Iste’dodli shoir, dramaturg, olim va jamoat arbobi Hamid Olimjon 1909 yil 12 dekabrda Jizzax shahrida dunyoga keldi. Narimonov nomidagi boshlang‘ich maktabni tugatgach, Samarqand pedagogika bilim yurtida (1923—1926), so‘ng Pedakademiyada (1926— 1931) o‘qidi. Hamid Olimjon talabalik yillaridayoq she’riyatga qiziqdi. Uning asarlari 1926 yildan «Zarafshon» gazetasida chiqa boshladi. 1927 yilda shoir mazkur ro‘znoma muharririyatiga ishga o‘tdi. Hamid Olimjonning «Ko‘klam» nomli ilk she’riy to‘plami 1929 yilda bosilib chiqdi. Shundan so‘ng «Olov sochlar» (1931), «O‘lim yovga» (1932), «Poyga» (1932) kabi she’riy to‘plamlari nashr etildi. Davr bilan birga odim tashlagan, o‘z ijodida xalqimizning mehnat jabhasidagi qahramonligini tasvirlagan shoir 30-yillarda qator ajoyib lirik she’rlar bilan birga «Zaynab va Omon» dostonini yaratdi. Hamid Olimjon she’riyatining lirik qahramoni — zamon bilan baravar odim otuvchi, vatanparvar, shodlik va baxt taronalarini kuylovchi insondir. O‘zbekiston Fanlar akademiyasining muxbir a’zosi (1943) Hamid Olimjon o‘zbek adabiyotining dolzarb masalalari bo‘yicha qator ilmiy-tanqidiy asarlar yaratdi. Hamid Olimjon A. S. Pushkin, L. N. Tolstoy, M. Gorkiy, V. Mayakovskiy, A. Serafimovich, T. Shevchenko, M. Lermontov, N. Ostrovskiy, A. Korneychuk asarlarini tarjima qildi. O‘zbek xalq og‘zaki ijodining ajoyib durdonasi «Alpomish» dostoni birinchi marta Hamid Olimjon tomonidan nashrga tayyorlanib (1938), chop etildi. U Alisher Navoiyning 500 yilligini o‘tkazish yubiley qo‘mitasining a’zosi sifatida ulug‘ shoir hayoti va ijodi yuzasidan ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bordi.
Hamid Olimjon 1939 yildan to umrining oxirigacha O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga rahbarlik qildi. Baxt va shodlik kuychisi Hamid Olimjon 1909 yil 12 dekabrda Jizzax shahrida tug‘ilgan. Otasi vafotidan so‘ng u bobosi Azim bobo va onasi Komila aya qo‘lida tarbiyalanadi. Shoir 1923 yilda o‘rta maktabni tugatib, Samarqandda pedagogika bilim yurtida, so‘ngra Pedagogika akademiyasida o‘qiydi. U o‘qishni tamomlab, Toshkentga keladi va ko‘pgina ro‘znomalarda, yozuvchilar uyushmasida, Til va adabiyot institutida faoliyat yuritadi, ikkinchi jahon urushi arafasida O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga kotib bo‘ladi, 1935 yilda Zulfiyaga uylanadi.
