Farzandingiz barcha tirik jon kabi o‘sishi uchun quvvat (kaloriya) va ozuqaviy moddalar (oqsil, yog‘, uglevod, vitamin, mineral moddalar)ga muhtoj. Bolangiz bu narsalarni agar to‘g‘ri oziqlansangiz, yetarli miqdorda qabul qilib, sog‘lom tug‘iladi. Ona organizmi tabiatan bolani keragicha ta’minlash uchun moslashgan. Homiladorlik, albatta, vazn ortishi bilan kechadi. Har qanday sog‘lom ayol bu davrda o‘rtacha 12 kg qo‘shimcha vazn yig‘adi. Bu ko‘rsatkich umumiy berilgan. Har bir ayolda vazn ortishi turlicha bo‘lishi mumkin. To‘ladan kelgan, gavdali ayollarda ko‘proq, aksincha, ozg‘in, jussasi kichkina ayollarda bu ko‘rsatkichdan kamroq bo‘lishi mumkin. Lekin bolaning sog‘- salomat tug‘ilishi uchun ko‘p ham ortiqcha vazn to‘plamagan ma’qul.
Kaloriya (to‘g‘rirog‘i, kilokaloriya) organizmda yoqilg‘i sifatida a’zolar o‘z vazifasini bajarishiga xizmat qiladi. Har bir ozuqa moddasi tarkibiga ko‘ra turlicha kaloriyaga ega. Masalan, oqsil va uglevodlar 1 gramm moddada 4 kaloriya, yog‘lar esa taxminan 9 kaloriya atrofida bo‘ladi. Ayollar bir kunda 1800-2000 kaloriya iste’mol qiladilar. Ko‘pchilik ayollar homiladorlik vaqtida ham avvalgidek ovqatlanadilar. Bu ularning o‘zlarini yaxshi his qilishlariga, homilalarining sog‘lom o‘sishiga xalaqit qilmaydi. Organizmingizga quloq solib, yegingiz kelgan narsalarni yeng. Ikki kishi uchun oziqlanish ikki barobar ko‘p yeyish kerak, degani emas, balki ikki barobar sifatli ovqatlanish deganidir.
Birinchi navbatda bo‘lajak onaga oqsil zarur. Uning tarkibiga kiruvchi aminokislotalar odam to‘qimasi hujayralarining «quruvchi materiali» hisoblanadi va bolaning o‘sishida o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Homilador ayol kuniga 75-100 gr oqsil tanovul qilishi lozim. Bu taxminan har kuni 3 stakan sut, 0,5 kg tvorog, 2 ta tuxum va 100 gr go‘sht yoki baliq deganidir. Go‘sht (mol, kurka, tovuq), baliq (shu jumladan, qisqichbaqa), sut va sut mahsulotlari (tvorog, qatiq, pishloq), dukkaklilar, yong‘oq oqsil moddasiga juda boy. Homilador ayol taomidagi oqsil moddasi ko‘p bo‘lsa ham, yengil hazm bo‘lishi lozim. Yaxshisi, ularni turlicha qilib, almashtirib iste’mol qilish maqsadga muvofiq. Chunki go‘sht va baliq tarkibida temir moddasi bo‘lsa, sutli mahsulotlar kalsiyga boy, donli va dukkaklilar esa organizmga turli vitamin va minerallarni yetkazib beradi. Uglevodlar Uglevodlar organizmga quvvat ato etadi. Ularning «chaqqoni» bir zumda ochlik hissini yo‘qotib, kuchga kirgizadi, lekin bu ko‘pga cho‘zilmaydi. Ular shokolad, shakar va kremli shirin pishiriqlardir. Bu turdagi shirinliklar tanada yog‘ qatlami sifatida to‘plangani uchun ham ularning foydasidan zarari ko‘proq. Non, bo‘tqa, makaron, sabzavotlar sekin parchalanuvchi aralash uglevodlardan iborat. Ular organizmdagi qand miqdorini ko‘taradi va ancha vaqtgacha ushlab turadi. Bundan tashqari, ushbu mahsulotlar oshqozon-ichak faoliyatini yaxshilaydi, ich qotishi va ko‘ngil aynishining oldini oladi. Eng asosiysi, ular vazn ortishiga sabab bo‘lmaydi.
