Ikki uslub – rag’batlantirish va jazolashning ikkinchisi samaraliroq tuyulsa-da, aslida, bunday emas. Jazolash bolada teskari munosabatni – ochiq-oydin bo’ysunmaslikni keltirib chiqarishi mumkin. Gap shundaki, maqtov va jazolashdan ehtiyotkorona foydalanish lozim.
Tasavvur qiling, ona bir idishda sharbatni stolga olib boryapti. O’z onasiga hamma ishda taqlid qilishni istaydigan ikki yoshlar atrofidagi bola xuddi shu ishni takrorlashga harakat qiladi. Ona esa: “Mumkin emas!” – deb, bolasi sharbatni to’kib yuborishidan qo’rqib ishni bajarishiga yo’l qo’ymaydi. Bu noto’g’ri. Bola kattaroq bo’lganida onasi unga qarashmayotganidan noliydi. Go’dak o’zining yoshi uchun qiyin bo’lgan biror ishni qilishga uringanida uni maqtagan ma’qul. “O’zimning katta bo’lib qolgan o’g’lim!” – deb, sharbatni ozgina quyib, idishni olib borish imkoniyatini berish lozim. Bunday munosabat juda muhim. Doktor Suzuki menga qishloq musiqa maktabida uchratgan o’quvchisi haqida gapirib bergandi.
Bolani umuman qobiliyatsiz hisoblardilar. U skripkada juda yomon chalardi. Hech kim unga yordam bera olmagandi. “Men uchun chalib berasanmi?” – deb so’raydi doktor Suzuki. U juda ham yomon ijro bo’lsa-da, o’shanda doktor bolani maqtaydi: “Ajoyib, ajoyib!” Qo’shimcha qilib: “Men esa bunday chalaman. Nima deb o’ylaysan, sen ham shunday ijro eta olasanmi?” – deydi. “Ha, o’xshata olaman”, – deb javob beradi bola va skripkani olib, butun qudratini sarflab yana chaladi. Qiziq tomoni shundaki, u yaxshiroq ijro eta boshlaydi. Aniqlanishicha, oxirgi paytda bolani faqat koyiganlar, u esa qo’llab-quvvatlash va maqtovga intiq bo’lgan. Doktor Suzukining fikricha, bolalar bilan munosabatda ularni urishgandan ko’ra maqtagan yaxshiroq.
Albatta, urishish yoki majburlash zarur bo’ladigan vaziyatlar ham bor, ammo qiyin vaziyatda bolaga tanlash imkoniyatini berish yoki uni ishontirishga harakat qilish afzalroq. Bola siz hali o’qib bo’lmagan gazetani yirtayotgan bo’lsa, gazetani undan olib qo’yish yoki qo’liga urishdan ko’ra bolaga eski gazetani berib qo’yish ma’qulroq. Agar bunday qilmasdan, faqatgina gazetani tortib olib qo’ysangiz, boladagi ishchanlik uchun muhim qiziqishni so’ndirasiz va unga qiziq bo’lgan narsam tortib olib, uni bekorchilikda qoldirasiz. Agar bolaga boshqa muqobil (alternativ) variantni taklif eta olmasangiz, hech bo’lmasa, nima uchun shu ishni qilish mumkin emasligini tushuntirish kerak. Sizning tushuntirishlaringizni anglay olmasligi mumkin, ammo tovushingizdagi ishontirish bolaga ijobiy ta’sir o’tkazadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti
Portalda eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.