Zulfiya Isroilova – taniqli va iqtidorli o‘zbek shoirasi. Yorqin rassom, oddiy inson qalbini o‘tkir his qilgan – mehnatkash, Sharq ayolining jamiyatdagi teng huquqi uchun mardonavar kurashgan ayol. Zulfiya she’riyatining nufuzi – bizning dabdabali murakkab davrimizning haqqoniy ifodasi, o‘ziga xosligi, zamondoshlarimizning qalbi va harakatlarining yorqin tasviridadir. O’zbek xalqining atoqli va ardoqli vakili, taniqli jamoat arbobi, xalqaro tinchlik uchun kurash jarchisi Zulfiya Isroilova xalqaro “Nilufar”, Javoharlal Neru nomidagi hamda Davlat mukofatlari sohibasidir. Zulfiyaxonim Isroilova 1915-yili Toshkent shahrining qadimiy Degrez mahallasida tavallud topgan. Avval boshlang’ich maktabda, so’ng xotin – qizlar bilim yurtida tahsil olgan. 1935-1938-yillarda O’zekiston fanlar akademiyasining til va adabiyot instituti aspiranturasida o’qigan. Shundan keyin turli nashriyotlarda ishlagan. 1935-yildan 1980-yilgacha, qariyib o’ttiz tilga yaqin respublikamizda keng tarqalgan “Saodat” nomli xotin – qizlar jurnalida bosh muharrir bo’lgan. Zulfiyaxonim Isroilova Hamid Olimjon bilan turmush qurgan. Biroq ular orzularga to’la hayot kechirayotgan pallada 1944-yili mashina halokati tufayli turmush o’rtog’idan ayrildi. Shoira esa 1996-yilda 81-yoshida vafot etadi. Shoira badiiy ijodga juda erta kirishdi. O’n yetti yoshida “Hayot varaqalari” deb atalmish dastlabki she’riy kitobini chop ettirdi. Uzoq ijodiy umri davomida o’ttizga yaqin she’riy to’plamlar, o’ndan ortiq dostonlar yaratdi. Shoira hammani o’ylatadigan, barcha kishilarga Jaxldor bo’lgan holatlarni she’rga soladi. Shuning uchun ham yozganlari ko’pchilikka manzur bo’ladi. Zulfiyaning ulkan iste’dodi faqat yurtimizdagina emas balki dunyo miqyosida ham e’tirof etilgan. U – xalqaro “Nilufar” mukofoti egasi.
O‘qchi mahallasidagi Zulfiya tahsil olayotgan xotin-qizlar bilim yurtiga, aniqrog‘i, shu yerdagi adabiyot to‘garagi mashg‘ulotlariga boshqa shoirlar ham tez-tez kelib turishgan. Zulfiya ham she’rsevar dugonalari bilan yozuvchilarning shu yillardagi uyushmalariga borganida Hamid Olimjondan tashqari, Uyg‘un, Usmon Nosir, Amin Umariy singari navqiron shoirlarni ham ko‘rgan. Lekin uning ham nazar-e’tiborini aynan Hamid Olimjon oxanrabo yanglig‘ o‘ziga tortganki, bu hol tasodifiy emas. Har holda donishmandlar: “Nikoh arshi a’loda o‘qiladi”, deb bejiz aytishmaygan. …Zulfiya o‘sha yillarda, boshqa dugonalari singari, o‘qituvchi bo‘lishga axd qilgan edi. Lekin u «donolik va bilimning sira tuganmas konlari” — Navoiy va Hofiz, Pushkin va Bayron asarlari bilan tanishar ekan, o‘zi ham “qandaydir juftlangan, ohangdosh satrlar”ni to‘qiy boshlaganini sezadi. U she’r yoza boshlaydi. Shu yillarda bilim yurtida Shukur Sa’dulla va Toshpo‘lat Sa’diy boshliq adabiyot to‘taragi ish olib borar, qizlar ular tufayli mumtoz va zamondosh shoirlarning asarlari bilan tanishar, G‘afur G‘ulom, Hamid