Bugungi kunda, insoniyatning asosiy vaqti ish bilan band etilganligi hamda bo`sh vaqtdan unumli foydalanish o`rniga zamonaviy texnologiyalarga bo`lgan tobelik sababli, baxtli oila deb atalmish maskanni barpo etish mushkul holat bo`lib bormoqda, natijada ko`plab voyaga yetgan yoshlar va bolalar turli ko`rinishdagi stress holatlariga duch kelmoqda. Shunga qaramay, shiddat bilan rivojlanib borayotgan zamonda, oilani baxtli bo`lishi uchun tavsiya etiladigan bir nechta chora-tadbirlar mavjud bo`lib, ular quyidagilar:
HAR KUNI KECHKI OVQATNI BIRGALIKDA ISTE’MOL QILING
Kechki dasturxon atrofida birgalikda to`planish uchun mashg’ulotlardan vaqt ajrating. Kuningiz qanday o`tganligi to`g`risida suhbatlashing, bir-biringizni diqqat bilan tinglang hamda kelajakda amalga oshirmoqchi bo`lgan rejalaringizni o`rtoqlashing. Bu ota-ona va farzand uchun, bir-birining hayotiga bo`lgan yuksak e`tiborni namoyish etishga qulay imkon yaratadi.
BIR OILA BO`LIB JAMOAT ISHLARIDA FAOL ISHTIROK ETING
Jamiyat hayotida faol ishtirok etadigan oilalar oilaviy hamjihatlikni barqarorlashtirishda jamoaviy ishlardan foydalanadi. Oshxonada birgalikda taom tayyorlash, jamoatchilikning obodonlashtirish ishlarida faol qatnashish, jamoat tadbirlari yoki bayramlarida birgalikda ishtirok etish bo`ladimi, eng asosiysi, yuqorida ta`kidlanganlarning barchasida bir oila bo`lib ishtirok etish tavsiya etiladi.
FARZANDINGIZGA O`Z FIKRINI ERKIN BAYON ETA OLISHI UCHUN IMKONIYAT BERING
Farzandingizga: “aytganim aytgan, deganim degan” deb doimo tanbeh berish, siz kutgan natijani bermaydi. Shubhasiz, ota-ona farzand tarbiyasida asosiy ma`sul shaxs bo’lishi hamda ularni ushbu ma`suliyatni chuqur anglagan holda tarbiyalashi lozim, biroq bu – farzand, o`z fikrini bildirish huquqidan mahrum etilsin degani emas. Farzandingizning g`am-tashvishlarini diqqat bilan tinglang, o’z fikrini erkin bildirishiga imkon bering, shuni unitmangki, agar qayerdadir xato qilsangiz, farzandingiz oldida tan olish va to`g`rilashga hech ham ikkilanmang.
OILA ULUG`LARI BILAN BIRGALIKDA YASHASH
Mutaxassislarning fikricha, bobo va buvilari tomonidan ko‘rsatilgan mehr, g‘amxo‘rlik va himoya nabiralarga juda foydali ta’sir ko‘rsatar ekan. Bunga ko‘plab ilmiy tadqiqotlar guvohlik beradi. Bobo, buvi va nabira o‘rtasidagi ruhiy yaqinlik bolada siqilish holatining rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi. Masalan, “The Gerontologist” jurnalida chop etilgan tadqiqot natijalariga ko`ra, 356 nafar nabira va 374 nafar bobo va buvi ishtirok etgan. Boston universiteti tadqiqotchilari 19 yil davomida yig‘ilgan ma’lumotlarni tahlil qilib ko‘rishdi va keksa avlod vakillarida ham, yosh avlod vakillarida ham siqilish (depressiya) holati xavfi kuzatilmaganini, shuningdek bobolar va buvilar nabiralariga ruhiy xavfsizlik hissini berishi aniqlandi.
BARCHA BIRDEK BOSHLASHIGA ISHONCH HOSIL QILING
Baxtli oilalarda kim nima qilishi yoki qanday vazifalarni amalga oshirishi to’g’risida tushunmovchilik holatlari uchramaydi. Aksincha, oila a`zolarning barchasi uy ishlarini hamda majburiyatlarni hal etish uchun bir yoqadan bosh chiqaradi. Har doim uy yumushlariga doir bo`lgan vazifa va majburiyatlarni barcha oila a`zolariga birdek taqsimlab berilishini nazorat qiling.
