Yosh bola o’z hissiyotlarini so’zlar orqali ifodalay olmaydi, shundan ota-onalar bola kayfiyatini uning yuzidan o’qishni bilishlari zarur. Barcha onalar farzandlarini o’zlari o’ylaganchalik doim yaxshi tushunishlariga ishonchim komil emas. Ko’pincha uy ishlari bilan ovora bo’lib, bolaning hissiyotlarini kerakli darajada jiddiy qabul qilmaydilar va uning noroziligi hamda injiqligi sababini aniqlashga urinmaydilar.
Tokio universiteti professori, bolalar psixologiyasi bo’yicha mutaxassis Toshio Yamashita bolaning asabiylashish sabablarini quyidagicha tartiblaydi:
1) kasallik sababli sog’lig’i yomonlashganda;
2) ochlik yoki horg’inlik tufayli o’zini yaxshi his qilmaganda;
3) noxush voqea yoki qo’rqinchdan qattiq ta’sirlanganda;
4) jismoniy mashqlar yetishmasligidan kuch (energiya) sarflanmay to’planib qolganda;
5) o’z aytganida turib olganda;
6) asabiylashgan ota-onaga taqlid qilganda.
Bu ro’yxatdan ko’rinib turibdiki, bolaning asabiylashish omillarini uning atrofidan va tarbiyasidan izlamoq kerak. G’azab sababini aniqlash o’rniga uni urishsangiz yoki e’tibor bermasangiz, bu bolani yanada xudbin va qaysar qiladi.
Ota-onalarga o’z farzandining ruhiy holatini juda yaxshi tushungandek tuyulsa-da, bola “Meni tushunishmaydi” degan fikrda bo’ladi va bu uni asabiylashtiradi. Ota-ona bolaning asosli talabini injiqlikdan ajratish uchun kuchli irodaga ega bo’lmog’i kerak. Agar ularda bunday oqilona iroda yetishmasa, bolaning fe’l-atvori buziladi.
Boladagi hasad taxminan bir yarim yoshda paydo bo’ladi. Bu uka yoki singilning tug’ilishi bilan bog’liq bo’lishi mumkin. Ayniqsa, bola oilada birinchi farzand bo’lsa. Chunki u yolg’iz va ota-ona faqat unga tegishli edi. Ayrim bolalar o’z ota-onasini, hattoki bir-biri bilan suhbatlashsa ham, qizg’onishi mumkin. Asosiysi, bunday xulqqa odatiy injiqlik deb qarash kerak emas.
Shunday qilib, bola g’azabi, rashkining sabablari, albatta, bor, ularning aksariyati xafachilikdan kelib chiqadi va kuchsizlik belgisi hisoblanadi. Agar ota-onalar bolaning bu tuyg’ulariga e’tibor qaratmasalar, faqatgina uni koyish yoki maqtash bilan cheklansalar, bu bolani qoniqtirmasligi mumkin. Ota-onaning maqsadi bolaning asabiylashish saabini bartaraf etish, uni bostirish bo’lmasligi kerak.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti
Portalda eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.