Olimjon, Uyg‘un va boshqa shoirlar esa bilim yurtiga kelib, ular bilan uchrashuv kechalarini o‘tkazishar edilar. Hamid Olimjon bilim yurtidagi shunday kechalar da qizlar bilan suhbatlashib, ularni mumtoz va sho‘ro adabiyoti namunalarini o‘qishga chorlardi. Zulfiya shunday uchrashuv kechalarida butun vujudi quloqqa aylanib, taniqli o‘zbek shoirlarining she’rlarini zavq bilan tinglardi. Oradan ko‘p o‘tmay, she’riyatga ixlos qo‘ygan qizlar Yozuvchilar uyushmasiga borib, Hamid Olimjon va Uyg‘un boshqargan seminar mashg‘ulotlarida ham qatnasha boshladilar. Zul fiya tinimsiz kitob o‘qir, kechalari hammadan yashirgan holda she’r mashq qilardi. Nihoyat, u o‘z mashqlarini to‘garak rahbarlariga ko‘rsatishga botindi. Uning «Men ish qizi» deb nomlangan birinchi she’ri 1931 yil 17 iyul kuni Shukur Sa’dulla vositasida «Ishchi» gazetasida bosildi. Zulfiya she’ri bosilib chikqanidan behad quvongan Normat akasi bir dasta gazetani sotib olib, uni hammaga ko‘z-ko‘z qilib chiqdi. Uning bunday kuvonchga berilishi Zulfiyaga ilhom bag‘ishladi. Uning she’rlari «Yosh leninchi» va «Qizil O‘zbekiston» gazetalarida, «Yangi yo‘l» va «O‘zbekiston sho‘ro adabiyoti» jurnallarida chop etila boshladi. 1932 yili esa Zulfiyaning birinchi she’rlar to‘plami — «Hayot varaqlari» matbuot yuzini ko‘rdi. Bu she’rlar Hamid Olimjonning ham nazariga tushdi. “Men, — deb yozadi Zulfiya, — Hamid Olimjonni ilk daf’a o‘sha yilda ko‘rganman. Biz, yigirma chog‘li adabiyot ixlosmandlari, seminar mashg‘ulotlariga yig‘ilardik. Mashg‘ulotlarni Hamid Olimjon bilan Uyg‘un boshqarardi. Ularning o‘sha paytdagi faqat o‘ziga ishonadigan kishidagina bo‘ladigan bosiq, mag‘rur, kuchli qiyofalari meni hozirgacha hayratga soladi. Ular o‘zlarini nihoyatda erkin tutardi… …Yashirib o‘tirmayman. Hamid Olimjon ilk ko‘rishuvlardanoq ko‘zimdan ko‘nglimga o‘tdi. Men juda yosh hissiyotim bilan uning keng qalbi, ulkan iqtidorini tuydim”. 1934 yil edi. Hozirgi “Mustaqillik” metro bekati oldidagi maydonchada Hamid Olimjon Zulfiyani uchratib qoladi. Ular shu vaqtga qadar faqat adabiy kechalar tufayligina bir-birlari bilan tanish edilar. Hamid Olimjon tasodifiy uchrashuvdan mamnun bo‘lib, Zulfiya bilan uzoq suhbatlashadi. — She’ringizni o‘qidim, — deydi u oshkora mehr bilan. – Yaxshi. Nimaligini aytaymi? She’rda qalbingizning surati bor. Bir parchagina bo‘lsa ham. U o‘zingizning qalbingiz. Xuddi shunday davom ettirish kerak. Ritorikasiz, haqiqatni yozish zarur… Zulfiya o‘sha paytda «ritorika» so‘zini g‘ira-shira anglardi. Lekin u bu haqda indamay qo‘ya qoldi. “O‘shanda, — deb yozadi shoira, — men uyimizga yurib emas, uchib keldim. Keliboq yo‘l bo‘yi tug‘ilgan tuyg‘ularimni qog‘ozga tushirdim. Men bu she’rni shunday yengil, to‘lib-toshib yozdimki, yuragimga allaqanday afsonaviy bir qudrat kirib olib, fikrlarim, qo‘llarimga kuch baxsh etayotganday edi. (Bu “Bahor kechasi” deb atalgan she’rim bo‘lsa kerak.)”