Yog‘lar ham homilador ayolning ozuqasida bo‘lishi lozim. Ular organizmni quvvat bilan ta’minlaydi. Go‘sht, sut, zaytun kabi mahsulotlarda bo‘ladi. Shuningdek, o‘simlik yogi, sariyog va margarinda ham ko‘p miqdorda yog‘ moddasi bor. Yaxshisi, ular to‘yinmagan yog‘lar bo‘lsin. Dasturxoningizdagi sariyog‘ sifatli bo‘lmasa, unda foydali moddalar juda kam. Bunday sariyog‘ sariq va qattiq bo‘ladi. Yog‘lar bilan birga organizmimizga ishlab chiqarilmaydigan ba’zi ozuqa birikmalari ham tushadi. Bular bola miyasining rivojlanishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatuvchi ayrim asosiy kislotalaridir. A, D, Ye vitaminlari shular jumlasidandir. Ular pista, zaytun, yeryong‘oqda bo‘lib, me’yorida iste’mol qilinsa, zararsizdir. Kundalik yog‘ miqdorini 4 oshqoshiq yog‘ yo mayonezda yoxud 400 gr yog‘siz go‘shtda yoki 8 ta tovuq tuxumida, shuningdek, 16 oshqoshiq smetanada topishingiz mumkin. Albatta, eng ma’quli yetarli yog‘ miqdorini turli mahsulotlardan olgan yaxshi. Buterbrodlarda sariyog‘, salatlarda o‘simlik yog‘idan foydalanish maqsadga muvofiq va baliq yog‘ini ham iste’mol qilishni unutmaslik kerak.
S vitamini organizmda to‘qimalarning qayta tiklanishi, jarohatlarning tez bitishiga xizmat qiladi. Bola uchun esa to‘g‘ri o‘sishi, suyaklarining mustahkam bo‘lishi va tishlari uchun zarur. Bu vitaminning alohida xususiyati shundaki, u organizmda saqlanib turmaydi. Shuning uchun uni har kuni ozuqa orqali qabul qilish kerak. Vitamin S asosan sitrus mevalarda ko‘proq bo‘ladi. Xarid qilishda greypfrut, apelsin yoki mandarindan qaysi birini tanlashni bilmasangiz, albatta, birinchisiga e’tibor qiling. Aynan greypfrut o‘zida S vitamini ko‘pligi bilan maqtana oladi. Tug‘ilajak farzandning sog‘ligiga ham xavfsiz. Mandarin esa foydasi ozligi va allergiya chaqiruvchiligi sababli bu ro‘yxatning oxiridan o‘rin olgan. Lekin bu vitamin faqatgina sitrus mevalarda bo‘ladi, degani emas. Vitamin S qulupnay va malinada, pomidorda, gulkaramda, shovulda ham topiladi. Bu mahsulotlarni yangiligida, endi uzilganida iste’mol qilish maqsadga muvofiq. S vitaminining yorug‘likda uzoq vaqt bo‘lishi va ko‘p qaynatilishi uning yo‘qolishiga olib keladi.
Kalsiy suyak tuzilishida muhim ahamiyatga ega moddadir. Agar homilaga onasi ozuqasidagi kalsiy yetarli bo‘lmasa, o‘ziga kerakligini onasining suyak va tishlarini yemirish yo‘li orqali oladi. Shuning uchun homilador ayolning salomatligi va tug‘ilajak bolaning sog‘lom bo‘lishida kalsiyning ahamiyati katta. Bundan tashqari, kalsiy qon bosimiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Unutmaslik lozimki, iste’mol qilinadigan kal- siyning faqatgina 30% i organizm tomonidan o‘zlashtiriladi. Shuning uchun homilador ayolga 1000- 1200 mg kalsiy qabul qilish tavsiya etiladi. Sut, qatiq, tvorog va kefirda kalsiy ko‘p. 3 stakan sut yoki 800 gr tvorog kundalik qabul qilinadigan kalsiy miqdorini ta’minlaydi. 1 litr sutda 1200 mg kalsiy bor. Sut mahsulotlaridagi kalsiy boshqalariga nisbatan yaxshi o‘zlashtiriladi. Shuningdek, u baliqda, go‘shtda va nonda ham uchraydi. Bodom, yeryong‘oq va quruq mevalarda ham kalsiy moddasi bor. Albatta, bu miqdordagi kalsiyni bir o‘tirishda qabul qilib bo‘lmaydi. Shuning uchun uni kun davomida uch-to‘rt marotaba turli mahsulotlardan olishga harakat qiling.
Vitamin V guruhi suli bo‘tqasida ko‘p bo‘ladi. Grechkadan qilingan bo‘tqa va shurguruch keyingi o‘rinda turradi. Vitamin V don qobig‘ida bo‘lgani uchun kamroq ishlov berilgani maqsadga muvofiq. Shuningdek, bu guruh vitaminlar qora non, karamda uchraydi.
Vitamin A homilaning o‘sishi va rivojlanishida katta rol o‘ynaydi. U o‘sayotgan to‘qima, teri qoplamasi, ko‘z ravshanligi va suyaklar uchun zarur. Bu vitamin ikki xil – A vitamini va beta-karotin yoki provitamin shaklida bo‘lib, organizmimizda A vitaminiga aylanadi. Avvalgisi hayvon yoglarida, keyingisi esa sariq rangdagi sabzavotlarda, mevalarda va ko‘katlarda uchraydi. A vitaminini keragidan ortiqcha qabul qilish xavfli bo‘lib, homila tug‘ma nuqsonlar bilan tug‘ilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Uni ovqat bilan qabul qilganingizda bundan qo‘rqmasangiz ham bo‘ladi. Lekin qo‘shimcha vitaminlar qabul qilganingizda avval vrachingiz bilan maslahatlashganingiz yaxshi.
