Ota-onalar farzandlari tug’ilishi bilan “Bu bola mehribon, fahm-farosatli va kuchli inson bo’lishini xohlayman” qabilida yaxshi niyat va orzu qiladilar. Bu ota-ona qalbi deb atalib, xudbinlik, shuhratparastlik kabilardan mutlaqo yiroqdir. Lekin farzandi kim bo’lishi haqida orzulaganlarida uning jinsini hisobga oladilar: “U siyosatchi bo’ladimi yoki olimmi?”, “Umid qilamanki, u go’zal va aqlli qiz bo’ladi!”
Nima sababdan biz yangi tug’ilgan o’g’il va qizga turlicha munosabat bildiramiz? Aslida, uch yoshgacha bo’lgan bolalarning tashqi ko’rinishida unchalik katta farq yo’q. Ba’zida biz ularni hatto tashqi ko’rinishlaridan ajrata olmaymiz. Ba’zi tillarda go’dak so’zi chaqaloqning qiz yoki o’g’il bola ekanini aniq ko’rsatmaydi. Ilm-fan ham “Jinsiy farqlanishlar uch yoshdan keyin namoyon bo’ladi” degan fikrda. Mashhur bolalar psixologi Van Ornshteyn bir qator tadqiqotlar o’tkazgandan so’ng “Faqatgina uch yoshdan keyin bola o’z xatti-harakatlarida jinsiy mansublikni namoyon qiladi va to’rt-besh yoshlariga kelibgina o’yinlarda yaqqol ko’rsatadi” degan xulosaga keladi. Shunday qilib, uch yoshgacha bolalar o’rtasidagi jinsiy farq faqat bolaning jinsiy a’zolari shaklida ko’rinadi.
Shunga qaramay, ota-onalar o’z farzandlarini ularning jinsini inobatga olib tarbiya qiladilar. Masalan, yangi tug’ilgan o’g’il bolani ko’k rangda, qiz bolani esa pushti rangda kiyintiradilar. Bolaning didi hali rivojlanmagan vaqtda o’g’il bola pushti kiyim kiyishi va qiz bola ko’rshapalak, mashina o’yinchog’ini o’ynashida qanday yomonlik bor? O’g il bolada qo’g’irchoqqa qiziqish uyg’onsa, uni olib qo’yish kerakmi? Nima sababdan unga doim о’g’il bola ekanligini eslatib turish lozim? Nima uchun qiz bola kurash bilan qiziqishi mumkin emas? Nemis shoiri Rilkega qiz bola kiyimini kiydirib, qiz boladek tarbiya qilishgan, ammo u bundan qiz bola bo’lib qolmadi. Qiz bola o’g’ilsifat va o’g’il bola qizsifat bo’lib qolishi haqida qayg’urgandan ko’ra ota-ona bolaga bu boradagi qarashlarini uqtirishi uning ruhiyatiga qanday zarar ko’rsalayotgani haqida mulohaza qilmoqliklari zarur.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti
Portalda eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.