O‘sha tasodifiy uchrashuvning bunday shoirona talqini ham, Zulfiyaning o‘sha unutilmas oqshom soatlarida «Bahor kechasi» she’rini yozishi ham bejiz emas. Hamid Olimjon bilan Zulfiya o‘rtasidagi do‘stlik va muhabbat saroyining muhtasham binosiga xuddi o‘sha kuni birinchi g‘isht qo‘yilgan edi. Zulfiya shu uchrashuvdan keyin Hamid Olimjon to‘g‘risida tez-tez o‘ylaydigan, Hamid Olimjon esa yosh shoiraning she’rlarini diqqat bilan kuzatadigan bo‘ldi. Ko‘p o‘tmay, Zulfiya bilim yurtini tugatib, 1935 yilda O‘zbekiston Fanlar komiteti qoshidagi Til va adabiyot institutining aspiranturasiga o‘qishga kirdi. Bu yerda u bo‘lajak taniqli olimlar – Fitrat, Otajon Hoshim, Solih Mutallibov kabilar bilan birga ilmiy va adabiy-nazariy bilimini oshirdi. Shu yillarda Til va adabiyot institutida Hamid Olimjon ham xizmat qilardi. U Zulfiya bilan uchrashgan kezlarida uning ijodi bilan qiziqar, unga turli maslahatlar berardi. Har bir uchrashuv ularni tobora yaqinlashtirar va bir-birlarining qalbiga muhabbat urug‘larini sochar edi.
1935 yil ular hayotiga eng baxtli sana bo‘lib kirdi. Shu yilning 23 iyul kuni taqdir ikki shoirning hayot rishtalarini butun umrga bir-biri bilan chirmab tashladi. Shu davrda Hamid Olimjon 26 yashar qirchillama yigit bo‘lib, beshta she’rlar va hikoyalar kitobi muallifi, taniqli shoir, tirishqoq olim, yosh shoirlar uchun esa ustoz sifatida el og‘ziga tushgan edi. U Zulfiya uchun turmush o‘rtogi va do‘stgina emas, balki uning ijodiy taqdirida mislsiz darajada katta ahamiyagta molik siymo ham bo‘ldi. “1935 yilda to‘yimiz bo‘ldi, — deb yozadi Zulfiya. – Men yayrab yashardim. Inson chinakam sevib, sevilganda atrofidagi barcha qiyinchiliklar ushoq bo‘lib ko‘rinadi. To‘rt fasl ham bahor bo‘lib ko‘rinadi. Men o‘sha paytda shunday ruhda edim…» Zulfiya hali yosh ekan, Xadicha xola o‘zi ipak qurti boqib, pilladan tolalar ajratib, undan olgan ipakni turli-tuman ranglarga bo‘yab, inson ko‘zini qamashtiradigan palak tikkan edi. Shu palak Xadicha xolaning kelin-kuyovga atagan to‘yonasi bo‘ldi. Hamid Olimjon nazdida, palak ular xonadoniga qandaydir o‘zgacha fayz bag‘ishlagandek edi. Xadicha xolaning to‘yonasidan ham suyuqli yor bilan qovushganidan cheksiz quvonchlarga to‘lgan shoir o‘zini baxt va saodat osmonida his ztdi. Ana shu onlardan boshlab sevgi va muhabbat atri ufurib turgan oshyonda yarim tunga qadar she’riyatning qo‘sh chirog‘i o‘chmaydigan bo‘ldi. To‘y arafasida ikki yoshning bir-biriga tuygan maylidan ogoh bo‘lgan shoiraning akasi Normat aka bo‘lajak kuyov bilan tanishish ishtiyoqini bildirgan edi. Kunlardan birida u Zulfiya orqali Hamid Olimjonni o‘sha paytda M.Gorkiy nomi bilan atalgan Madaniyat va istirohat bog‘iga konsertga taklif etdi. Ular bog‘ning panjarali darvozasi oldida uchrashar ekanlar, Hamid Olimjon bilan Normat Isroilov eski qadrdonlardek quyuq ko‘risha ketdilar. Ma’lum bo‘lishicha, Hamid Olimjon Toshkentga ko‘chib kelib, Observatoriya ko‘chasidagi Chimkentga ko‘chib ketayotgan do‘stining