BIR-BIRINGIZNING FAOLIYATINGIZNI QO’LLAB-QUVVATLANG
Baxtli oila a`zolari doimo bir-birlarining harakatlarini qo’llab-quvvatlaydilar. Agar, turmush o`rtog`ingiz yoki farzandlaringiz uchun muhim ahamiyat kasb etuvchi biror bir tadbirda ishtirok eta olmagan taqdiringizda, ularning sa`y-harakatlariga bo`lgan e`tibor va hursandchiligingizni namoyon eting. Har bir oila a’zosi shaxsiy maqsadlarga erishish yo`lida bir-birlarini qo’llab- quvvatlashi, shuningdek muvaffaqiyat qozonishda bir-biriga tirgak bo`lishi lozim.
QATʼIY QOIDALARNI JORIY QILING
Baxtli oilalarning har doim amal qiladigan o`z ichki tartib-qoidalari mavjud bo`lib, ushbu qoidalarga bo`ysunish oila farovonligining asosi hisoblanadi. Qoidalarni doimo oila a`zolarga eslatib turish maqsadida uyning ko`zga ko’rinadigan nuqtalariga joylashtirish samarali hisoblanadi. Qoidalar mehr-oqibat, do`stlik va hurmat tuyg`ularini tarannum etishga qaratilgan bo`lishi maqsadga muvofiqdir. Shuni unutmaslik kerakki, tartib-qoidalarni yaratish faqatgina ota-onalar tomonidan amalga oshirilibgina qolmasdan, balki farzandlarga ham ushbu faoliyatni amalga oshirishda bevosita ishtirok etish imkoniyatini taqdim etish kerak.
BIRGALIKDA VAQTNI MAZMUNLI O`TKAZING
Baxtli oilalarda vaqtni mazmunli tashkil etish muhim hisoblanadi. Bu zamonaviy axborot texnologiyalar bo`lmish noutbuk, kompyuter, mobil aloqa vositalari va video o’yinlardan yiroqlashib, oilaviy yig`inlarni tashkil etish va ularda faol ishtirok etishni anglatadi. Birgalikda oilaviy sayllar uyushtirish, jismoniy tarbiya va sport tadbirlarida faol ishtirok etish, teatr va kinoteatrlarga tashrif buyurish shular jumlasidandir.
OILAVIY AN’ANALARNI SHAKLLANTIRING
Oiladagi birdamlikni saqlashda oilaviy an’analar va urf-odatlarning o`rni nihoyatda ahamiyatli hisoblanadi. Ushbu urf-odat va an’analarni amalga oshirish uchun yilning aynan biror bir kun yoki bayramini kutish shart emas. Aksincha, kunlik yoki haftalik amalga oshiriladigan oilaviy an’analarni yaratish maqsadga muvofiqdir. Masalan, dam olish kunlari tabiat qo`ynida ovqatlanish, turli xil ko`ngilochar o’yinlarni tashkil etish hamda bir oila bo`lib ishtirok etish yoki har kuni uyquga ketishdan oldin kun davomida amalga oshirilgan ishlar to`g`risida suhbatlashishni odat tusiga kiritish shular jumlasidandir. Bunday urf-odat va an’analar oila a`zolarini bir-biriga mustahkam bog`lab turuvchi zanjir vazifasini bajaradi.
MUNTAZAM RAVISHDA OILAVIY YIG`INLAR TASHKIL ETING
Har oyda kamida bir marotaba oilaviy uchrashuv va yig`inlar tashkil eting. Hayotingizda qanday voqea-hodisalar sodir bo`layotganligi, shuningdek hayotda uchraydigan muammolarning yechimini qanday qilib topish mumkinligi to`g`risida bahs-munozaraga boy bo`lgan debatlar uyushtiring. Muammolarni birgalikda hal etish, kelajakda farzandingizda qiyinchiliklarni qiynalmasdan yengib o`tish malakasini shakllantiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti
Portalda eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.