Siz bolani devordagi yirtilgan gulqog’ozlar uchun urishasizmi? Qanday qilib unga buning yomon ekanini tushuntirasiz? Siz uchun “yaxshi” va “yomon” tushunchalari o’z shaxsiy tajribangiz va umumqabul qilingan axloqiy me’yorlar bilan bog’liq. Ammo yosh bolada bunday tajriba yo’q, u gulqog’ozni yirtish yaxshi yoki yomon ekanligini anglashi uchun biror narsaga tayana olmaydi. Agar uni qattiq koyisangiz, ehtimol, bu ishni noxush oqibatlardan saqlanish uchun qayta qilmasligi mumkin. Shu bilan birga, bu voqea boladagi unib chiqayotgan ijodkorlik istagini so’ndirishi mumkin.
Bolalar psixologi Seyshiro Aoki bolada “yaxshi” va “yomon” tushunchalari shakllanishini maxsus tadqiq etdi hamda bola uchun “yaxshi” qiziq va ajoyib ma’nolarini anglatishi haqida xulosa qildi.
Masalan, gazetalarda ko’pincha bolalar o’g’irliklarini yozishadi. Bola bexatar uyga qaytgach, nega begona odam bilan ketganini so’rashganida ko’pincha: “Qiziqarli amaki ekanliklari uchun ketdim. U yomon odam emas”, – deb javob beradi. Bola o’g’rilari bola psixologiyasini yaxshi biladiganga o’xshaydi. Ular o’yinchoq va qiziqarli gaplar bilan bolada qiziqish uyg’otishadi. Yosh bola esa, quvontiradigan, qiziqarli amaki bo’lsa, yaxshi odam deb hech shubhalanmay o’g’riga ergashib ketadi.
Bunday “yaxshi” va “yoqimli” tushunchalar erta go’daklik davri uchun to’g’ri keladi. Bola asta-sekin tajriba orttiradi, endi u “yaxshi”ni maqtov eshitiladigan narsa deb tushunadi. Agar bola biror topshiriqni bajarsa va maqtov eshitsa, u buni to’g’ri, ya’ni yaxshi deb biladi. Buning aksi, uni koyishsa yoki jazolashsa, demak, u yomon ish qilganini anglaydi. “Yomon” tushunchasi noxush tuyg’ularni eslatadi.
Masalan, siz doim bolaning skripkada yomon chalgani yoki kitobni yomon o’qiganini malomat qilasiz. Bola esa mashaqqatlar keltiruvchi butun o’rganish jarayonini yomon deb tushuna boshlaydi. Ko’pchiligimiz yoshlikdan musiqa yoki ingliz tili darslaridan nafratlanamiz, chunki biz ularni noxush tuyg’ular bilan yodga olamiz.
Shuning uchun bolaga о’z tushunchangizdagi “yaxshi” va “yomon” nima ekanligini majburlab emas, u yaxshi ish qilganida yoqimli hissiyotlar, yomon ish qilganida esa noxush hissiyotlar orqali tushuntirish ancha samarali bo’ladi. Farzandingizning qobiliyatlari rivoji maqtov va jazolash usullaridan qanchalik muvaffaqqiyatli foydalana olishingizga bog’liq.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti
Portalda eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.