Inson farzandi har doim harakatlar olamida yashaydi. Uning qalbi, tafakkuri hamda aql-idroki doimo faol harakatda bo`ladi. Nimagadir erishishni orzu qilish, unga intilish, uni topish va yo`qotish, yoki yaqin insoniga bo`lgan sog`inch hissi, undan ayrilish… Insonga berilgan umr ne`mati mana shunday lahzalar marjoni kabidir. Baxt esa mana shu marjonning bir donasi hisoblanadi. Baxtning ko`rinishi, uning me`zonlari har bir insonning dunyo qarashi, qalbi va idrok ko`lamining kengligiga bog`liq. Quyida baxtli yashashning 15 siri to`g`risida ma`lumotlar keltirilgan bo`lib, ularga amal qilar ekansiz, haqiqiy baxt hamisha sizga hamroh bo`ladi.
Diqqatingizni ijobiy narsalarga qarating.
Uzoq vaqt mobaynida davom etadigan baxtga erishish uchun onggingizni salbiy fikrlardan butunlay xalos eting va ijobiy fikrlar bilan o`z olamingizni boyiting. Quyidagi tavsiyalarni doimiy ravishda bajarishga harakat qiling: kunning bir-ikki daqiqasini hayotingizga mazmun beruvchi ijobiy lahzalarni yaratishga sarflang. Ushbu odatni kuniga uch marta 45 kun davomida bajaring, shunda, onggingiz har doim buni avtomatik ravishda bararishni boshlaydi. Har kuni, sizga ruxiy quvvat va ozuqa beradigan so`zlarni takrorlang, masalan, “Bugun, tabiat g`oyat go’zal” yoki “Alloh menga bergan barcha ne`matlarga shukr keltiraman”. Hayotingizda salbiy voqealar sodir bo`lsa va tushkunlikka tushib qolsangiz, ushbu voqealarning yaxshi tomonini ko`rishga harakat qiling.
Kichik g’alabalarni nishonlang.
Barchamizga ma`lumki, hayot past-balandliklarga to’la hisoblanadi, ammo, ularning orasida ko`plab muvaffaqiyatli onlar ham uchraydi. Ularning aksariyati kichik g`alabalar bo`lganligi bois, ularga e`tibor qaratilmaydi. Lekin, siz ushbu kichik g’alabalarni oilangiz davrasida nishonlash uchun bir oz vaqt ajrating. Kunlik rejalashtirilgan ishlarning barchasini o`z vaqtida bajara olish yuqorida ta`kidlab o`tilgan kichik g`alabaga misol bo`la oladi. Ushbu kichik yutuqdan zavqlaning.
Ish va shaxsiy hayotingiz o’rtasidagi muvozanatni saqlang.
Kunning asosiy qismini ish jarayoniga sarflaysiz, ammo bu siz qiladigan yagona narsa bo’lmasligi kerak. Ishdan tashqari, siz uchun muhim bo`lgan faoliyat va qiziqishlarni amalga oshirish uchun vaqat ajrating. Sevimli mashg’ulotingiz bormi? Do’stlar va yaqinlaringiz uchun vaqt ajrata olyapsizmi? Sport bilan shug’ullanyapsizmi? Yuqorida berilgan savollarga javobingiz ijobiy bo`lsa hamda shaxsiy hayot va ishingizda muvozanatni yarata olsangiz, bu sizdagi stress holatini kamaytiradi va o’z shaxsiyatingizni ifoda etish uchun keng imkoniyatlar eshigini ochadi.
Yaratuvchan hamda ijodkor bo’ling.
Siz rassomlarni doimo tushkun kayfiyatda faoliyat olib boradi deb o’ylashingiz mumkin, ammo tadqiqotlar shuni ko’rsatadiki, doimiy ravishda ijodiy yondashuv va yaratuvchanlik kayfiyatida bo`lish insonni yanada xursand qiladi. O’z tasavvurlarini boyitish va ijodkorlik bilan vaqt o’tkazadigan insonlar ko’proq g’ayrat va ishtiyoqqa ega bo’lib, baxt va xotirjamlik tuyg’ularini uzoq vaqt davomida xis etadi. Bunday ijodiy yaratuvchanlikka yozish, rasm chizish va musiqiy ijrolar kabi faoliyat turlarini misol qilib keltirish mumkin.
Mukammal inson bo`lishga harakat qilmang.
