Bolani qo’lda ko’tarib yurish odati singari go’dak bilan birga uxlashga Yaponiyada avvalgi avlodlardan meros bo’lib qolgan nomaqbul odat sifatida qaralgan. Albatta, bola faqat ota-onadan biri yonida bo’lsagina uxlashi ular uchun qiyin, ammo hech qachon bunday sharoitda ota-ona o’zini yo’qotib qo’yganini eshitmaganman. Aksincha, agar siz bolaning ruhiy va aqliy rivojlanishi haqida o’ylasangiz, chaqaloq bilan birga uxlash odatidan ham yangicha ma’no topishingiz mumkin.
Masalan, onaning ishlari juda ko’payib, farzandi bilan so’zlashishga vaqti yetmasa, hech bo’lmasa, bola uxlagunicha uning yonida birga yotishi mumkin. Bu qisqa vaqt mobaynida go’dak tinch va juda sezgir bo’ladi. Shuning uchun bola yonida shunchaki birga yotish yoki undan oldin uxlab qolish o’rniga unga alla aytsangiz yoxud kitob o’qib bersangiz, bola rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko’rsatasiz.
Shuningdek, ona o’rnida kechgacha uyda bo’lmagan ota ham bo’lishi mumkin, bu farzandingiz bilan muloqot qilishning eng qulay imkoniyati hamdir. Sobiq Tokio meri Yukaya Seiji ham kechasi uxlaydigan paytida buvisi kitob o’qib berganini ko’p eslaydi. O’zi ham xayolan ertak to’qib, o’qib berganida bolalari ham mudrab gapirar ekan. Shunda u kitob o’qishni to’xtatib, uxlamasdan ularni tinglab yotgan paytlar ham tez-tez bo’lgan. Keyinchalik u buni juda yaxshi paytlar deb eslaydi.
Sobiq sovet davrida uyqu vaqtida o’rgatish usuli haqida tadqiqotlar o’tkazilganligi to’g’risida ko’p ma’lumotlar bor. Shubhasiz, yarimuyqu holatida inson magnitofonga yozilgan ma’lumotni eshitsa, uni yodlab oladi va ongida qoladi, uyg’onganidan so’ng uni osonlik bilan eslaydi. Mazkur tadqiqotlarga ko’ra, bolaga yarimuyqu holatida ta’lim berib ham kutilmagan natijalarga erishish mumkin ekan.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti
Portalda eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.