Qadim zamonlardan buyon noyob qobiliyat, eng avvalo, irsiy, tabiat in’omi deb hisoblanadi. Bizga: “Motsart uch yoshida pianino chalgan” yoki “Jon Styuart Mill lotin tilidagi mumtoz adabiyotlarni ham aynan shu yoshda oʻqigan”, – desalar, koʻpchiligimiz oddiygina: “Albatta, axir ular daho-ku”, – deb qoʻya qolamiz.
Ammo Motsart va Millning goʻdaklik chogʻidagi hayoti borasida olib borilgan chuqur tahlillardan ma’lum boʻlishicha, ularning otalari oʻz farzandlari buyuk shaxs sifatida kamol topishi uchun natijali tarbiya usullaridan foydalanganlar. Mening fikrimcha, Motsart ham, Mill ham daho boʻlib dunyoga kelmagan. Ularning qobiliyati goʻdaklikdanoq yaratilgan qulay shart-sharoit va berilgan samarali ta’limdan toʻliq rivojlandi.
Aksincha, yangi tugʻilgan chaqaloq dastlab tabiatiga xos boʻlmagan muhitda tarbiyalansa, kelajakda uning toʻliq rivojlanishi hamda tabiat in’om etgan iste’dodining shakllanishi imkoniyati yoʻqoladi. Eng yaqqol misol “boʻri qizlar” tarixi boʻlib, ular 1920-yilda Kalkutta (Hindiston)dan janubi-gʻarbiy tomondagi gʻordan missioner va uning xotini tomonidan topilgan opa-singil Amala va Kamaladir. Er-xotin boʻrilar tarbiya qilgan qizlarga insoniy sifatlarni singdirish uchun qancha urinishmasin, barcha harakatlari behuda boʻldi. Oʻz-oʻzidan ayonki, odam boʻlib tugʻilgan chaqaloq – odam, boʻrining bolasi esa boʻridir. Biroq bu qizlarda insoniy shart-sharoitlarda ham boʻriga xos qiliqlar namoyon boʻlishda davom etaverdi. Demak, chaqaloq tugʻilishi bilan uni oʻrab olgan atrof-muhit va ta’lim-tarbiya uning kim boʻlib yetishishini aniq belgilab beradi!
Bu misollar haqida fikr yuritib men yangi tugʻilgan chaqaloqqa ta’lim-tarbiya va atrof-muhitning qanchalik kuchli ta’sir qilishi borasida koʻproq oʻylayman.
Bu muammo nafaqat ba’zi bolalarning, balki butun insoniyatning salomatligi va baxti uchun ulkan ahamiyatga ega. Shu bois 1969-yilda men “Yaponiya erta rivojlanish uyushmasi” tashkilotini tuzishga kirishdim. Doktor Shinichi Suzukining kichkintoylarga skripka chalishni oʻrgatishga asoslangan va ayni vaqtda butun dunyo e’tiborini tortgan oʻqituv uslubini oʻrganish, tahlil qilish hamda tatbiq etishni yanada kengaytirish uchun mahalliy va xorijiy olimlar yigʻilib, tajribaviy sinflarida fikr almasha boshladilar.
Ishimiz oldinga siljigani sari bizga bolalar tar- biyasiga an’anaviy yondashuv naqadar notoʻgʻri ekanligi ayon boʻla bordi. Odatda, biz bolalar haqida barcha narsani bilamiz deb oʻylaymiz. Aslida, ularning haqiqiy imkoniyatlari haqida juda kam tasavvurga egamiz. Biz uch yoshdan katta bolalarga nimani oʻrgatish masalasiga koʻp e’tibor beramiz. Ammo, zamonaviy tadqiqotlarga koʻra, bu yoshgacha bosh miyadagi hujayralarning 70-80 foizi rivojlanib boʻladi. Bu biz oʻz xatti-harakatimizni uch yoshgacha boʻlgan bolalar miyasini erta rivojlantirishga yoʻnaltirishimiz zarurligini anglatmaydimi? Erta ta’lim berish degani chaqaloqlarni raqamlar va har xil ma’lumotlar bilan majburan aqliy rivojlantirishga erishish degani emas, albatta. Asosiysi, hamma tajriba va ta’lim usullarini “oʻz vaqtida” joriy etishdir. Buni esa chaqaloqqa tun-u kun gʻamxoʻrlik qiladigan onadan boshqa hech kim uddalay olmaydi, aynan ona bola tarbiyasidagi “kerakli vaqt»ni aniq his qiladi. Biz ta’limni oʻqib-oʻrganadigan holat deb oʻylaymiz. Lekin maktabgacha ta’lim oʻqib-oʻrganishdan avvalgi bosqichdagi ta’limdir. «Oʻz vaqtida» erta ta’limning alohida jihati boʻlib, buni tashkil etadigan shaxs onadan oʻzga emas. Albatta, bolaning ta’lim olish mas’uliyatiga javobgar onalar farzandining kelajagi borasida qaygʻurib, ularga koʻproq e’tibor qaratish toʻgʻrisida doim oʻylaydilar deb hisoblayman. Shu ma’noda, mazkur kitob ana shunday onalarga koʻmaklashish uchun yozildi.
Masaru Ibuka, «Uchdan keyin kech» (Tarjimon: Nurmukhammad Nargiza)
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti
Portalda eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.