Aksariyat hollarda, insonlarning ko’pchiligi ideal shaxs bo`lishga intilib yashaydi – har doim o’zimizni eng yaxshi bo’lishga, hammadan ajralib turishga undaymiz. Ammo chinakam baxtga erishish uchun hayotning bir qismi bo’lgan nomukammallikni qabul qilishingiz kerak. Barkamol, mukammal shaxs bo`lish – yetishib bo`lmaydigan manzildir. O’zimizni va boshqalarni ushbu manzil tomon yetaklash samarasiz harakat faoliyati hisoblanadi va buning natijasi hamisha tushkunlik holatiga duchor bo`lish bilan yakun topadi. Hayot kamchilik va nuqsonlarga to`la bo`lishiga qaramasdan, undan go’zallik va baxtni topa oling.
Pulni aql bilan sarflang.
Moddiy tomonlama qanchalik boy bo`lsangiz, bu o`zingizni baxtli his qilishingiz uchun yordamchi omil bo`lib xizmat qiladi. Ammo haqiqat shundaki, o’zingizni baxtli his qilishingiz pulni qay tarzda sarflashingizga bevosita bog`liq. Sayohat, ovqatlanish, kontsertlar va boshqa ko`ngil ochar sarguzashtlarga pul sarflash sizni yanada baxtli qiladi, chunki hayotingizdagi eng baxtli onlarni yaqinlaringiz bilan baham ko’rishga imkoniyatingiz yetarli. Vaqti kelib moddiy boyliklar qo`lingizdan ketishi mumkin, ammo siz uchun qadrli bo`lgan sarguzashtlar va xotiralar hayotdagi maqsadingiz va unga bo`lgan ishtiyoqingizni doimo sizga eslatib turadi.
Bugungi kuningiz bilan yashang.
Inson fikrlari va hissiyotlari ko’pgina hollarda o’tmishda sodir bo`lgan yoki kelajakda sodir bo`lish ehtimoli mavjud bo`lgan voqealarga qaratilgan bo`ladi. Biroq, haqiqat – bu ayni paytda siz boshdan kechirayotgan voqea-hodisalardir. Ba’zida, insonda bu haqiqatdan qochish istagi tug`iladi. Lekin e`tibor va diqqat ayni paytda sodir bo`layotgan voqea-hodisalarga qaratilsa, inson hayoti sermazmun bo`ladi. Shunday ekan, o`tmish va kelajak haqida o`ylamang, chunki o`tmishni ortga qaytara olmaymiz, kelajakda nima bo`lishi esa barchamizga qorong`u. Shunday ekan, bugungi kuningiz bilan yashang, shundagina o’z hayotingizdan yanada minnatdor bo`lasiz hamda uni chuqurroq anglay boshlaysiz.
O’zingiz yoqtirgan ish bilan shug’ullaning.
Agar inson o`z ishini yaxshi ko`rib, chin dildan bajarmasa, baxt tuyg`usini uzoq vaqt davomida saqlab qola olmaydi. Umringizni eng yaxshi damlarini sizga zavq bermaydigan ishni bajarishga sarflamang, garchi bu ish uchun xaq olayotgan bo`lsangiz ham. Siz uchun hayotda nima qiziq? Nima sizni chinakamiga o`ziga jalb etadi? Kayfiyatingizga ijobiy ta`sir etadigan, sizni yuqori darajada ruxlantiradigan faoliyat turi bilan band bo`ling va aynan shu sohada o`z karyerangizni yarating.
Mavjud bo`lgan barcha ne`matlarga shukr keltirishni ko`paytiring.
Har kuni Alloh taologa sizga bergan ne`matlari uchun shukr keltirishni odat tusiga aylantiring. Shukr keltirish – bu hayot davomida sizga in`om etilgan narsalar uchun Allohga hamd aytish demakdir. Berilgan ne`matlar moddiy yoki nomoddiy bo’lishidan qat`iy nazar, ularga shukr qilish va buning uchun Allohga hamd aytish sizni yanada baxtli qiladi va hayotingizga mazmun bag`ishlaydi. Har kuni, sizga in`om etilgan ne`matlarga shukr keltirishga odatlansangiz, hayot o`ylaganingizdan ko’ra yaxshilik va quvonchlarga to`la ekanligini payqay boshlaysiz, shu bilan birga qayg’u, xavotir va tushkunlik sizni tark eta boshlaydi.
Saxovat va oliyhimmatli bo`ling.
Vaqt va pulni yordamga muhtoj bo`lgan insonlar uchun sarflashda saxiy bo’ling. Ayniqsa, ular siz sevgan, g`amxo`rlik qiladigan va hurmatingizga sazovor bo`lgan insonlar bo`lsa. Doimiy ravishda atrofdagilar hamda yaqinlariga muruvvat ko`rsatadigan insonlarning qalbi mehr-saxovat, fidoiyilik va insonparvarlik tuyg’ulariga to`la bo`ladi. Ushbu toifadagi insonlar nafaqat ma`nan balki ruxan sog`lom hisoblanib, hayotda kasalliklarga boshqalarga qaraganda kamdan-kam chalinadi.