Foliy kislotasi yangi to‘qimalarning o‘zaro birikishi, ularning bo‘linishi va yangilanishi uchun zarur. Shunday ekan, paydo bo‘lgan kunidan boshlab katta tezlik bilan a’zolari rivojlanib o‘sayotgan homila uchun uning nechog‘li ahamiyatga egaligini aytib o‘tish shart emas. U tug‘ilajak farzandingizning miyasi rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Foliy kislotasi yetishmasligi homilaning o‘sishdan orqada qolishiga va, hattoki, muddatidan ilgari tug‘uruqlarga olib kelishi mumkin. Yangi sabzavotlar (shirin qalampir, sabzi, karam), mevalar (o‘rik, turshak, shaftoli, qulupnay, banan, qovun), pishloq va jigar bukislotaga boy. Biroq uni faqat ozuqa orqali qabul qilish yetarli emas. Barcha vitaminlar kabi u ham organizmimizda uzoq oq vaqt saqlanib turmaydi. Homilador bo‘lganingizni bilgan kuningizdan foliy kislotasiga boy mahsulotlardan ko‘proq iste’mol qiling. Yana ham yaxshisi, buni ona bo‘lishni istagan kuningizdan boshlang.
Temir moddasi eritrotsitlar tarkibida bo‘lib, gemoglobin hosil qilishda ishtirok etadi. U esa o‘z navbatida to‘qimalarni kislorod bilan ta’minlaydi. Ortiqcha temir moddasi jigarda zaxira sifatida turadi. Homiladorlik vaqtida temir moddasiga bo‘lgan ehtiyoj ortadi. Chunki homila shaxsiy temir zaxirasini to‘play boshlaydi. Oxirgi oylarga borib bu talab 6-8 marotabaga oshadi. Buni qondirish uchun esa oldin to‘plangan zaxira bo‘lishi lozim. Temir moddasi yetishmagan homilador ayolda va tug‘ilajak farzandida kamqonlik boshlanishi mumkin. Buni vaqtida aniqlash uchun doimiy tizimli qon tahlili o‘tkazib boriladi. Yetarlicha temir moddasi zaxirasiga ega bo‘lmagan bo‘lg‘usi onaning anemiyaga chalinish ehtimoli ko‘proq. Agar siz bilan ham shunday holat ro‘y bersa, sarosimaga tushmang. Shifokoringiz tarkibida temir moddasi bo‘lgan mahsulotlardan ko‘proq iste’mol qilishingizni aytib, kerakli dorilarni yozib beradi. U mol go‘shtida, jigarda, bo‘tqalarda, karamda, qovunda ko‘p miqdorda bo‘ladi. Temir moddasi vitamin S bilan yaxshi o‘zlashtiriladi. Ko‘p miqdorda achchiq choy ichmang. Undagi tein moddasi temirning o‘zlashtirilishiga to‘sqinlik qiladi.
To‘g‘ri ovqatlanish homiladorlik davridagi bir qancha muammolarning oldini oladi. Ma’lumki, bo‘lajak ona o‘z vaznini nazorat qilib borishi kerak. Keragidan ortiqcha vazn to‘playotganingizni sezsangiz, turli ko‘rinishlarda ko‘proq karam yeng. Ananas ham organizmda ortiqcha yog‘lar yig‘ilishiga yo‘l qo‘ymaydi. Qo‘l va oyoqlar shishganda taomnomangizdan tarkibida tuz ko‘p bo‘lgan mahsulotlarni chiqarib tashlang. Bular qatoriga kolbasa va sosiskalar ham kiradi. Bunday shishlarda shifokoringiz sizga kamroq suv ichishingizni tavsiya qiladi. U bilan maslahatlashib, suv o‘rniga bodring yoki tarvuz yeyishingiz mumkin. Shunda ham foyda bermasa, homiladorlikdagi shishlarni yo‘qotishning boshqa usullari ham bor. Kuniga ikki litr suv iching. Suyuq ovqat va sut tarkibidagi suv miqdori ham shuning ichida. Albatta, boshlanishiga bunday parhez sizga qiyinchilik tug‘diradi. Buning ustiga avval nima yeganingizga e’tibor qilmagan bo‘lsangiz. Lekin yodingizda bo‘lsin, sizning ixtiyoringizda faqatgina to‘qqiz oy bor, xolos. Shu vaqt ichida siz tug‘ilajak farzandingizning kelajagiga yaxshigina mustahkam asos yaratishingiz mumkin. Mana shu to‘qqiz oy ichida bolangizning sog‘ligi va rivojlanishi butunlay sizning qo‘lingizda bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti
Portalda eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.