Shu o’ringacha men bola miyasining ma’lumotni qabul qilishdagi yuksak imkoniyatini ta’riflab berdim. Albatta, rivojlanishning bu bosqichida bola miyasi o’ziga hamma narsani yutib oladigan mashinaga o’xshaydi, u hali ma’lumotni tanlab olish va tushunish holatida bo’lmaydi. Ma’lumotlarni qanday bo’lsa, shundayligicha qabul qilib, xotirasiga saqlab boradi.
Ammo tez orada bola o’zi mustaqil ravishda qarorlarni qabul qilishni boshlaydi, ya’ni vujudga kelgan texnik ta’minotdan qanday foydalaniladi degan vazifani bajaruvchi miya hujayralari ishga tushadi. Bu taxminan uch yoshlarda sodir bo’ladi. Xuddi shu davrda “Bolani nima bilan qiziqitirish kerak?” degan masala ko’ndalang qo’yiladi.
Go’dak o’ziga qiziq bo’lgan ma’lumotlarni tinimsiz yod oladi. Boshqa qobiliyatlar ham rivojlana boshlaydi: o’zi biror narsani yasashni, qilishni xohlab qoladi, bu harakatlar aqliy qobiliyat va xulq-atvor rivojlanishida juda muhimdir.
Siz o’z farzandlaringizga, ular o’qilgan ma’lumotni tushunishmasa ham, hikoyalar va ertaklar о’qib berasiz. Farzandingiz ko’p marotaba ularni eshitadi va eslab qoladi. Bordi-yu e’tiborsiz o’qisangiz, u darhol xatolarni anglaydi. Go’dak hikoya va еrtaklarni aniq yodlab oladi, ammo bu aniqlik tushunishga emas, shakliy xotiraga asoslanadi.
So’ng bolaga qaysidir hikoya qiziq bo’lib qoladi va uni o’zi o’qishni istaydi. Alifboni bilmasa ham, eshitgan hikoyasini kitobdagi rasmlarga solishtiradi va o’qiy olmaydigan harflarni ham “o’qiy” boshlaydi. Aynan shu vaqtda bola turli harflarning ma’nosini qat’iyat bilan so’raydi. Turli narsalarni qaysarlik bilan so’rashi bolaning unga qiziqishi uyg’ongani isbotidir.
Do’stimning ota-onasi bolaning bu davridan mohirona foydalangan. Ular farzandiga iyerogliflarni o’rgatib, o’qishga qiziqishini uyg’otgan. Bolaning harflardan ko’ra iyerogliflarni eslab qolishi oson kechadi. Lekin so’nggi paytlarda chiqayotgan rasmli kitoblarning barchasi harflardan iborat. Shuning uchun ular farzandiga eski kitob do’konidan o’qilishi ham yozilgan iyeroglifli eski bolalar ertak kitobini sotib olib, u bilan birgalikda kitobga qarab o’qishgan, keyin bolaga qaytarib ayttirishgan. Bola kitobni mustaqil o’zi o’qib, ertakni hikoya qilib beradigan bo’lganida birinchi bo’lib iyerogliflarga qiziqishi uyg’ongan. Shundan so’ng ota-ona bolaga harflarni hech qanday qiyinchiliksiz birma-bir o’rgatganlar. Otasi o’qiyotgan gazetadan bola o’zi yodlab olgan iyerogliflarni tanib qolganida uyida shovqin solgan holatlarga ham qaramay, sekin-asta gazetaga ham qiziqishi uyg’ongan. Buning natijasida maktabga chiqquniga qadar gazetani deyarli o’qiy oladigan bo’lgan.
Uch yoshgacha bo’lgan bolalar uchun o’zlarini qiziqtirgan narsalarini yodlab olish qiyinchilik tug’dirmaydi. Asosiysi bolaning qiziqishlarini qondirishda, vaqtingiz va quvvatingizni yetarlicha sarflay olsangiz kifoya.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti
Portalda eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.