Agar hayz kelish muddati kechikayotgan bo’lsa va sizda “Men homiladormanmi?” degan savol tug`ilsa, buning javobini bilib olish uchun kutishning hojati yuq – darhol test topshirishingiz mumkin. Hayz siklingiz muntazam boʻlsa, homiladorlik testini navbatdagi hayz kelish muddatining ilk kunlaridan boshlab oʻtkazishingiz mumkin. Agar navbatdagi hayz kelish muddatini bilmasangiz yoki muntazam bo`lmagan hayz sikliga ega boʻlsangiz, oxirgi marta himoyasiz jinsiy aloqaga kirishgan kuningizdan yigirma bir kun oʻtib, test oʻtkazish maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Homiladorlik testini ertalab siydikdagi odam xorionik gonadotropi (hCG) “homiladorlik gormoni” eng yuqori darajaga ko’tarilganda o`tkazish samarali hisoblanadi, tushda yoki kechqurun olingan siydik namunalariga qaraganda aniq natijaga erishasiz. Homiladorlik testini imkon qadar tongda o‘tkazish maqsadga muvofiqdir. Agar sizda ertalab peshob olish imkoni bo‘lmasa, kunning istalgan vaqtida siydik pufagida kamida 4-5 soat saqlangan peshobdan foydalanishingiz mumkin, chunki uning tarkibida XG (hCG) ko‘p miqdorda to‘plangan bo‘ladi.
Yoʻriqnomaga asosan, yaroqlilik muddati oʻtmagan hamda tavsiya etilgandek oʻtkazilgan homiladorlik testi 99 % toʻgʻri natija beradi. Biroq homiladorlik testlarining sezuvchanligi past yoki koʻrsatmalarga muvofiq bajarilmagan bo`lsa test yolgʻon va salbiy natija koʻrsatishi ham mumkin.
Agar testlar kam sezuvchan bo’lsa, juda erta qo’llanilsa yoki saqlash va foydalanish bo’yicha ko’rsatmalarga rioya qilinmasa, shuningdek kech ovulyatsiya va kech urug’lantirilish hollarida ham homiladorlik testi noto`g`ri natija ko’rsatishi mumkin.
Hozirgi kunda retseptsiz sotiladigan homiladorlik testlari aniq, ammo ularni qay darajada samarali ishlashi, natijalarni ko`rsatishi va sezgirligi jihatidan bir-biridan ozgina farq qiladi. Quyida hozirgi kunda eng ommabop bo`lgan homiladorlik testlari keltirilgan:
Elektron raqamli testning ishlashi boshqa turdagi testlardan farq qilmaydi. Farqli tomoni shundaki, natija qayd etilganda “homilador” va “homilador emas” belgisi, shuning- dek homila necha haftalik bo`lgani koʻrinadi. Ushbu homiladorlik testi kutilgan kechikishdan olti kun oldin, kunning istalgan vaqtida oʻtkazilishi mumkin. Test sterjenini peshobda ushlab turish yoki peshob to`plangan idishga solishning o`zi kifoya qiladi. Aynan elektron raqamli test erta homiladorlikda 99 % aniq natijani koʻrsatib beradi. Agar natija aniq chiqishini xohlasangiz tongi peshobni tanlash ayni muddaodir.
Homiladorlik testi turlari ichida bu kabi homiladorlik testi ishlatish hamda tuzilish jihatdan juda oson va sodda. Natijani bilish uchun faqatgina o‘ramdan birgina chiziqli qog‘oz olib, uni siydik bilan to‘lgan idishga 10-30 soniyaga solish kifoya qiladi.
Planshet testining ishlash tarzi boshqa turdagi testlar kabidir, lekin bunda tongi peshobni maxsus kassetaga tomchilatish kerak bo`ladi, natija 3-7 daqiqa davomida tayyor bo`ladi. Planshet testining qulay tarafi shundaki, peshobni idishga to`plash shart emas, shunchaki peshob pipetka yordamida kassetaning yuza qismiga tomiziladi.
Tomchili usul eng aniq va qulay usullardan biri hisoblanadi. Bu usul kunning har qanday qismida o‘tkazilsa bo‘ladi, asosiysi peshob siydik qopida 4-5 soat davomida saqlangan bo‘lishi lozim. Bundan tashqari, bu usul homiladorlik testi turlari ichida gigiyenik jihatdan ham ancha qulayligi bilan ajralib turadi, chunki peshobni idishga to`plash yoki tomchilatib tomizish talab etilmaydi, shunchaki testning maxsus uchini peshobga bir necha soniya davomida tutib turilsa, shuning o`zi yetarlidir.
Aksariyat retseptsiz sotiladigan testlarda bir yoki ikkita chiziqcha mavjud bo`lib, bavl qilinayotgan paytda test tutiladi va natija (ijobiy yoki salbiy) bir necha daqiqadan so’ng paydo bo’ladi. Agar ushbu turdagi test yoʻriqnomaga muvofiq toʻgʻri amalga oshirilsa, ishonchlilik darajasi 99 % gacha yetishi mumkin. Ushbu testdan foydalanishdan oldin maxsus yoʻriqnoma bilan tanishib chiqish kerak, chunki testlar ishlash tamoyili jihatidan bir xil boʻlsada, natijani aniqlash aniqligiga koʻra bir-biridan farq qiladi. Agar ushbu turdagi homiladorlik testidan foydalanish noqulaylik tug`dirsa, boshqa turdagi test, masalan, “homilador” yoki “homilador emas” degan yozuvni ko`rsatuvchi homiladorlik testidan foydalanish mumkin. Avvallari, peshobni kunning birinchi qismidan boshlab tekshirish talab etilar edi, bugungi kunga kelib kunning istalgan paytida to’plangan peshopdan foyda- lanish mumkin. Homiladorlik testini oʻtkazishdan oldin koʻp suyuqlik ichmaslik tavsiya etiladi, chunki suv siydikni suyultirib, uning tarkibidagi gormon miqdorlarini oʻzgartirishiga sabab boʻladi. Agar testni to’g’ridan-to’g’ri peshobga tutish qiyinchilik tug`dirsa, peshobni biror-bir idishga to`plash va unga testni botirib 10-30 soniyada natijani bilib olish mumkin.
Bugungi kunda homiladorlik testi deyarli barcha turdagi dorixonalarda sotiladi. Ushbu testlarni dorixonalardan xarid qilish maqsadga muvofiq hisoblanadi, chunki ularda testlarni sotishning barcha qonuniy asoslari mavjud. Bundan tashqari, dorixonalarda ushbu test qurilmalar normal sharoitda saqlanadi hamda ularning sifati kafolatlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti
Portalda eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.