Boladagi o‘zgarishlar:
Kichkintoyingiz boshida sochlar paydo bo‘ldi. Terisi hali juda nozik bo‘lib, rangi pushtidan ko‘ra qizg‘ishga yaqinroq. Homilani o‘rab turgan suvlar sutkasiga 8-10 marotaba «yangilanadi»! Bu ularning kerakli kimyoviy moddalarni saqlagan holda (suv, mineral va organik moddalarning nisbati) mikroblardan xoli bo‘lishiga yordam beradi.
Onadagi o‘zgarishlar:
Sizni homiladorlik vaqtida gormonal o‘zgarishlar sababli xotirangiz yomonlashgani bezovta qilishi mumkin. Hattoki, eng aqlli, qobiliyatli, tartibli va mulohazali ayollar ham kutilmaganda muhim uchrashuvlarni yoddan chiqarganini, fikrini jamlay olmayotganini sezadilar. Yaxshiki, bu holat vaqtinchalik bo‘lib, tezda o‘tib ketadi.
Bundan xavotirga tushish ahvolingizni yanada murakkablashtiradi. Shuning uchun uni tabiiy hisoblab, hazil tuyg‘usi bilan yondoshing. Uyda va ishda qilishingiz lozim bo‘lgan ishlaringizni yozib boring. Bu sizni ba’zi tashvishlardan ozod qiladi. Yodingizda bo‘lsin, sizning bu holatingiz butun homiladorlik davrida (gormonal o‘zgarishlar natijasida) va farzandingiz tug‘ilganidan so‘ng (charchoq sabab) bir necha haftagacha davom etishi mumkin. U faqatgina bolangiz tuni bilan uyg‘onmay uxlaydigan bo‘lganida o‘tib ketadi. Homiladorlikning ikkinchi uch oyligi avvalida ko‘pchilik ayollarda gormonal o‘zgarishlar natijasida ozgina bo‘g‘ilish, nafas qisishi kuzatiladi. Kattalashgan bachadonning diafragrammaga bosim o‘tkazishi sabab chuqur nafas olish borgan sari qiyinlashadi. Homilador ayol uchun bu tabiiy hol, bundan xavotirlanib, bezovta bo‘lish kerak emas.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti
Portalda eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.