Go’dak yig’lasa, ona uni qo’liga olishi bilan yig’idan to’xtaydi va kuladi. Kimga bu holat notanish, har bir ota-ona buni yuzlab marotaba kuzatgan.
Ammo donishmandlar har safar bola bezovtalangandagina ularni tinchlantirish uchun qo’liga oladigan onalarni ogohlantiradilarki, yig’i orqali bola o’z istaklariga erishish odatini orttirib olishi mumkin.
“Siz uni qo’lingizga olmaguningizcha tinchlanmaydi”, – deb ota-onani qo’rqitadilar. Aslida ham shundaymi? Agar bunga o’z farzandini ko’r-ko’rona erkalatish sifatida qaralsa, men buni qabul qilaman. Ammo aynan shunday tushunilishiga qarshiman. Ishonchim komilki, bolani qo’lga imkon qadar ko’proq olish kerak.
O’z ehtiyojlarini ifodalashning boshqacha yo’lini bilmaydigan chaqaloq uchun yig’i o’ziga e’tiborni qaratuvchi yagona vositadir. Bolaning yig’isi – biror narsa so’rayotganidan dalolat. Uning iltimosini javobsiz qoldirish – bu uni boshidan muloqotdan mahrum etishdir.
Sog’lom fikrlash shuni ko’rsatyaptiki, bola bilan onaning muloqoti, ayniqsa, tana vositasidagi (taktil) muloqot uning aqliy qobiliyati rivojlanishi uchun juda muhim.
Bir yapon gazetasi maymunlar bilan o’tkazilgan qiziq tajriba haqida xabar berdi. Viskonsin shtati universitetining birinchi darajadagi tadqiqot markazi rahbari doktor Garri Xarlou yangi tug’ilgan maymun bolasining onasini sun’iy ona bilan almashtirdi va qaysi birini tanlashini kuzatdi.
Birinchi qo’g’irchoq simdan bo’lib, silindr shaklida yasalgan, boshqasi matodan qilingan edi. Har bir “ona”da sutli ichimlik idishi bor edi. Ayni paytda ikkala “ona” ham bir tomondan ikkinchi tomonga tebrana olardi. Natijalarga ko’ra, maymun bolasi issiq va yumshoq bo’lgan matoli “ona”ni tanladi va uning harakatlariga javob berdi. Doktor Xarlou tadqiqotini: “Yangi tug’ilgan chaqaloq ham issiq, yumshoq va harakat qiluvchi narsani izlaydi. Xuddi sut uning jismoniy sog’ligi uchun muhim sanalganidek, onaning o’z farzandini qo’lida mehr bilan ko’tarishi ham uning hissiy holati uchun juda ahamiyatlidir”, – deya xulosaladi.
Men bolalarni tez-tez qo’lga olishni qo’llab-quvvatlayman. Chunki har bir bolaning ota-ona bilan muloqoti yetarli darajada bo’lishini istayman va buni sezgir shaxs shakllanishida muhim omil deb hisoblayman.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti
Portalda eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.