Tanishlaringiz orasida chapaqaylar ko’pmi? Ehtimol, bitta yoki ikkitadir. Ikki qo’llaridan foydalana oladigan odamlar-chi? Ular undan ham kamroq. Momo Havvo va Odam Ato o’naqay bo’lishganmi, yo’qmi, bilmayman, ammo qaysidir bir davrdan faqat o’ng qo’ldan foydalanish odatga aylangan. Hamma narsa o’ng qo’llilar uchun mo’ljallangan – avtomashina boshqaruvi, sport uskunalari, oshxona jihozlari va asbob-uskunalar. Shuning uchun ota-onalar odat bo’yicha bolalarni o’ng qo’ldan foydalanishga o’rgatadilar.
Amerikada Yaponiyaga nisbatan o’ng va chap qo’llaridan birdek foydalanuvchi odamlar ko’proq. Ammo o’ng qo’llilar chapaqaylardan ko’proq. O’ng qo’lni afzal ko’rishga biror-bir asos bormi? Chap qo’lga tayanish yurakka ko’p vazifa yuklaydi degan nazariya mavjud. Ammo yuragi xasta chapaqaylarni hech uchratmaganman. Men yoshligida chapaqay bo’lgan bir insonni bilaman. U o’ng qo’lini ham mashq qildirgan, hozirda ikkisidan ham erkin foydalanadi. O’ng qo’lini ishlatadigan odamlar ko’p, ammo bolaligidan ikkala qo’lidan ham foydalana oladiganlarga uzun ma’ruzalarni yozayotganda bu juda qo’l keladi. O’ng qo’li tolganda chap qo’lida, chap qoli tolganda o’ng qo’lida erkin yoza oladi.
Buni eshitgach, men ham chap qo’limni mashq qildirishga harakat qildim, ammo natija chiqmadi. Mening yoshimda buning imkoniyati yo’q: chap qo’lda notekis yozdim, hatto koptokni ham mo’ljalga tekiza olmadim.
O’ng va chap qo’l bir vaqtda tug’ilgan va ularning tuzilishi hamda bajaradigan vazifalari bir xil. Nega ular turlicha harakat qiladi? Ehtimol, yoshlikdan ularga munosabat turlicha bo’lgani uchundir.
Maymunlar qo’llarini o’ng va chapga ajratmaydilar, ular ovqat va o’yin uchun ikkala qo’llaridan ham foydalanadilar. Demak, bu borada odam maymundan zaifroqdir.
Shunday taxmin mavjudki, agar ona emizish vaqtida bolani doimo chap qo’lida ushlasa va o’ng qo’li bilan yana biror narsa qilsa, u holatda bolaning o’ng qo’li siqiladi va chap qo’li yaxshiroq rivojlanadi.
Ba’zida bola chap qo’lida yozishni boshlaydi va o’ng qo’liga nisbatan yaxshiroq rivojlanadi. Har bir odam, agar buni go’daklikdan boshlasa, ham o’ng, ham chap qo’lini rivojlantirishi mumkin. Men aytib o’tgandimki, barmoqlar mashqi aql-idrokni rivojlantirishga turtki bo’ladi. Bu nuqtayi nazarga ko’ra, chap qo’lni tashlab qo’ymaslik kerak.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti
Portalda eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.