Musiqa tinglang.
Ma`lumki, musiqa tinglash inson kayfiyati va ruxiyatini ko’taradi hamda uning miyasida dopamin gormonini ishlab chiqaradi. Dopamin – insonning psixo-emotsional holatidan mas’ul gormon. Bu yurak va miya faoliyatini qo’llab-quvvatlaydi, og’irlikni nazorat qilishga yordam beradi va mehnat qobiliyati uchun mas’uldir. Inson vujudidagi bu gormonning etishmasligi doimiy depressiya holatiga olib keladi. Musiqa eshitib raqs tushadigan yoki kontsertlarga tez-tez tashrif buyuradigan insonlar doimo ko`tarinki kayfiyatda bo`ladi, shuningdek o`zlarini baxtli his etadi.
Insonlar bilan samimiy munosabat o’rnating.
Baxt, muhabbat va do’stlik har doim yonma-yon yuradigan tushunchalardir. Inson degan nom ostida yashar ekanmiz, boshqalar bilan muloqot qilish va aloqa o`rnatishga ehtiyoj sezamiz. Tabiiy ravishda, biz qalbimizga yaqin bo`lgan, bizni qo’llab-quvvatlaydigan, tushunadigan, shuningdek hayotning turli xil past-balandliklarida biz bilan birga bo’la oladigan insonlarga ehtiyoj sezamiz va suyanamiz. Iliq, mazmunli va samimiy munosabatlarsiz, inson o`zini yolg’iz va boshqalardan ajralib qolgandek his etadi. Shunday ekan, mavjud yorqin, baxtli lahzalar hamda hursandchilik onlaringizni boshqalar bilan baham ko`rish sizni yanada baxtli qiladi.
O`zingizni boshqalar bilan taqqoslamang.
O’zingizni atrofdagi insonlar bilan taqqoslashni to’xtating. Quyosh va Oyni bir-biriga taqqoslab bo`lmaydi, ikkalasining ham vazifasi olamga nur taratish, lekin har birining o`z payti bor. Odatda, inson o‘zini undanda muvaffaqiyatliroq bo‘lganlar bilan taqqoslaydi, natijada umidsizlikka tushib qoladi va o‘zidan nolishni boshlaydi. Ushbu muammoning yechimi shundaki, o‘zingizni hamda sizda mavjud bo`lgan barcha ne`matlarni har doim qadrlashga odatlaning. Shuni yodda tutingki, har bir insonni Alloh taqdiriga yozib qo`ygan o`z yo`li bo`lib, umringizni boshqa insonlar bilan kim o`zarga, behudaga sarflamang.
Tabiat qo`ynida ko`proq bo`ling.
Tadqiqotlar shuni ko’rsatadiki, muhit insonning stress holatini kuchaytirishi yoki bartaraf etishi mumkin, bu esa o’z navbatida inson organizmiga ta’sir etadi. Siz ko’rayotgan, eshitayotgan, boshdan kechirayotgan voqea-hodisalar nafaqat kayfiyatingiz, balki asab, endokrin va immun tizimlaringizning qanday ishlashini ham belgilab beradi. Tabiat qo`ynida sayr qilish yoki tabiat manzaralarini tomosha qilish sizdagi g’azab, qo’rquv, qon bosimi, yurak urish tezligi, mushaklarning kuchlanishi va stress gormonlarining ishlab chiqarilishini kamaytiradi. Davlat tashkilotlari, kasalxonalar va ta`lim muassasalarda olib borilgan tadqiqotlar shuni ko’rsatdiki, xonada biror turdagi o’simlikning bo`lishi insondagi stress va xavotirni bartaraf etishga sezilarli darajada ta’sir ko’rsatishi mumkin.
Baxtli xotiralarni qumsab yashang.
Inson hamma vaqt o`tmishdagi eng baxtli onlarini xotirlab yashash istagida bo`ladi. O`tmishdagi shirin damlarni xotirlash insonga muhabbat, jo`shqinlik hamda baxt tuyg’ularini qayta tiklashga yordam beradi, shuningdek o’tmishning yorqin lahzalari insonni shakllantirib boradi, shu bilan birga, o’zligini ifoda etishga imkoniyat yaratadi. Shunday ekan, yaxshi damlar va quvonchli onlaringizni doimo yodga oling, bu o’zingizga bo’lgan ishonchni oshiradi, yolg`izlik hissini bartaraf etadi, eng asosiysi o`zingizni insonlarga yaqin va kerakli his qila boshlaysiz.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti
Portalda eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.