Ehtimol, har birimiz o’zimizda bir necha bor stress nima ekanligini his qilganmiz. Erta uyg’onish, ertalabki shovqin-suron, nonushta tayyorlash, yo’ldagi tirbandliklar, rahbar va oila a’zolari tomondan bosim, xususan, vaqti-vaqti bilan takrorlanadigan boshqa stressli holatlarga duch kelganmiz.
Stress – psixologik bezovtalik manbai hamda ko’plab surunkali kasalliklarni qo’zg’atuvchi omildir. Uni yengish, sog’liq bilan bog’liq muammolarni oldini olishning muhim qismidir. Ushbu maqolada biz stressni tezda bartaraf etishga yordam beradigan samarali usullar haqida suhbatlashamiz.
Stress holatiga tushmaslik uchun, bir vaqtning o’zida bir nechta ish bajarmang. Har bir vazifani begona omillarga chalg’imasdan oxirigacha yetkazing. Agar ish faoliyatingiz sizga faqat bitta ishni bajarishga imkon bermasa, vazifalar ustuvorligini belgilab jadval tuzing va vazifalar bajarilishi uchun muddat belgilab, ularni ajratilgan vaqt kesimida amalga oshiring.
Stressli vaziyatda tushkun holatga tushganingizda, nafas olish mashqlarini bajaring. Agar siz nafasni to’g’ri tartibga solsangiz, siz asab va mushaklarning tarangligi, hissiy beqarorlik va vahimani yengillashtirasiz. Har qanday stressli vaziyatda to’g’ri nafas olish – har doim yordam beradigan samarali o’zini o’zi boshqarish usulidir. Avval nafasingizni tinglashingiz va to’liq o’pkada nafas olib, chiqarishingiz kerak. 7-8 nafar chuqur nafas olish va chiqarish natijasida, siz nafaqat o’zingizni yengilroq his qilasiz, balki jahl ustida qarorlar qabul qilishdan saqlanasiz.
Qo’l kaftlarini bir-biriga ishqalang. Stressli vaziyatda diqqatni jamlash va kayfiyatni ko’tarish muhimdir. Shuning uchun, siz kaftlaringizni bir-biriga silang yoki quloqlaringiz qizib ketguncha ishqalang. Ushbu tavsiyadan juda ko’p foydlaniladi, chunki u istalgan vaqtda va istalgan joyda qo’llanilishi mumkin. Qo’shimcha vaqt yoki moslamaning hojati yo’q.
Atrof-muhitni tozalang, tartibga soling. Ajablanarlisi shundaki, yon-atrof, xonadonni va turli jismlarni tozalash va oddiygina bir joydan olib, boshqa joyga qo’yish – fikrlarni tartibga solishga yordam beradi. Shu bilan birga, sevimli musiqangizni qo’yishingiz diqqatni jamlash va kayfiyatni ko’tarishga ko’maklashadi.
Piyoda yuring. Toza havoda biroz sayr qilish kabi ba’zi jismoniy faoliyat fikrlaringizni tartibga solishga va sizni tinchlantirishga yordam beradi. Bunday sayr paytida baxt gormoni – endorfin darajasi ko’tariladi. Og’ir fikrlar yo’qoladi, ammo yangi foydali g’oyalar sizning hayolingizga kelishi mumkin.
Agar siz biron bir vaziyatdan asabiy bo’lsangiz, o’zingizga savol bering: ushbu vaziyatda biron nima qila olasizmi? Agar javobingiz salbiy bo’lsa, unda ushbu vaziyat va uning natijasi sizning nazoratingizdan tashqarida bo’lganligi bilan murosaga kelishingiz va boshqa ishga chalg’ishga harakat qilishingiz kerak. Agar vaziyatga ta’sir eta olsangiz – tashvishlanmasdan, to’g’ridan-to’g’ri muammoni hal qilishga kirishing.
Efir moylaridan nafas oling. Lavanda, bergamot, atirgul, sandal daraxti aroma moylari tinchlantiruvchi effektga ega bo’lib, osoyishtalik hissini beradi.
Miyani boshqa fikrlar bilan mashg’ul qiling, yoqimli narsalarni rejalashtirishni boshlang. Masalan, bir necha oydan so’ng farzandingiz ta’tili yoki tug’ilgan kunini rejalashtirishni boshlashingiz mumkin. Bunday yoqimli ishlar muammolardan chalg’itadi.
Haftada kamida bir marta o’zingizga yoqimli ishni bajaring. Do’stlar bilan uchrashing, raqsga tushing, mazali taomlarni iste’mol qiling, kompyuter yoki stol o’yinlarini o’ynang va h.
Agar hech narsa yordam bermasa, va siz o’z kuchingiz bilan stressni yengishingiz qiyin, deb hisoblasangiz, mutaxassisga murojaat qiling, ehtimol sizda depressiya mavjud.
Mamlakatimizda psixoterapiya hali ham juda mashhur xizmat emas, ammo ko’plab insonlar uning imkoniyatlarini ijobiy baholamoqda. Stereotiplardan farqli o’laroq, bu nafaqat “notanish odam bilan pul uchun gaplashish”, balki, tajribali mutaxassis sizni stress holatiga olib keladigan muammoni aniqlay oladi, vaziyatni o’zgartirish imkoniyatlarini xolis baholaydi va amalga oshirilgan harakatlarning muvaffaqiyatini kuzatadi. Hatto bir necha haftalik muntazam konsultatsiyalar ham bemorlarga ruhiy holat va oldindan hal qilib bo’lmaydigan bo’lib tuyulgan, hulqi bilan bog’liq muammolarni hal etishda ham yordam beradi.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti
Portalda eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.