uyini o‘z nomiga rasmiylashtirganda, tasodif amri bilan bo‘lajak qayinog‘a unga yordam bergan ekan. Oradan hiyla vaqt o‘tib, to‘y shabadasi esib qolganida, Normat Isroilov Zulfiyaga:«Singlim, men o‘sha paytda Hamidjon uchungina emas, o‘zimiz uchun ham harakat etgan ekanman», — degan edi. Odatda to‘y murakkab va mashaqqatli jarayonning .natijasi bo‘ladi. Odam atodan qolgan urf-odat va rasm-rusmlar kelin bilan kuyovning, ular ota-onalarining yelkalariga zalvorli yuk bo‘lib tushadi. Hamid Olimjon bilan Zulfiyaning to‘yi o‘zgacha o‘tdi. Shoirning o‘sha kezlardagi do‘stlaridan biri sovchi bo‘ lib bordi. Oldi-berdi, umuman, bo‘lmadi. Xadicha xola faqat bir narsa bilan — kuyovning onasi bor-yo‘qligi bilangina qiziqdi, xolos. Komila xola shu davrga qadar Jizzaxda istiqomat qilardi. U to‘y bahonasi bilan Toshkentga keldi va bir umrga shu yerda, Hamid Olimjonning bag‘rida yashab qoldi.
Hamid Olimjon, mehnat intizomiga qat’iy amal qilardi. U ko‘p va betinim njod qilish bilan birga ko‘ngilli hordiq olishni, istirohat qilishni, do‘stlar davrasida oqilona suhbat qilishu miriqib hazil-mutoyibaga berilishni ham sevardi. Yakshanba Hamid Olimjon va uning oilasi uchun chin ma’noda rohat va istirohat kuni edi. Shu kuni shoir qo‘liga qalam olmas, Zulfiya ham uy-ro‘zg‘or ishlaridan ozod bo‘lardi. Odatda u barvaqt turib, Zulfiya bilan birga bozorga borar, ro‘zg‘or uchun kerakli mahsulotlarni obdon tanlab-savdolashib xarid qilardi. So‘ngra ko‘chaga chiqib, birinchi kelgan tramvayga tushar va shu tramvayning oxirgi bekatiga qadar borib, shahar tashqarisiga chiqib olardi. Bunday sayrlarni u «matchoi sayil» deb atardi. U Observatoriya ko‘chasidagi uyida istiqomat qilganida, 2- yoki 3-tramvaylarga o‘tirib, Gidr va Salor bo‘ylariga borishni, yashil kengliklarga chiqib, toza va to‘yimli havo bilan nafas olishni, qushlar navosini tinglab, o‘t-o‘lanlarning yashil yog‘dusini simirishni sevardi.
Hamid Olimjon ham, Zulfiya ham qisqa vaqt bo‘lsa-da, ana shu haqiqiy baxt va muhabbat ummonida suzib yashadilar. Ulkan shoir bilan birga yashash, uning betakror she’riy san’ati sirlarini o‘rganish Zulfiyaning shoira sifatida yuksak pog‘onaga ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi. 60 — 90-yillardagi Hamid Olimjon hatto tasavvur etamagan olmagan tarixiy o‘zgarishlar, Zulfiyaning shu o‘zgarishlarda faol ishtirok etishi uning nafqat shoira, balki yirik jamoat arbobi, ko‘p millati adabiyotning taniqli namoyandalaridan biri darajasiga ko‘tarilishiga zamin hozirladi. U hayoti va ijodining har ikki davrida ham Hamid Olimjonga bo‘lgan bepoyon muhabbatiga, uning she’riyati an’analariga sodiq qoldi. Hamid Olimjonga bo‘lgan muhabbat uning she’riyatiga qo‘r bag‘ishladi. Biz bu she’rlarni o‘qir ekanmiz, Zulfiyaning Hamid Olimjon qo‘lidan tushgan qalam bilan o‘zi uchun ham, marhum shoir uchun ham ijod qilganiga amin bo‘lamiz.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti
Portalda eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.