Оʻquvchi hayron boʻlishi mumkin: «Nega men, mutaxassislik boʻyicha muhandis va hozirda kompaniya prezidenti, insonning erta rivojlanish masalalari bilan shugʻullanishga kirishdim?». Sabablari qisman “ijtimoiy”dir. Avvalo, hozirgi kundagi yoshlarning isyoniga befarq emasman va oʻz-oʻzimdan soʻrayman: «Yoshlarning hayotdan qoniqmasligiga zamonaviy ta’lim qanchalik aybdor?» Bundan tashqari, mazkur masalaning shaxsiy sabablari ham boʻlib, оʻz farzandim aqliy rivojlanishda ortda qolmoqda edi.
Farzandim juda yosh boʻlganida bu kabi nuqsonlar bilan tugʻilgan bola, unga tugʻilishidan toʻgʻri ta’lim berilsa, oddiygina oʻqimishli inson boʻlib kamol topishi mening xayolimga ham kelmagan. Doktor Shinichi Suzuki koʻzimni ochdi. Uning ta’kidlashicha: «Qoloq bolalar yoʻq. Barchasi oʻqitish usuliga bogʻliq». Doktor Suzukining goʻdaklarni skripka chalishga oʻrgatish uchun qoʻ1lagan va hayratlanarli natijalarni koʻrsatgan «Noyob iste’dodni tarbiyalash» usuli bilan tanishganimda ota sifatida ilk bor farzandimga oʻz vaqtida hech nima qilmaganimdan afsuslandim.
Men endi talabalar gʻalayonlari muammosi bilan shugʻullana boshlaganimda ta’limning ahamiyati haqida chuqur oʻyladim va nima sababdan bizning tizim shuqadar tajovuzkorlik va qanoatsizlikni vujudga keltirayotganini tushunishga harakat qildim. Avvaliga menga bu tajovuzkorlik ildizlari universitet ta’lim tizimida mavjuddek tuyuldi. Biroq muammoni chuqur oʻrgangach angladimki, ayni masala oʻrta maktab uchun ham хos ekan. Soʻng maktabning oʻrta hamda boshlangʻich tizimini oʻrgandim va shunday xulosaga keldimki, bolaga bogʻchada ham ta’sir koʻrsatish kech boʻlar ekan. Kutilmaganda mazkur fikr doktor Suzuki va uning hamkasblari shugʻullanayotgan ish bilan mos keldi.
Doktor Suzuki oʻzining «Suzuki metodi» deb ataladigan goʻdaklarga moʻljallangan gʻayrioddiy ta’lim usulini oʻttiz yildan beri amaliyotda qoʻllamoqda. Bunga qadar u ta’limning an’anaviy usullarini qoʻllab, boshlangʻich va yuqori sinflarda dars bergan. Uning aniqlashicha, yuqori sinflarda qobiliyatli va qobiliyatsiz oʻquvchilar oʻrtasidagi farq juda kattadir. Shuning uchun u yoshi kichikroq bolalar bilan shugʻullanishga harakat qildi. Shunday qilib, asta-sekinlik bilan оʻqitayotgan bolalar yoshini kichraytirib bordi. Men talabalar gʻalayoni haqida oʻylayboshlaganimda Suzuki buni allaqachon, oʻttiz yil oldin, amaliyotda qoʻllab boʻlgan edi. Doktor Suzuki skripka chalishni oʻrgatadi, chunki oʻzi skripkachi. Bu usulni ta’limning istalgan sohasida qoʻllash mumkinligini tushunganimda “erta rivojlantirish” muammosini jiddiy oʻrganishga qaror qildim.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti
Portalda eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.