Bola tarbiyasida qiziqtirish eng yaxshi omildir. Ammo shu o’rinda bir muammo bor: bolaning biror narsaga qiziqishi juda tez yo’qoladi, chunki uning qiziquvchanligi cheksizdir. Agar uni o’z holiga tashlab qo’ysangiz, uning e’tibori bir narsadan ikkinchisiga sakrab o’taveradi. Albatta, bu uning yoshiga xos va uning e’tiborini birgina narsada majburlab ushlash teskari ta’sirga olib keladi. Bolaning qiziquvchanligi dunyoni anglash hamda uning aqliy va ma’naviy rivojlanishi uchun muhim shart hisoblanadi. Men bolaga to’liq erkinlik berishni ham tavsiya etmas edim. Bola uchun bitta predmet bilan ovora bo’lib qolish (bu holatning haddan ortiq shakli autizm deyiladi) va biror narsada o’z e’tiborini bir muddat jamlay olmaslik birdek xavflidir. Natijada u yengiltabiat bo’lib ulg’ayishi mumkin.
“Matuyamashi” do’koni maslahatchisi bo’lib ishlayotgan otadan olgan xatimda bolaning qiziqishlari yaxshi kurtak yozib, jarayonda davom etayotganligi haqida hayotiy misol bitilgan edi. Katta o’g’li bir yosh-u ikki oylik bo’lganida qandaydir sabab “no” harfiga qiziqishini uyg’otgan.
Buni sezgan ota-ona ovqatlanadigan stoldagi sushi xaltachasidan tortib televizor kabi buyumlargacha “no” harfini ilib qo’yganlar. Har safar buyumlardagi harfni ko’rsatib “no” deb aytganlar. Keyin bir yosh-u to’rt oylik bo’lganida alifbodagi ABCni yodlab olgach, amaliy usulda katta harflar – XYZWTFHNM kabilarni o’rgatishga kirishganlar. Bola esa ularni darhol yod olgan. Bir yosh-u olti oylik bo’lganida avtomashina, elektr ishlab chiqaruvchi kabilarning rusumlariga qiziqishi uyg’ongan, oldin ishlab chiqaruvchi nomini olib, markani ko’rsatishgan, keyin, aksincha, markani ko’rsatib, ishlab chiqaruvchi nomini aytishgan. Bir qarashda ota-onaning bu usuli ahmoqona ko’rinsa-da, ayni harakatlari orqali bolaning qiziqishini kuchaytirib, uni rivojlantirishga sharoit yarata olganlar.
Tevarak-atrofdagi ko’pgina qiziq narsalar orasidan bola doimo o’zi qiziqarli narsalarni topa oladi va u olamida unga hech kim kerak bo’lmaydi. Ammo, odatda, u hali ham kattalarning yordamiga muhtojlik sezadi. Katta odam bolada paydo bo’lgan qiziqishni qanchalik tez anglashi va e’tibor berishi bu qiziqish keyinchalik jiddiy shaklda rivojlanishi yoki so’nishiga olib keladi. Shuning uchun ayni vaqtni boy bermaslik muhimdir. Biz bolaning qanday qiziqishlari qobiliyat darajasida rivojlana olishini bilmaymiz, lekin unda bu qiziqishlarni rivojlantirish uchun imkoniyat bo’lmog’i kerak.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti
Portalda eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.