoni bor bolalarga turli so’zlarni o’rgatish uchun eng qulay fursatdir.
Avvalambor, bola eshitmaydi deb uni tovushlardan saqlash (izolyatsiyalash) kerak emas. Umuman eshitmaydigan bola hech narsani “eshita olmaydi” degan fikr noto’g’ri. Agar bola doimiy ravishda tovushlarni tinglasa, unda eshitish qobiliyati tiklanadi. Demak, bola jiddiy eshitish nuqsonlari bilan tug’ilgan bo’lsa-da, ota-onaning sa’y-harakatlari va ta’limi bilan bolaning eshitish qobiliyatini rivojlantirish mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti
Portalda eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.